Jahon | 20:13 / 17.08.2023
7488
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy barcha oblastlar harbiy komissarlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy barcha oblastlarning harbiy komissariatlari rahbarlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Hujjat prezident rasmiy saytida e’lon qilingan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.ua

O‘z farmoni bilan Zelenskiy Ukraina milliy xavfsizdlik va mudofaa kengashining Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga «oblastlar hududiy komplektlash markazlari lavozimida bo‘lish, ularni rotatsiya qilish amaliyotidan voz kechish» to‘g‘risida qaror qabul qilishni tavsiya etish to‘g‘risidagi qarorini kuchga kiritgan. Yangi harbiy komissarlarni tayinlash ham Zalujniyga topshirilgan.

Zelenskiy avvalroq ishdan bo‘shatilgan harbiy komissarlar o‘rnini urush veteranlari egallashini ta’kidlagan edi. Ukraina prezidenti avvalroq harbiy komissariatlarning 112 nafar xodimiga jinoiy ish ochilgani, 33 kishi korrupsiyada gumondor statusini olganini qayd etgan edi.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, harbiy komissariatlar tizimini «urush nimaligini, urush chog‘ida surbetlik va poraxo‘rlik — vatanga xiyonat ekanini aniq biladigan» insonlar boshqarishi lozim.

«Frontni kechgan jangchilar yoki sog‘lig‘ini, tana qismlarini yo‘qotganligi sababli okoplardan o‘rin ololmaydigan, biroq surbet bo‘lmagan va o‘z qadr-qimmatini saqlab qolgan insonlarga komplektlash tizimini ishonib topshirish mumkin», — degan Zelenskiy.

Ukraina korrupsiyani bartaraf etish milliy agentligi direktori Oleksandr Novikov harbiy komissariatlarning ko‘plab xodimlari vijdonli va halol insonlar ekani, harbiy komissarlarning ommaviy bo‘shatilishi chaqiriluvchilarni xorijga qochib ketishi muammosiga barham bera olmasligini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu ishga boshqa insonlar, jumladan, urushda ishtirok etganlar tayinlansa «ular baribir mavjud tizimga integratsiya bo‘lishadi va alaloqibat biz baribir korrupsiyaga duch kelamiz». Novikovning fikricha, avval «hududiy komplektlash markazlari ishlayotgan qoidalar va chegarani kesib o‘tish qoidalari o‘zgartirilishi kerak».

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid