Murojaatda aytilishicha, mutaxassis ishlovchi idorada mehnat qonunchiligi, jumladan ish vaqtiga amal qilish masalasi juda og‘ir ahvolda.
“Ertalab 8 yarimda ishga kelib, kech 10-11 gacha ish joyimizda bo‘lishimiz kerak. Chunki hokim hali ishda bo‘ladi. U ketmasa, biz ham ketolmaymiz, so‘rab qolishi mumkin. U so‘raganda ish joyimizda bo‘lmasak, keyin o‘zimizga qiyin bo‘ladi.
Hokimni bilmadim, lekin bizga bunday ishlash juda og‘ir, bolalarimizni bir necha kunlab ko‘rolmaymiz. Ertalab chiqib ketayotganda uyquda bo‘lsa, qaytganda ham allaqachon uxlagan bo‘ladi. Buning ustiga yig‘ilishlar masalasi ham bor. Oilada ham xotirjamlik yo‘q. Shu mavzuni hokimligimizga kelib bir o‘rganinglar”, – deydi vatandoshimiz.
Hokimlik xodimi garchi bu masalani murojaat sifatida o‘rganishimizni so‘rab yozgan bo‘lsa-da, lekin bu muammoning faqat bir hudud, murojaatchi ishlayotgan joy uchun emas, butun respublika uchun dolzarb ekanini inobatga olgan holda uni murojaat emas, intervyu shaklida tahlil etishga qaror qildik.
Intervyu mehmonlari Advokat Razzoq Altiyev, Inson huquqlari Ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov va psixolog Boboyor To‘rayev bo‘ldi.
— O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi va uning ham bir tarmog‘i bo‘lgan belgilangan ish vaqtiga amal qilinmasligi masalasi doim katta muammo bo‘lib kelgan. Bu masala yillar davomida tartibga kelmadi, o‘zgarmadi.
Mana endi juda oddiy bir savol: nega boshqalarda bunday emas-u, bizda shunday? Nega boshqalarga yetgan vaqt bizga yetmaydi? Nega boshqalar kam ishlaydi-yu, natijasi yaxshi, biz ko‘p ishlaymiz-u, natijamiz yomon?
Abdurahmon Tashanov:

— O‘zbekistonda mehnat sharoiti ta’minlanishi «nol» darajada. Hamma joyda xalqlar, rahbarlar bir xil, lekin farq qonunlarning ishlashida. Ayni sohani tartibga soluvchi institutlardan biri Kasaba uyushmalari federatsiyasi. O‘zi O‘zbekistonda kasaba uyushmalari bormi, bo‘lsa qanaqa? Asosiy tiyib turuvchi tizim bo‘lishi kerak bu ham. Masalan, Fransiyada hukumat muxolifatdan ko‘ra kasaba uyushmalaridan ko‘proq qo‘rqadi.
Biz yaqin yillargacha majburiy mehnatdan xalos bo‘lolmagan davlatmiz. Shunday bir holatda mehnat huquqlari borasida gapirish g‘alati. Shaxsan men bu borada juda negativman. Qonunchilik bazasidan tortib amalga oshirish institutlarigacha kasaba uyushmalarining o‘rni yo‘q. Nomigagina bor bu tashkilot.








