«Chelsi» va «Liverpul» jamoalari o‘rtasida qatorasiga yettinchi rasmiy uchrashuvda durang qayd etildi

«Chelsi» – «Liverpul» 1:1
Gollar: 0:1 – 18 Dias, 1:1 – 37 Disasi.
Chelsi – Sanches, Jyeyms (Gyusto, 76), Tiago Silva, Disasi, Koluill, Chiluell (Ugoshukvu, 90), Gallaher, Fernandes, Chukvuemeka (Matsen, 81), Sterling (Mudrik, 81), Jyekson.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Roberson, Soboslai, Mak Allister, Saloh (Elliott, 77), Diogu Jota (Nunes, 66), Dias (Douk, 77), Gakpo (Jons, 66).
Ogohlantirishlar: Chukvuemeka (4), Fernandes (32), Diogu Jota (32), Aleksander-Arnold (68), Jyekson (85), Mak Allister (89).

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Chempionlar ligasiga yo‘llanma ololmagan «Liverpul» va 12-o‘rinni egallab yevrokuboklarsiz qolgan «Chelsi» yangi mavsumning birinchi turida to‘qnashdi. Lekin mavjud muammolariga qaramay ko‘klar va qizillarning o‘zaro o‘yini tur o‘yini maqomida bo‘lib qolaveradi. Ayniqsa yangi mavsum boshida, hali kim nimaga da’vogar ekani mavhum bo‘lib turgan pallada. Hali umidlar tirik, londonlik va mersisaydlik muxlislar o‘z jamoalari hech bo‘lmaganda top-4 uchun kurashishini kutishmoqda.

Qolaversa, qayta qurish jarayonida murabbiylar o‘yinni qanday qurmoqchi bo‘layotganini kuzatish ham qiziq. Yurgen Kloppning holati nisbatan osonroq va tushunarliroq, yagona yangilik niderlandiyalik hujumchi Gakpo jamoaning yangi futbolchilari Soboslai va Mak Allister bilan birgalikda yarimhimoyachilar uchligini (markazda) tashkil qilgani bo‘ldi. PSVda undan hujumning chap qanotida foydalanishgan, Lui van Gaal esa Qatardagi jahon chempionatida uni markaziy hujumchi sifatida o‘ynatgandi, shunday ekan, uni o‘rta chiziqda ham sinab ko‘rish mumkin edi. Texnika, jismoniy ko‘rsatkichlar, o‘yinni tushunish — unda barchasi mujassam.

Va aytish kerakki, butkul yangilangan yarimhimoyachilari uchligi ilk daqiqalardan o‘yin nazoratini qo‘lga oldi, oldinda esa Saloh ko‘p ishni o‘z zimmasiga oldi. Misrlik futbolchi avvaliga asosiy ishchi oyog‘i bo‘lmagan o‘ng oyog‘i bilan zarba yo‘llab, to‘pni to‘singa tekkizdi. Keyin esa ideal pas orqali «Chelsi» himoyachilari uchligini dog‘da qoldirib, Dias hisobni ochishini ta’minladi, shu bilan birga APLdagi golli paslari sonini 60 taga yetkazib qo‘ydi.