Iqtisodiyot | 20:23 / 15.08.2023
60347
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani ko‘tarsa ham dollar arzonlamayapti. Nega?

Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkani ko‘tarish borasida shoshilinch yig‘ilish chaqirishi to‘g‘risidagi xabarlardan keyin 100 rubllik marradan o‘tgan dollar kursi 93 rublgacha tushgandi. Biroq, kurs yana 99 rublgacha ko‘tarildi.

Foto: Maksim Konstantinov / Global Look Press

Aftidan, dollar va yevro xaridorlari faolligini valuta cheklovlari joriy etish borasidagi qo‘rquvlar to‘xtata olmayapti, MB chora ko‘rganidan keyin ham bir muddat tin olgan dollar kursi o‘sishda davom etmoqda, deb yozadi rossiyalik iqtisodiy sharhlovchi va jurnalist Tatyana Ribakova.

Dollar 100 rubllik marrani zabt etgach, Rossiya Markaziy banki direktorlar kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazib, asosiy stavkani keskin — 350 bazisli punktga ko‘tarib, yiliga 12 foizlik darajada belgiladi. Biroq yig‘ilish xabari oldidan keskin qadrini mustahkamlay boshlagan rubl yig‘ilishdan so‘ng yana qulashda davom etdi.

14 avgust kuni uchta voqea birvarakayiga ro‘y berdi. Dollar 100 rubllik psixologik chegarani bosib o‘tdi, Markaziy bank 15 avgust kuni asosiy stavka bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilishini e’lon qildi, TASS agentligi esa prezident yordamchisi Maksim Oreshkinning rubl tanazzulida «Markaziy bankning yumshoq pul-kredit siyosati», ya’ni kichik foiz stavkasi ayblangan maqolasini e’lon qildi.

Agar rasmiy raqamlarga e’tibor qaratilsa, seshanba kunigacha 8,5 foizni tashkil etgan Markaziy bank stavkasini u qadar past deb atab bo‘lmaydi. Yillik rasmiy inflatsiya ko‘rsatkichi 4,3–4,4 foiz bo‘lib turganda real stavka (inflatsiya chiqarib tashlansa) 4 foizdan sal ko‘proqni tashkil etayotgandi. Agar Markaziy bankning so‘nggi uch oyda inflatsiya o‘sishi 7,6 foizga yetgani to‘g‘risidagi ma’lumotlari hisobga olinsa, real stavka 1 foizga teng edi. Bu ham ko‘p emas, real stavka 2 foiz bo‘lganda neytral hisoblanadi, lekin bu ham u qadar past emas.

Bugun Markaziy bank Oreshkinning tanqidini hisobga oldi va stavkani oshirdi. Oshirganda ham kechagi kun ko‘plab ekspertlar taxmin qilgan miqdor — 300 bazisli punkt, ya’ni 11,5 foizdan ham yuqoriroqqa. Oreshkinning ikkinchi istagi — rubl kursini mustahkamlashni esa Markaziy bank uddalay olmadi. Seshanba kuni ertalabki soat 7 da 92,6 rublgacha tushgan dollar kursi yana yuqoriga o‘rmalay boshladi.

Ayni paytda Moskva birjasida dollar 98,5 rubldan, yevro esa qariyb 108 rubldan sotilmoqda. Nega rubl asosiy stavka keskin oshirilganiga qaramay qaddini tiklay olmadi?

O‘zi Markaziy bank rubl kursi bo‘yicha istaklarni bajarishga majbur emas. Chunki regulyator vakolatiga milliy valuta kursini targetlash kirmaydi. Unda buni boshqaruvchi vositalar ham yo‘q. Markaziy bank inflatsiya uchun javobgar ⁠— u stavka bo‘yicha qarorini aynan inflatsiya oshib borayotgani bilan tushuntirdi. Asosiy stavka g‘oyaga ko‘ra milliy valuta kursiga ta’sir o‘tkazishi lozimligi boshqa masala: stavka qancha yuqori bo‘lsa, pul shunchalik qimmat bo‘ladi, binobarin kurs ham yuqori bo‘ladi. Nega bu safar bu g‘oya ish bermaganiga bir necha taxminlar bor.

Birinchisi va eng oddiysi: Rossiya bozori, boz ustiga valuta bozori chayqovchilar qo‘lida. Chayqov bozorida esa yangiliklardan so‘ng aktivlar «to‘g‘ri» yo‘nalishdan teskari tomonga yo‘l olishi ko‘p kuzatiladigan hodisa. Bunga sabab — «mish-mishlarga qarab xarid qil, faktga qarab sot» qoidasi, kichik o‘yinchilarni pozitsiyalardan «silkitib» yo‘q qilish bo‘lish ham mumkin. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, chorshanba kuni rubl yana mustahkamlana boshlashi kerak. Agar bunday bo‘lib chiqmasa, yanada jiddiyroq sabablarni izlashga to‘g‘ri keladi. Bunday sabablar esa bor.

Ikkinchi taxmin aynan rubl qulashining fundamental sababi bilan bog‘liq: valuta yetishmovchiligi. Valuta yetishmovchiligi import uchun to‘lovlar eksport tushumlaridan ortganini bildiribgina qolmasdan, kapitalning to‘g‘ridan to‘g‘ri oqib chiqib ketayotganini ham anglatadi. Bu yerda asosiy «aybdor»lar xorijdan turib ishlamayotgan «relokantlar» ham, Rossiyani tark etayotgan kompaniyalar ham emas, valuta tushumlarini 100 foiz xorijda qoldirayotganlar. Iqtisodchi Igor Lipsitsning qayd etishicha, Markaziy bank bunga monelik ko‘rsata olmaydi, chunki hukumatlararo bitimlarga ko‘ra valutani xorijda qoldirish uchun ruxsat prezident farmoni bilan belgilangan.

Agar valuta tushumini qisman bo‘lsa ham Rossiyaga qaytarish talabi joriy etilgan taqdirda ham, bu qoidani aylanib o‘tishning ko‘plab yo‘llari bor.

Bugun Financial Times nashrida Rossiya sanksiyalarni aylanib o‘tib, neft narxi bo‘yicha yuqori chegarani qanday kompensatsiya qilayotgani to‘g‘risida katta maqola e’lon qilindi.

«Rossiya yuqori narx chegarasi bo‘yicha lazeykalardan foydalanib, 3 oy ichida Hindistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri neft sotib, yetkazib berish uchun yuqori haq olib, o‘z kemalaridan foydalanib 1,2 mlrd dollar pul ishlagan. Rossiyalik sotuvchilar asosan neftni savdo portida yuqori narx chegarasidan pastroq belgilashadi, so‘ngra yetkazib berish uchun ulkan narx belgilaydi (bu yuqori narx chegarasi bilan nazorat qilinmaydi). Bundan Rossiya uch oy ichida 800 mln dollar pul ishlagan. Bundan tashqari, neftning 40 foizi urushgacha Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘lmagan, keyinchalik sirli xaridor tomonidan sotib olingan va Rossiyaga tegishli yo‘nalishlarga o‘tkazilgan (arvoh-flot). Bu yana qo‘shimcha 350 mln dollar keltirgan», — deyiladi maqolada.

Ta’kidlash joizki, bu pullar Rossiyaga qaytmaydi. Formal jihatdan ularni xorijiy yetkazib beruvchilar olishadi. Xo‘sh, bu pullar qayerda va kimning cho‘ntagidan o‘rin olmoqda? Yoki cho‘ntakdan o‘rin olmasdan, sanksiya ostidagi mahsulotlar, jumladan harbiy ehtiyojlar uchun chiplar xarid qilinmoqdami? Bunisi noma’lum. Lekin bu lazeyka hech qachon yopilmasligini ishonch bilan aytish mumkin. Biroq, Rossiyadan chiqib ketish istagida bo‘lgan aholi va xorijiy biznes uchun cheklovlar kiritilishi aniqroq. Ular ishbilarmonlik muhitidan ko‘ra rubl kursiga kamroq ta’sir o‘tkazishi boshqa masala.

Aynan valuta cheklovlari joriy etilishidan cho‘chish bozor ishtirokchilarini valutani faol xarid qilishga rahbatlantirgan bo‘lish ehtimoli yuqori. Dollarni 100 rubldan sotib olgan yaxshi, umuman sotib ololmaslikdan ko‘ra, degandek.

Nima bo‘lganda ham, oshirilgan foiz stavkasi rubl qulashining yana bir sababi — kreditlashning kengayganiga qarshi ishlasa rubl yana mustahkamlanishi mumkin. Nafaqat aholining, sanoatning ham. Stavka yuqori bo‘lsa, demak tez orada kreditlar va depozitlar bo‘yicha stavkalar ham oshadi. So‘nggi vaqtlarda valutani sotib kelgan aholi, pulini banklarga tashiy boshlaydi. Ayniqsa, doimo yangilanadigan kredit liniyalarida ishlovchi biznes (riteyl ham, importchilar ham) aylanmasini pasaytiradi. Bu yerda yana bir muammo bor: kreditlarning katta qismini biznesga «iqtisodiyotni tizimli qayta qurish», sodda qilib aytganda, harbiy ishlab chiqarish va import o‘rnini bosish doirasida davlat beradi.

Davlat harbiy sanoat kompleksi ishtahasini tiya oladimi? Ehtimoli past. Kreditlar qimmatlashganini ko‘rgan importchilar va riteyl narxlarni pasaytiradimi? Yo‘q, aksincha, ular xarajatlarni qoplash uchun narxlarni oshirishadi.

Demak, rublni mustahkamlashning imkonli mexanizmlari — eksportchilar tomonidan valuta tushumlarini qaytarish, davlat tomonidan kreditlashni pasaytirish — to‘laqonli ishga tusha olmaydi.

Inflatsiya ham sekinlashmasa kerak — kamida maqsadli qiymatlargacha. Demak, rubl kuchsizlanishda davom etadi. Bu holda eng avvalo aholi va xususiy, jumladan xorijiy biznesga ta’sir qiluvchi cheklovlar joriy etilishi mumkinligini inobatdan soqit etmaslik kerak. Garchi Markaziy bank stavka borasidagi o‘z murojaatida uning kelgusida yana oshirilishi mumkinligi haqida gap ochmagan bo‘lsa-da, buni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Hozirgi foiz stavkasi so‘nggi o‘n yillikdagi eng balandlari ichida uchinchisi. Eng yuqorisi 2022 yil martida belgilangan edi — 20 foiz. Ikkinchisi 2015 yilda (17 foiz) «Rosneft»ni qutqarib qolish uchun rubl keskin qulagan paytga to‘g‘ri kelgandi. 

Mavzuga oid