Energetika vazirligi matbuot xizmati nega hukumat qarori talabini bajarmayapti?
Vazirlik rasmiy saytida va rasmiy Telegram-kanallarida davlat tilida yoritilayotgan xabar va ma’lumotlarda elektr energiyasi birliklari xato yozilmoqda.
Gap elektr energiyasi quvvati birligi — «Vatt»ni ifodalash haqida bormoqda. Gap shundaki, Kuchlanish birligi — «Volt» rus tilida V harfi bilan, quvvat birligi «Vatt» rus tilida Vt ko‘rinishida ifoda etiladi. Holbuki, xalqaro birliklar tizimi standarti bo‘yicha Volt — V, Vatt esa W ko‘rinishida ifodalanadi.
Buni maishiy texnikalarda hamma ko‘rgan: 220 V, 1500 W yozuvlari hammaga tanish va tushunarli.
Energetika vazirligi xabarlarida energiya o‘lchov birligi Kilovatt-soat (KVt·soat) lotincha imloda kVt·soat ko‘rinishida ifodalanmoqda. Elektr stansiyalar quvvati Megavatt MVt esa MVt ko‘rinishida.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJdan aholiga boradigan SMS bildirishnomalarda yetkazilayotgan elektr quvvati umuman kurakda turmaydigan kVs ko‘rinishida ifodalanmoqda.
Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida kattalik birliklarini qo‘llash to‘g‘risida»gi 21-sonli qarorida quvvat birligi W shaklida ifodalanishi belgilab qo‘yilgan.
Hukumatning shu qarori 2-ilovasida energiyani o‘lchash birligi kilovatt-soat qanday ifodalanishi ham keltirilgan — kW·h.
Ha, hukumat 5 yil muqaddam o‘lchov birliklarning ruscha ifodalanishini cheklab, xalqaro ko‘rinishga o‘tishni belgilab qo‘ygan va qarorning 3-bandida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda, ilmiy-texnik va boshqa nashrlarda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishda, o‘quv, o‘quv-metodik va turli ma’lumotlar beradigan yordamchi adabiyotlarda ushbu qaror bilan tasdiqlangan kattalik birliklari, ularning nomi va belgilanishi qo‘llanishini talab sifatida yozib qo‘ygan.
Rus tilida ifodalanadigan bu birliklar transliteratsiya bo‘lib, lotincha imlomizga ham kirib borayotgani nihoyatda ajablanarli va noto‘g‘ri. Holbuki, yoshlarimiz maktablarda qariyb 30 yildan buyon lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ta’lim olishmoqda va maktablardagi fizika, matematika darsliklarida allaqachon xalqaro ko‘rinishdagi birliklardan foydalanib kelinmoqda.
Qarorning rus tilidagi matniga ko‘ra, xalqaro birliklar yozilishi rus tilidagi matnlarda ham shu tarzda qo‘llanishi kerak.
Gap birgina kW·h yoki MW haqida emas.
Masalan, vaqt o‘lchov birliklari soniya va daqiqa emas, sekund (s), minut (min), soat (h) ko‘rinishida, uzunlik o‘lchov birligi santimetr ham (sm) emas (cm) ko‘rinishida ifodalanishi kerak.
Avtomobillar tezligi km/soat emas, allaqachon km/h ko‘rinishiga keltirilgan. Qaror ilovasida hattoki bu qanday holatda to‘g‘ri va noto‘g‘ri yozilishigacha belgilab qo‘yilgan.
Bu hol nafaqat Energetika vazirligi platformalarida, vazirlikka bo‘ysunuvchi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Telegram-kanallaridagi xabarlarda ham takrorlanmoqda.
Bu boradagi xato haqida jurnalistlar yig‘ilgan Telegram-guruhda vazirlik matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayevga xabar qilganimda, u xatolikni bir muddat bartaraf etgandi. Hattoki, hamkasblarini quvvat birliklarini hukumat qaroriga moslab yozishga ham chaqirdi.
Ammo bu vaqtincha tus olib, yana xato ko‘rinishda yozishga o‘tib olishdi. Buning sababini so‘raganimda «W» shaklida yozilgan matnlar kirill alifbosiga o‘tkazilganida xatolik ko‘payib ketayotganini aytgandi. Shuningdek, unga vazirlikda possovet davlatlarida mana shu standart qabul qilingani, bu shaklda berish xato emasligi tushuntirilganini qo‘shimcha qildi.
Endi sizga savol: Oddiy vatt (W), kilovatt (kW), megavatt (MW) va kilovatt·soat (kW·h)ni tasdiqlab bergan ko‘rinishda yozishni eplay olmayotgan energetika sohasi xodimlarining bu bahonasini nima deb atash mumkin. 1-sinf bolasi bo‘lsa ekan, ha o‘rganishi, ko‘nikishi qiyin-da rostdan ham, deyilsa. Kap-katta, oliy ma’lumotli odamlar ishlasa kerak axir shu sohada?!
«Odamlar qovun tushirishyapti», «possovet davlatlarida shu standart qabul qilingan ekan» — bu endi jiddiy tashkilot xodimining gaplari emas. Qovun tushirayotganlardan voz kechish kerak. Qovun tushirmaydiganlarni ishlatish kerak.
Qolaversa, bu borada hech qanaqa postovet davlatlari standarti yo‘q. U standart qotib qolgan miyalarda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining amaldagi qarori bor. O‘shanga og‘ishmay amal qilinadi — tamom. Bu kimga yoqish-yoqmasligidan qat’i nazar.
Yo maqsad boshqa — xalqaro birliklarni xalqaro standartlarda yozishga o‘tkazilgan davlat tilimizni rus tilining ta’siri ostidan qutqarmaslikmi? Hukumat qarorini sabotaj qilishmi? Unda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishsin. Rus tilidagi ko‘rinishga moslab birliklarni tasdiqlab berishsin. G‘ing degan nomard! Dunyodan yuz o‘girib, Rossiya tomon yuz tutib, eski holatda yozaveramiz. Hatto lotincha imloga ham o‘tkazib, targ‘ib qilamiz.
Modomiki, bunday qilishning imkoni yo‘q ekan, (o‘zi respublikada 14 ta hudud bor) vazirlikning matbuotga aloqador va hududlardagi HET matbuot xizmati xodimlarini chaqirib, bir kunlik seminar tashkil qilib, uslubiy qo‘llanma chop etib, barchasiga tarqatib, o‘rgatib, tushuntirish ishlarini olib borish shunchalik qiyin ishmi?
Lekin unutmasligimiz kerak, maktabda yoshlarimiz xalqaro standartlar bo‘yicha o‘qitilmoqda, tokda ishlaydigan barcha maishiy texnikalarda ham shu standart bitilgan. Bu aslo odamlarga notanish harflar va birliklar emas. Faqat mustabid tizimdan ko‘ngil uzolmayotganlar uchun notanish, begona xolos.
Alamlisi — Energetika vazirligining xabar va yangiliklaridagi ushbu xatolari yuzlab ommaviy axborot vositalari tomonidan ko‘chiriladi, shu holicha targ‘ib qilinadi. Vazirlik hukumat qaroriga befarq bo‘lmasdan, «buloqning boshida» turib xatoni bartaraf etmas ekan, vaziyat mana shunday noma’lumligicha qolaveradi. Odamlar ora-sarson bo‘lib yuraveradi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
23:44 / 19.10.2024
“Yashil” elektr stansiyalar orqali atmosferaga yiliga 21 mln tonna zararli gazlar chiqishi oldi olinadi - Energetika vazirligi
00:36 / 19.10.2024