22:56 / 31.07.2023
26821

AQSh senatori O‘zbekistonga qarshi Jyekson-Venik tuzatmasini bekor qilishga chaqirdi 

1974 yilda kommunistik blok mamlakatlariga qarshi joriy etilgan savdo cheklovlari hamon bir qator davlatlar uchun amal qilmoqda. 

Foto: AP

2013 yildan beri Konnektikut shtatidan kichik senator sifatida faoliyat yuritayotgan Kris Merfi AQSh Kongressini Markaziy Osiyoning uchta davlati: Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonga nisbatan joriy etilgan Jyekson-Venik tuzatmasini bekor qilishga chaqirdi. Merfi ushbu tuzatma Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotganini aytdi. 

«Afsuski, yo‘limizda anaxronistik qonun to‘sqinlik qilmoqda. 1974 yilda AQSh Jyekson-Venik tuzatmasini qabul qildi, unda AQSh sovet yahudiylari va boshqa ozchiliklarning emigratsiya huquqlarini cheklovchi davlatlar bilan savdo qilish huquqidan mahrum bo‘lgan edi. Bu Sovet Ittifoqida, jumladan Markaziy Osiyoda ta’qibga uchrayotgan guruhlarga nisbatan munosabatni yaxshilashga majburlash uchun foydali vosita bo‘ldi. Sovet Ittifoqi allaqachon tugab ketdi, ammo sovuq urush davrining bu sarqiti Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan munosabatlarimizni cheklashda davom etmoqda», deb yozdi Kris Merfi. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyoning ba’zi davlatlari quvg‘indi bo‘lgani uchun emas, balki inersiya va e’tibordan chetda qolgani uchun 1970-yillarda botib qolgan. 

«Qo‘shni Rossiya va Xitoy tomonidan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston kabi davlatlarga katta ta’sir ko‘rsatilayotgan bir paytda AQSh uzoq vaqtdan beri chekkada qolmoqda», dedi u. 

Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi ishtirokini chuqurlashtirishning ehtimoliy afzalliklari haqida Merfi shunday deb yozdi: «O‘zining strategik joylashuvidan tashqari, Markaziy Osiyo uglevodorodlar va noyob foydali qazilmalar kabi muhim resurslarga boy. AQSh foydali qazilmalar uchun poygada kechikmoqda, ammo Bayden ma’muriyati xavfsizlikni ta’minlash va ta’minot zanjirlarini kengaytirish uchun jiddiy choralarni ko‘rdi. Yillik yalpi ichki mahsuloti 280 milliard dollarga teng bo‘lgan ushbu mamlakatlar bilan doimiy savdo aloqalarini rivojlantirish Qo‘shma Shtatlarga biznesning o‘z bozorlariga kirishini kengaytirish, savdo va investitsiyalarni rivojlantirib, o‘sish uchun imkoniyatlar yaratadi. Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya va Xitoyga iqtisodiy qaramligini kamaytirgan holda o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishi, ish o‘rinlari yaratishi va aholisining turmush darajasini oshirishi mumkin». 

Merfi so‘zlariga ko‘ra, AQSh Markaziy Osiyo bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega va Kongress mintaqadagi strategik va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish uchun paytdan foydalanib qolishi kerak. 

2023 yil fevral oyida AQSh Kongressiga O‘zbekistonga nisbatan «Jyekson-Venik» tuzatmalarini qo‘llashni tugatish to‘g‘risida qonun loyihasi kiritilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Loyihaning taqdiri nima bo‘lgani ma’lum emas. 

«Jyekson-Venik tuzatishi» (Jackson–Vanik amendment) – 1974 yilda kongressmen Genri Jyekson va Charlz Venik taklifi bilan AQSh «Savdo to‘g‘risida»gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish. 

Unga ko‘ra, emigratsiyaga oid va boshqa turdagi inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzib kelayotgan asosan kommunistik blok davlatlariga nisbatan diskriminatsion tarif va bojlar joriy etilgan. 2000-2012 yillarda bu cheklovdan Qirg‘iziston, Gruziya, Ukraina, Armaniston, Moldova va Rossiya chiqarib tashlangan. 

Ushbu tuzatma rasman bekor qilinmagan va hozirda qator davlatlar, jumladan, Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanmoqda. 

Top