19:00 / 23.07.2023
43482

Mbappe uchun ayyorona sxema va Messi uchun tuzilayotgan jamoa. So‘nggi transfer xabarlari

Yozgi transferlar davom etmoqda, navbatdagi kunda ham qator futbolchilarning yangi klublari nomi ma’lum bo‘ldi. Quyida so‘nggi kunning eng qiziqarli transfer xabarlari dayjesti.

Foto: Reuters

Mbappe Saudiyaga boradimi?

Kilian Mbappe «PSJ»ning Yaponiyaga turnesidan tushirib qoldirilishi va u transferga qo‘yilishi bilan bog‘liq tarix davom etadi. Le Parisien nashri tasdiqlashicha, parijliklar yulduz futbolchisini agar shartnomasini 2025 yilga qadar uzaytirmasa yoki shu yozda boshqa klubga o‘tmasa, bir yil mobaynida o‘yin amaliyotisiz qolishi mumkinligidan xabardor qilgan. Bungacha faqat shunday ishoralar bor edi, ammo bu safargi manba — juda jiddiy, gap Fransiya chempioni ichidagi manba haqida ketmoqda.

Ammo tomonlar hozircha boshi berk ko‘chada, Mbappe ketishni istamayapti va klubda qolib «sodiqlik» ko‘rsatishi uchun yirik miqdordagi bonusdan ham umid qilmoqda. O‘z navbatida, «PSJ» ushbu forvardni sotqin deb hisoblaydi, chunki u klubdan tekinga ketmaslik to‘g‘risidagi va’dasini buzish bilan cheklanmasdan, parijliklar rahbariyati versiyasiga ko‘ra, keyingi yilda erkin agent bo‘lib borish bo‘yicha «Real» bilan dastlabki kelishuvga ham erishgan. Madridliklar Parij klubining hozirgi moliyaviy talablarini qondirishga tayyor emas.

Bu inqirozdan qanday chiqish mumkin? Agar jurnalist Ben Jyeykobsning ma’lumotiga ishonilsa, aqlli yechim Saudiya Arabistonidan kelgan. Manba Mbappe bilan bir mavsum uchun shartnoma imzolamoqchi bo‘layotgan klub nomini aytmagan, ammo bu holatda «PSJ» pul ishlab oladi, 2024 yil yozida esa fransuz forvardi baribir erkin agent sifatida Madridga yo‘l oladi. Katta ehtimol bilan, gap Saudiyaning eng sovrindor jamoasi «Al-Hilol» haqida bormoqda, bu klub Lionel Messini safiga qo‘shib olish uchun besamar uringandi va hozirda Harri Keyn bilan ham muzokaralar o‘tkazmoqda. Ammo «Bavariya»ni orzu qilayotgan angliyalik hujumchini «PSJ» taklifi o‘ziga jalb qilmasa, saudiyaliklarda imkon yo‘qligi aniq. Albatta, Mbappe ham o‘yin amaliyoti va hatto katta pul evaziga bo‘lsa ham Osiyoga kelishi ehtimoli juda kam.

«Marsel» «Chelsi»ga kerak bo‘lmagan top-forvardni qo‘lga kiritdi

«Chelsi» yozda futbolchilarini yoppasiga sotmoqda. Klubni allaqachon 10 dan ortiq futbolchi tark etdi. Navbatdagisi esa Per-Emerik Obameyang bo‘ldi. Maurisio Pochettinoning rejalaridan o‘rin olmagan gabonlik futbolchi Fransiya chempionatiga qaytdi va «Marsel» bilan shartnoma imzoladi. Kelishuv 2025 yil yoziga qadar mo‘ljallangan, unda kelishuvni yana bir yilga uzaytirish bo‘yicha band bor. Obameyang «Marsel» safiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi. Provansalliklar uchun a’lo darajadagi transfer.

Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, «Marsel» Angliyadan yana bir futbolchini Fransiyaga qaytarmoqda. «Uotford» yarimhimoyachisi Ismaila Sarr 20 mln yevroga transfer qilinadi va u bilan besh yillik shartnoma imzolanadi.

«Yuventus» Arturni yana ijaraga berdi

Ushbu braziliyalik yarimhimoyachi o‘tgan mavsumni «Liverpul»da o‘tkazdi, ammo jamoa tarkibiga kira olmadi. Artur Ramos amalda hamisha jarohatda bo‘ldi va Yurgen Klopp jamoasiga mutlaqo yordam bera olmadi.

U endi yana ijaraga berildi. 26 yoshda bo‘lgan Artur «Fiorentina»ga qo‘shildi, bu jamoa «Yuve»ga bir yillik ijara uchun 2+2 mln yevro o‘tkazib beradi. Kelishuvda mavsum yakunida 20 mln yevroga sotib olish huquqi to‘g‘risida band ham mavjud. Turin klubi futbolchining bir yillik maoshining yarmini to‘lab berishi kerak — bu esa 5,5 mln yevro degani.

Umtiti «Lill»ga o‘tdi

Bir necha yil muqaddam Samuel Yevropaning eng yaxshi himoyachilaridan biri sanalardi. Endi ushbu fransuz 29 yoshga chiqdi, Transfermarkt uning transfer qiymatini 4 mln yevroga baholagan, «Barselona» bilan shartnomasi esa bekor qilindi. Futbolchi erkin agentga aylandi va «Lill»ga o‘tdi. Shartnoma 2025 yilga qadar mo‘ljallangan.

«Milan» «RB Leypsig» hujumchisini sotib oldi

Italyan klubi tarkibini Noa Okafor bilan kuchaytirib oldi. Shveytsariya milliy jamoasining 23 yoshli forvardi transferi «Milan»ga 14 mln yevroga tushdi. Futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolangan, unga ko‘ra yiliga bonuslardan tashqari 2 mln yevro miqdorida maosh to‘lanadi. Okafor yangi jamoasida 17-raqamli futbolkada to‘p suradi.

Okafor zalsburgliklar safida 110 o‘yin o‘tkazib, 34 ta gol muallifiga aylangan. 

Janluka Di Marsio milanliklar «Vilyarreal»dan Samuel Chukvezeni ham sotib olishini xabar qildi. Kelishuv haqida tez orada e’lon qilishi, «rossonerilar» bu transfer uchun 25 mln yevro to‘lashi aytilmoqda. Chukveze «Milan» bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib olgan, unga ko‘ra yiliga 4 mln yevro maosh oladi va «San-Siro»da besh yil o‘ynaydi.

Arno Danjuma APLda qoldi

«Vilyarreal» forvardi Arno Danjuma faoliyatini APLda davom ettiradi. «Everton» klubi asli nigeriyalik hujumchini bir mavsumga ijaraga oldi. Arno 10-raqam ostida to‘p suradi. 

Niderlandiya milliy jamoasi a’zosi o‘tgan mavsum «Tottenhem»ga ijaraga berilgan va u APLda 9 o‘yinda atigi bitta gol urdi.

Mussa Diabi «Aston Villa»da 

«Aston Villa» «Bayyer» vingerini o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qildi. Transfer uchun birminghemliklar Leverkuzen klubiga 50+10 million yevro to‘laydi. Fransiyalik futbolchi bilan 5 yillik shartnoma imzolandi.

24 yoshli futbolchi o‘tgan mavsum «Bayyer» safida Bundesligada 33 o‘yinda maydonga tushib, 9 gol va 8 assist qayd etgan.

Aleks Telles ham Saudiyada

«Manchester Yunayted» himoyachisi Aleks Telles faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettiradi. «An-Nasr» klubi 30 yoshli braziliyalik himoyachi bilan 2025 yilgacha shartnoma imzolanganini e’lon qildi. Arab klubi «MYu»ga transfer uchun 10 million yevroga yaqin mablag‘ to‘laydi. Futbolchining Ar-Riyod klubidagi yillik maoshi 7 mln yevroni tashkil etadi.

Telles o‘tgan mavsum «Sevilya» safida ijarada to‘p surib, Yevropa ligasi g‘olibiga aylangandi. 

Messi va do‘stlari

Lionel Messi «Inter Mayami»da o‘zini uyidagidek his qila boshladi. Shu kunlarda argentinalik futbolchi Meksikaning «Krus Asul» klubi darvozasiga jarimadan g‘alaba golini urdi va maydonda eski do‘sti Serxio Buskets bilan avvalgidek bir-birini yaxshi tushunib o‘ynashini namoyish etdi. Yaqin vaqtlar ichida Amerika jamoasida uning Kataloniyadagi do‘stlaridan yana biri — Jordi Alba debyut qiladi. Navbatda esa — Luis Suares. Avvalroq urugvaylik futbolchi yana Messi bilan birga to‘p surish uchun «Gremio» bilan shartnomasini bir tomonlama bekor qilishga tayyorligi xabar qilingandi, bu esa unga 10 million yevroga tushadi. Ammo, vaziyat silliq kechishi ham mumkin. Jurnalist Gaston Edulning ma’lumotiga ko‘ra, Suares bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishilgan, endi esa «Inter Mayami» va «Gremio» o‘rtasida muzokaralar boshlanishi kerak. Bu muzokara muvaffaqiyatli chiqishi ehtimoli yuqori.

Andres Iniyesta ham MLS chempionatiga yo‘l olishi mumkin. Offsider xabariga ko‘ra, 39 yoshli ispaniyalik «Inter Mayami» bilan shartnoma borasida kelishib olgan. Ushbu futbolchi 2018 yildan buyon Yaponiyaning «Vissel Kobe» klubida o‘ynab kelayotgandi. 2023 yil yozida shartnoma muddati yakunlandi. Endi Iniyesta erkin agent maqomida. Shunday ekan, xotirjamlik bilan eski do‘stlari oldiga borishi mumkin. Bu afsonaviy «Barsa»ning AQShda tiklanishi bo‘ladi.

Hoylund o‘rniga Kolo-Muani

Foto: GABRIELE MALTINTI/GETTY IMAGES

«MYu» «Atalanta»dan Rasmus Hoylundni transfer qilishda muammoga uchradi. L’Equipe xabariga ko‘ra, ushbu daniyalik yosh forvardga «PSJ» asosiy da’vogarga aylangan. Parijliklar klubi sport direktori Luish Kampush bir necha haftadan buyon ushbu 20 yoshli futbolchining atrofidagilar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Rasmus o‘tgan mavsumda «Atalanta» safida 34 o‘yinda qatnashdi va 10 gol urib, ikki golga uzatma berdi. Transfermarkt portali uning transferini 45 mln yevroga baholagan.

«Qizil iblislar» esa endi muqobil variantlarni o‘rganmoqda va Randal Kolo-Muani transferini o‘ylab ko‘rmoqda. Bungacha fransiyalik hujumchi uchun qo‘yilgan narx «Bavariya»ni ortga qaytargandi, ammo «Ayntraxt» yon bermayapti va bundesligada atigi bir mavsum o‘ynagan futbolchi uchun «MYu»dan 80 million funt so‘ramoqchi.

«Chelsi» Fransiyadagi istiqbolli forvardga qiziqmoqda

Foto: SYLVAIN LEFEVRE/GETTY IMAGES

«Chelsi» yosh iqtidorlarni kolleksiya qilishda davom etadi. The Athletic xabariga ko‘ra, «Chelsi» «Monpele» forvardi Ele Vahi uchun kurashda asosiy favorit hisoblanadi. Ayni vaqtda 20 yoshli fransuz uchun bir necha klub da’vogarlik qilmoqda, ammo aynan «aristokratlar» yosh hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin. Romano ham tomonlar faol muzokara olib borayotgani va kelishuvga yaqin qolganini tasdiqlagan.

Vai 2022/2023 yillar mavsumida «Monpele» safida 33 o‘yinda maydonga tushib, 19 gol urgan va besh golga uzatma bergan. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2025 yoziga qadar tuzilgan. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 35 mln yevro etib belgilagan.

The Athletic nashri londonliklar «Ayaks»ning yosh yarimhimoyachisi Muhammad Quddus bilan qiziqayotganini xabar qildi. Londonliklar ganalik 22 yoshli futbolchi bilan shaxsiy shartnoma bandlarini kelishib olgan va «Arsenal» hamda «Brayton» bilan raqobatga kirishishga tayyor.

Mavzuga oid
Top