Enso Mareska o‘rniga «Chelsi»ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlangan Liam Roseniorni ko‘pchilik faqat bu lavozim uchun nomzodlar qatorida paydo bo‘lganida tanigan bo‘lsa ajab emas. Liam Bouliga tegishli bo‘lgan boshqa bir klub «Strasbur»dan kelgani tufayli bu shunchaki vaqtinchalik kelishuv bo‘lishini taxmin qilganlar ham ko‘p edi. Ammo murabbiy bilan 6 yillik shartnoma tuzilishini hech kim kutmagandi. Bu qadar ishonch qayerdan? Rosenior kim o‘zi? O‘z uslubiga egami va u qanaqa?

Tabiiyki, butun e’tibor Liamning so‘nggi jamoasi «Strasbur»ga qaratildi va hammasi biz o‘ylagandek oddiy emasligini payqash qiyin bo‘lmadi. Ba’zi manbalar aytishicha, «Chelsi»dagilar Liam Roseniorni Angliyadagi faoliyati orqali yaxshi bilgan va «Strasbur»dagi ishi aslida bir kun kelib «Chelsi»ni qo‘lga olishga bo‘lgan tayyorgarlik edi. Albatta, futbolchilar bilan o‘n yillik shartnomalar tuzadigan klub bo‘lsa ham, Bouli jamoasining bu qadar uzoq rejalar qurishiga ishonish qiyin, lekin Liamning «Strasbur»dagi faoliyati alohida e’tiborga arziydi.

Liam Rosenior 2024 yil 25 iyulida fransuzlar klubi bilan uch yillik shartnoma imzolagandi. Liam «Strasbur»ga Patrik Viyeyraning o‘rniga kelgan va yangi murabbiy bilan jamoa jiddiy o‘sishga erishdi. 2023/24 yillar mavsumidagi 13-o‘rindan keyin jamoa keyingi mavsumda Liam bilan 7-o‘rinni egalladi va Konferensiyalar Ligasiga yo‘llanma oldi. 2025 yilda murabbiyga APLning turli jamoalaridan qiziqish paydo bo‘la boshlagach, shartnoma yangilandi.

Taktik tomondan Rosenior Enso Mareskadan keskin farq qilmaydi. Har ikki murabbiy ham to‘pga egalik qilinganida uch himoyachi bilan harakat qiladi, yuqori pressing va qisqa paslar bilan o‘ynashni ma’qul ko‘radi. Liamning sevimli sxemasi 3-4-2-1 (to‘p bilan 3-2-5, himoyada esa 4-3-3), ammo raqibga moslashgan holda kichik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Bularning hammasi Mareskaning uslubidan katta farq qilmaydi va balki bu ham «Chelsi» uchun muhim bo‘lgan – u ba’zi kichik o‘zgarishlarni amalga oshiradi va shu bilan birga ishlab turgan tizim buzilmaydi.

«Strasbur» tarkibi Rosenior futboliga juda mos edi – yosh va jismonan kuchli. Yangi mavsumning 1-turida «Mets»ga qarshi o‘yinning boshlang‘ich tarkibida tushgan futbolchilarning barchasi 2000 yildan keyin tug‘ilgan yoshlar edi. Bu kuchli beshlik ligalaridagi ilk mana shunday voqea bo‘lgandi. «Chelsi» bu borada Liamga juda mos.

O‘z vaqtida «Chelsi»da o‘ynagan, ayni paytda esa «Strasbur»da ikkinchi yoshligini boshdan kechirayotgan Ben Chilluel yosh murabbiy haqida shunday degandi: «G‘alaba qozonish uchun yetarli tajribaga ega bo‘lmagan yosh futbolchilar bilan murabbiy juda yaxshi ishlamoqda. U ushbu mavsumda sovrinlar ham yutmoqchi – Fransiya kubogi, Konferetsiyalar Ligasi kabi turnirlarda g‘alaba qozonish, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish asosiy maqsadimiz».