Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Ravshan Ismoilov - Uztelecom aksiyadorlik jamiyati xodimi;
Abdug‘ani Inoyatov - shifokor;
Saidkamol Abdurazzoqov - menejyer;
Farrux Rafiqov - muhandis-loyihachi (jamoa sardori);
Azizbek Abdullayev - ilmiy tadqiqotchi;
Mirjalol Kattayev - menejyer.

Tajribali Farrux Rafiqov jamoasi 2023 yilning yozgi mavsumi uchinchi o‘yinida ishtirok etadi.

1-raund savoli Xurshid Do‘stmuhammadning “Bozor” romani haqida bo‘ldi. O‘yinning ilk savolida jamoada to‘g‘ri variant chiqqan bo‘lsa-da, yakunda boshqa variant tanlandi. Mavsumning avvalgi ikki o‘yini kabi bunisida ham hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda Albert Eynshteyn fikri asosida tuzilgan savol o‘ynaldi. Olim fikricha, insoniyat nimasiz 4 yildan oshiq yasholmaydi, degan savolga jamoa klub yordamidan foydalangan holda to‘g‘ri javob berdi va hisobni tenglashtirdi. Hisob – 1:1.

3-raund savoli AQShdagi ayyor fermerlar nega temir yo‘llarga tuz sepib qo‘ygani haqida bo‘ldi. Bu savolga jamoa to‘g‘ri javob topa olmadi va hisob yana teletomoshabinlar tomoniga og‘di – 1:2.

Navbatdagi raund savoli xorijdagi kiyim do‘konlariga o‘rnatiladigan kun, tun, shom nomli chiroq o‘chirgichlar haqida bo‘ldi. Ushbu savolga jamoaga yangi qo‘shilgan Abdug‘ani Inoyatov muddatidan oldin to‘g‘ri javob berib, jamoasiga nafaqat bir ochko, balki qo‘shimcha 1 daqiqa vaqt ham olib keldi. Hisob – 2:2.

5-raundda Vetnam urushida AQSh askarlarining kaskalari nega to‘r bilan o‘ralgani haqidagi savol o‘ynaldi. Jamoaning mazkur savolga bergan javobi noto‘g‘ri deb topildi va hisob 2:3 ko‘rinishiga keldi.

Keyingi raund savoli prezident Jon Kennedi tomonidan aytilgan hazilomuz gap haqida bo‘ldi. Ushbu savol jamoaga qiyinchilik tug‘dirmadi va hisob yana tenglashdi. Hisob – 3:3.

7-raundda bolgar yozuvchisi Bogomil Raynovning bir asarida yozuvchilikka o‘xshatilgan kasb haqida savol o‘ynaldi. Jamoa har qancha izlamasin, to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Hisob – 3:4.

Keyingi raundda ham jamoaning ishlari yurishmadi. Yapon choyxo‘rlik marosimi haqidagi chuqur mantiqli savol hisobni 3:5 ko‘rinishiga keltirdi.