O‘zbekiston | 22:01 / 03.08.2023
8504
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida yana uchta taksi operatori paydo bo‘ladi 

Operatorlar auksion orqali 17 avgust kuni tanlab olinadi.  

Foto: Uzbekistan Airports

Uzbekistan Airports boshqaruv kompaniyasi E-auksion platformasida Toshkent aeroportida taksi operatorlari joy ijarasi uchun uchta lot joylashtirganini e’lon qildi. 

Qayd qilinishicha, Toshkent xalqaro aeroportining umumiy uchish zalida yana bir taksi xizmati paydo bo‘ladi. Shuningdek, taksi operatorlari CIP zali va mahalliy aviaqatnovlar terminali zali uchun alohida tanlanadi. 

Uzbekistan Airports qo‘ygan texnik shartlarga ko‘ra, ariza beruvchi kompaniyaning ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq bo‘lmagan, benzinda ishlaydigan yoki elektromobillarga ega avtomashinalari parki bo‘lishi kerak. Kompaniya rasmiy ravishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida boshlang‘ich bilimga ega malakali haydovchilarni ishga olishi kerak. Avtomobillar brendlangan, haydovchilar esa kompaniyaning maxsus ish kiyimida bo‘lishi kerak. Kompaniya yo‘lovchilarga barcha to‘lov shakllari — naqd pul va mahalliy va xorijiy to‘lov tizimlarining bank kartalari bilan to‘lash imkoniyatini ta’minlashi kerak bo‘ladi. 

Har uchala lot bo‘yicha ham savdolar 17 avgust kuni o‘tkazilishi belgilangan. 

Avvalroq, Raqobat qo‘mitasi hamda birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlari tomonidan Toshkent aeroportida yagona taksi xizmatining bo‘lishini noqonuniy deb topilgan edi. Uzbekistan Airports bunga javoban Oliy sudga kassatsiya arizasini kiritishini ma’lum qilgan edi. 

Mavzuga oid