O‘zbekiston | 21:57 / 16.08.2023
8864
6 daqiqa o‘qiladi

Sudga kirish, foto, audio yoki videotasvirga olish bo‘yicha muhim qoidalar eslatildi

Sudga kimlar kiradi? Jarayonni foto, audio yoki video tasvirga olish mumkinmi? Sud qachon yopiq tarzda o‘tkaziladi? 

Foto: Murodjon Najmiddinov

Hudud24 shu savollarga oid muhim qoidalarni eslatdi. 

Sudga kimlar kiradi? 

Sud majlisi ishning toifasiga qarab, ochiq yoki yopiq tarzda ko‘riladi. 

Ochiq sud majlisida barcha, jumladan, jurnalistlar ham ishtirok etishi mumkin. OAV xodimlarining qonunda zid asoslar bilan sudga kirishini cheklash taqiqlangan.

Protsess ishtirokchisi bo‘lmagan voyaga yetmaganlarning sudga kirishiga cheklov qo‘yilishi mumkin. 

Sud majlisini protsess ishtirokchisi bo‘lmagan kishilar qatnashishini cheklaydigan binolarda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Sud jarayonini foto, audio yoki videotasvirga olish mumkinmi? 

Quyidagi shart bilan sud jarayonini foto, audio, videotasvirga olish yoki OAV orqali translatsiya qilish mumkin:

- fuqarolik ishini ko‘rishda — sudyaning taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;

- jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda — sudyaning taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan. 

Har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda qaydlar yozib olish, stenogramma yuritish, iqtisodiy yoki ma’muriy huquqiy ish ko‘rilayotganda esa audioyozuvdan foydalanish uchun hech qanday ruxsat talab etilmaydi. 

Qayd qilish lozim, sud jarayonini foto, audio yoki videotasvirga olish haqida sudyaga oldindan bildirish lozim. Chunki sudlarga kirishda telefon, noutbuk, diktofon yoki boshqa qurilmalarni olib kirishga nisbatan cheklov bo‘lishi mumkin. Qonunchilikda sud binosiga mobil qurilmalar bilan kirishga ruxsat berish yoki cheklash bo‘yicha yagona tartib yo‘q. 

Sudya intervyu beradimi? 

Sudya sud hujjati kuchga kirgunga qadar ish bo‘yicha intervyu berish yoki OAV orqali chiqish qilishi mumkin emas. 

Shuningdek, OAV biror ish bo‘yicha sud natijasini bashorat qilishi yoki sudga boshqacha tarzda ta’sir etishi (bosim o‘tkazishga) taqiqlangan. 

Sud qachon yopiq tarzda ko‘riladi? 

Sud to‘liq yoki qisman faqat qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yopiq tarzda ko‘rib chiqilishi mumkin. Xususan, quyidagilar bo‘yicha:

- davlat sirini, tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni (masalan, bola asrab olish siri) saqlash;

– jinsiy jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar. 

Jinoyat sudida ayrim turdagi ishlar faqat yopiq tarzda ko‘riladi. Masalan, murdani eksgumatsiya qilish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish va voyaga yetmaganlar sodir etgan jinoyatlar bo‘yicha ishlar. 

Iqtisodiy va ma’muriy-huquqiy ishlar asosan ochiq sud majlisida ko‘riladi. 

Suddan ishni yopiq tarzda ko‘rishni so‘rash mumkinmi? 

Ish xususiyatiga ko‘ra, ayrim turdagi ishlarni yopiq tarzda ko‘rib chiqish mumkin. 

Shu jumladan, jinoyat sudlarida 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyati, shaxsiy hayot, sha’n va qadr-qimmatni kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik yoki protsess ishtirokchilari va ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlar yopiq ko‘rib chiqilishi mumkin. 

Shaxsiy xabar va yozishmalar ochiq sud majlisida faqat bu xat va xabarlarni jo‘natgan hamda olgan shaxslarning roziligi bilan o‘qib eshittirilishi mumkin. Agar ular rozilik bermasa, ish yopiq tarzda ko‘riladi. 

Fuqarolik ishlari taraflarning iltimosnomasi yoki sudning tashabbusi bilan asoslantirilgan ajrim chiqarilgan taqdirda, shaxsiy hayot va qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlar bo‘lsa (masalan, tibbiy sir, soliq siri, sug‘urta siri, bank siri, vasiyatnoma siri va boshqalar) yopiq tarzda ko‘rib chiqiladi. 

Sudni yopiq tarzda ko‘rish tartibi qanday? 

Sud majlisi boshlanishidan oldin har bir holatda sudya ish qanday tartibda ko‘rib chiqilishini e’lon qilishi shart. 

Sudya ishni yopiq tartibda ko‘rib chiqishga qaror qilgan taqdirda ajrim chiqaradi va unda ishni ochiq tartibda ko‘rib chiqishga (jumladan, OAV ishtirokiga) to‘sqinlik qiluvchi holatlarni aniq ko‘rsatadi. Bu ma’lumotlar hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak. 

Sudning ishni yopiq tartibda ko‘rish bo‘yicha ajrimi chiqquniga qadar sud zalidan hech kim chiqarib yuborilishi mumkin emas. 

Agar sud majlisi davomida ishni yopiq tartibda ko‘rib chiqishga qaror qilinsa, ajrim e’lon qilingandan keyin protsess ishtirokchisi bo‘lmagan kishilar, jumladan, OAV xodimlari sud zalidan chiqariladi. 

Yopiq sud ishlari video-konferens-aloqa rejimida o‘tkazilmaydi, audio va videoyozuvga olinmaydi. 

Yopiq tarzda ko‘rilgan sud hujjatlari e’lon qilinadimi? 

Sud hukmlari, ajrimlari va qarorlari barcha hollarda oshkora e’lon qilinadi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari taraflarning roziligi bilan yoki shaxsini ko‘rsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi mumkin. Biroq, sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari maxsus portalga joylashtirilmaydi.

Mavzuga oid