Jahon | 21:42 / 07.07.2025
4124
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhidan terrorchi tashkilot maqomini olib tashladi

Davlat departamenti rahbari Marko Rubio imzolagan hujjatga ko‘ra, ushbu qaror «bosh prokuror va moliya vaziri bilan maslahatlashuvlardan keyin» qabul qilingan.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhidan chet el terrorchilik tashkiloti maqomini olib tashladi. Bu haqda Davlat departamenti hujjatiga tayanib, Reuters xabar berdi.

Davlat departamenti rahbari Marko Rubio tomonidan imzolangan hujjatda qayd etilishicha, ushbu qaror «bosh prokuror va moliya vaziri bilan maslahatlashuvlardan keyin» qabul qilingan.

Rubioning qarori Donald Tramp 1 iyuldan boshlab Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganidan bir hafta o‘tib qabul qilindi. O‘shanda Tramp «Hay’at Tahrir ash-Shom» maqomini ko‘rib chiqishni topshirgan edi.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh), yoki «Levantni ozod etish tashkiloti»ga 2011 yilda asos solingan. O‘shanda u «Jabhat an-Nusra» (An-Nusra fronti) deb atalardi va «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotining to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkori bo‘lgan. 2016 yilda esa guruh rahbari Abu Muhammad al-Jo‘laniy terrorchi tashkilot tamg‘asidan xalos bo‘lish uchun oshkora tarzda «Al-Qoida»dan ajralib chiqib, «Jabhat an-Nusra»ni tarqatib yuborgan va yangi tashkilot tuzgan, oradan bir yil o‘tib o‘zi kabi kichik guruhlar bilan birlashgan holda «Hay’at Tahrir ash-Shom» nomini olgan.

Tashkilot yetakchilaridan biri — Ahmad ash-Shar’a (Muhammad al-Jo‘laniy) Suriyaning muvaqqat prezidenti hisoblanadi. Donald Tramp 2025 yil may oyida Yaqin Sharqqa tashrifi davomida Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashgan edi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid