Mbappe uchun ultimatum muddati tugadi. Buyog‘iga - zaxira o‘rindig‘i yoki «Real» varianti qoldi
Yozning asosiy transfer seriali qachon va qanday yakunlanadi?
Qatarning qat’iyati
«PSJ»ning Kilian Mbappega nisbatan pozitsiyasida amalda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Klub rahbariyati o‘zini aldangan his qilmoqda va shartnomani uzaytirish variantini faollashtirishdan bosh tortgan forvard allaqachon «Real» bilan og‘zaki kelishib qo‘ygan va keyingi yil yozda Madrid jamoasiga erkin agent sifatida qo‘shilishni niyat qilgan, deb hisoblamoqda. Xafagarchilik sababi — Mbappe Parijni tekinga tark etmaslikni va’da qilganida. Futbolchining o‘zi esa o‘z yaqinlari orqali OAVga chiqargan xabarlarda bunday kelishuv mavjudligini rad etmoqda. Ammo internet barchasini yodda tutadi va RMC Sport xabariga ko‘ra, «PSJ»dagilar erinmasdan hisoblab chiqishgan: Mbappe bungacha ham sakkiz marta shunga o‘xshash gaplarni aytgan.
Umuman, barcha yurishlar qayd etilgan va klubdagilar o‘z haqligiga amin. Jumladan, o‘zining o‘jar yulduzini Yaponiya turnesiga yo‘l olgan tarkibdan chiqarib tashlash qarori to‘g‘riligiga ham. Bu futbolchi muayyan muddatda shartnomani uzaytirmaganiga javob bo‘ldi. Shundan keyin «PSJ» yangi muhlatni e’lon qildi, unga ko‘ra Mbappe 31 iyulga qadar shartnomani uzaytirish yoki boshqa klubga ketish bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak edi. Aks holda u oldindagi butun mavsumni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. O‘tgan hafta oxirida Marca nashri jamoa bosh murabbiyi Luis Enrike ushbu forvardni yangi mavsum uchun rejalariga kiritmaganini yozib chiqdi. Dushanba kuni esa Foot Mercato aniqlik kiritdi: uni zaxiraga o‘tqazib qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lingan.
Shu bilan birga klub va futbolchining vakillari faqatgina ultimatumlar tilida gaplashayotgani yo‘q. «PSJ» qo‘shimcha kelishuv tuzib, murosa yo‘lini topishga harakat qilmoqda, unga ko‘ra Mbappe bir yildan keyin ketish kafolatini olgan holda shartnomasini 2025 yil yozigacha uzaytirishi ko‘zda tutilgan. Futbolchi esa, kutilganidek buni rad etgan, shundan keyin futbolchi bilan uchrashuv so‘ralgan, klub ofisidan kelgan xatga esa umuman e’tiborsiz qoldirgan.
Buni ham kutilgan reaksiya edi desa bo‘ladi, chunki «Real» o‘tgan yili Madridga tekinga kelishi kutilgan futbolchi uchun parijliklar klubiga pul to‘lashni istamaydi. Futbolchi klubga faqat erkin agent sifatida o‘tishi mumkin, «Qirollik klubi»ga yaqin OAVning yozishicha, fransuz hujumchisiga shartnoma imzolashi uchun allaqachon 130 million yevro miqdorida bonus (ko‘tarma puli) va’da qilingan. Mbappening oilasidagilar bunday mablag‘dan quruq qolishni istamasligi aniq. Agar bunga «PSJ»dan 2023-24 yillar mavsumida ham klubda qolishi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan 80 million yevro miqdoridagi sodiqlik bonusi (bu mablag‘ 31 iyul va 31 avgust kunlari ikkiga bo‘lib to‘lanishi kerak edi) ham qo‘shilsa, futbolchi nima uchun amaldagi shartnomasi muddati yakunigacha Parijda qolishga tayyor ekanini bildirgani tushunarli bo‘ladi.
Indamasdan qilinayotgan bosim
1 avgustga o‘tar kechasi barchasi hal bo‘lishini kutish soddalik bo‘lardi. Ayniqsa, bir necha kungina oldin «PSJ»dagilar Mbappeni butun mavsumga jamoadan chetlatish bo‘yicha yakuniy qarorga kela olmay, Qatardan hukm kelishini kutib turgani hisobga olinsa. Nima bo‘lganda ham, yangi shartnoma imzolashdan bosh tortgan Rabioni tarkibdan chetlatish bilan dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘yicha bunday qaror chiqarishning farqi katta.
Ha, bahorda hech kimni ogohlantirmasdan Saudiyaga borib kelgan Messini jarimaga tortish va vaqtincha tarkibdan chetlatish orqali «PSJ» futbolchi klubdan katta bo‘la olmasligini namoyish etgandi, ammo bu baribir klub obro‘siga zarba bo‘lgandi. Mbappe bilan bog‘liq holat esa — klub bunga ma’naviy jihatdan haqli bo‘lsa ham — shartnoma va mehnat huquqi to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishi sifatida qaraladi. Fransiya futbolchilar kasaba uyushmasi allaqachon bu haqda eslatib o‘tdi.
Qolaversa, keskin qadamlar futbolchining transfer narxiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi tayin, «PSJ» esa hamon uning transferidan imkon qadar ko‘proq pul ishlab olishdan umid qilmoqda. Ham Ispaniyadagi, ham Fransiyadagi insayderlar ayni vaqtda hech qanday qadam tashlamayotgan va izoh berishdan qochayotgan «Real» bu bilan «PSJ»ga ruhiy bosim o‘tkazayotgani haqida yakdil fikr bildirayotgani bejiz emas. Madrid strategiyasini talqin qilishdagina ayrim farqlar bor.
Xususan, Le Parisien versiyasiga ko‘ra, ispanlar klubi oxirigacha cho‘zadi va so‘nggi pallada Mbappeni minimal narxda sotib oladi. O‘z navbatida RMC Sport nashri shunday ishontirgan: «PSJ»dagilar endi klub uchun kamsituvchi darajadagi taklif kelishiga ham tayyor. Parijliklar, tabiiyki, bunday taklifni rad etadi, shundan keyin «Real» futbolchini transfer qilishga uringani, ammo Parijdagilar «yo‘q» deyishganini ayta oladi. «Barselona» bilan o‘yindagi 0:3 hisobidan keyin ham (29 zarba yo‘llanib, to‘rt bor darvoza to‘sini yoki ustuni nishonga olindi, ammo gol urilmadi) Parij yo‘nalishida faollashishga jazm etilmadi. Karlo Anchelotti esa jamoa klassik «to‘qqizlik»siz ham juda ko‘p vaziyatlar yaratgani hamda o‘yinni shu yo‘nalishda takomillashtirishda davom etishini aytdi.
Yechim yoki yangi mojaro?
Mbappe faoliyatini davom ettirishi uchun muqobil variantlar bormi? Aftidan, yo‘q. Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubining «Real»ga ketishdan oldingi bir mavsum uchun 700 million yevro to‘lash haqidagi taklifi kutilganidek saudiyaliklarning o‘zi tomonidan ham rad etildi. Fabritsio Romanoning ishontirishicha, APL klublari bilan hech qanday muzokaralar o‘tkazilmayapti. Yurgen Klopp esa «Liverpul»dagilar bu xabarlarni kulgi bilan qarshi olishgani, chunki bunday kelishuvning moliyaviy jihatdan imkoni yo‘qligini tan oldi. Dushanba kuni «Chelsi» xo‘jayini Todd Boeli Nosir Al-Hilayfiyga qo‘ng‘iroq qilgani va Mbappe bilan muzokaralar boshlashga ruxsat so‘ragani ham jiddiy istiqbolga ega bo‘lib ko‘rinmayapti.
«Barselona» bilan bog‘liq ssenariy esa kataloniyaliklar klubidagi moliyaviy holatdan kelib chiqqan holda avvalboshdan fantastik ko‘rinayotgandi. Yakunda Gavi, Rafinya va Dembelega almashish varianti «PSJ» tomonidan ham, Mbappe tomonidan ham qabul qilinmagan. Lekin bu reja ortidan Dembele mojaroli tarzda klubni tark etmoqda. L'Equipe versiyasiga ko‘ra, fransuz futbolchisi bundan xabar topib ranjigan va ko‘k-anorranglilar bilan shartnomani yangilashdan bosh tortgan, endi Fransiya chempionlari uni 50 million yevro evaziga transfer qilishi kutilmoqda.
Ammo Mbappe bilan bog‘liq tarix yakuni yaqin va deyarli barcha manbalar bunga amin: «PSJ» futbolchini sotishni istayotgan, futbolchining o‘zi «Real»ga o‘tishni orzu qilayotgan, Madrid esa unga ehtiyoj sezayotgan pallada, tomonlar albatta kelishuvga erishadi. Balki, yaqin kunlar ichida. Parijliklar bu masalani Fransiya chempionatining yangi mavsumi boshlanadigan 12 avgustga qadar yopishni istamoqda. Ammo endi gap 230 million yevro haqida bormasligi tayin.
«Real» keyingi yil yozida katta shartnoma taklif qiladigan Angliya klublari bilan raqobatni boy berishdan cho‘chigan holda futbolchini parijliklar istagan narxga sotib olishga roziligi haqida yozgan ESPN nashri oshirib yuborgani aniq. «PSJ» 180-200 million yevro atrofidagi taklifni qabul qilishi haqida yozgan RTL France nashri ma’lumoti haqiqatga yaqinroq. Umuman olganda, buyog‘i endi texnik jihatlar. Muhimi shundaki, 2023 yil yozidagi asosiy transfer dostoni ham mantiqiy yakuniga qarab bormoqda. Mbappe bir yil davomida zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Lekin u oldindagi mavsumni «Santyago Bernabeu»da oq futbolkada o‘tkazishini tasavvur qilish osonroq.
Ammo, serial hali cho‘zilishi ehtimoli ham bor. The Telegraph materiali shunga ishora qilmoqda, uning insayderiga ko‘ra «PSJ» rahbarlariga Mbappe «Al-Hilol» vakillari bilan hatto uchrashishni istamagani yoqmagan. Bu esa «Real» bilan kelishib olingani tasdig‘i sifatida baholangan. Shunday ekan, Parijdagilar FIFAga shikoyat yuborish ehtimolini ko‘rib chiqishmoqda. Madridning Mbappe bilan bunday aloqa o‘rnatganini tasdiqlash noreal bo‘lsa-da, vaziyat yanada murakkablashishi mumkin.
Tavsiya etamiz
“Chorsu” mehmonxonasini buzish boshlandi. Bunga qancha vaqt ketadi?
O‘zbekiston | 19:03 / 18.01.2025
“Gullayotgan” avtofiribgarlik, sohadagi kuchli proteksionizm oqibati – mutaxassislar bilan suhbat
O‘zbekiston | 09:58 / 18.01.2025
Ijtimoiy kartalarni tarqatish boshlandi. U qanaqa karta va kimlarga beriladi?
O‘zbekiston | 23:36 / 17.01.2025
Isroil HAMAS bilan kelishuv matnini e’lon qildi
Jahon | 22:06 / 17.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiyada yashash uchun ruxsatnoma olganlarning haydovchilik guvohnomalari 1 yil amal qiladi
Jahon | 18:37
-
Britaniyada kayfiyatni yaxshilashga yordam beradigan miya implantati yaratildi
Fan-texnika | 18:29
-
Bandlik vaziriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
O‘zbekiston | 18:24
-
Ochiqlik talablarini bajarmagani uchun 2024 yilda 5 nafar mansabdor jarimaga tortildi
O‘zbekiston | 18:17
Mavzuga oid
12:03
«Siti» 6 ta gol urdi, «Real» birinchi o‘ringa qaytdi. Kun o‘yinlari
12:01 / 17.01.2025
«MYu»da kambek, «Real» o‘ziga muammo tug‘dirdi. Kun o‘yinlari
10:46 / 10.01.2025
Superkubok finalida klasiko bo‘ladi
11:12 / 19.12.2024