Hammasi nimadan boshlanadi?

«Uotergeyt» — AQSh poytaxtidagi binolar majmuasi. U yerda mehmonxonalar, kvartiralar, do‘konlar va ofislar joylashgan. 1972 yil 17 iyun kuni politsiya Demokratik partiya shtab-kvartirasi joylashgan Vashingtondagi ushbu majmuaga yashirin tarzda kirgan besh kishini hibsga oladi. Ularning yonidan ikkita kichkina mikrofondan tashqari binoga kirish uchun kalitlar to‘plami va 5300 dollar naqd pul topiladi. 

O‘tgan asrning 70-yillaridagi «Uotergeyt majmuasi». Foto: Marion S. Trikosko

Tergov davomida hibsga olinganlardan biri Jyeyms Makkord prezident Richard Niksonning saylov komissiyasi xodimi ekani, shuningdek, u yaqin o‘tmishda Markaziy razvedka boshqarmasida faoliyat olib borgani aniqlanadi. Qolganlari esa Mayamidan kelgan kubalik muhojirlar edi.  

Bosqinchilar eshitish moslamalarini o‘rnatishga, shuningdek Demokratik partiyaning muhim hujjatlarini o‘g‘irlab olib nusxalashga uringan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ular prezident Niksonning siyosiy raqibi, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jorj MakGovernning yozishmalarini suratga olishgan. Ishni tergov qilish FQB direktori o‘rinbosari Mark Felt boshchiligidagi maxsus tuzilgan guruhga topshiriladi.

Bosqinchilik dastlab yakka tartibdagi hodisa sifatida qabul qilingan, ammo keyingi tekshiruvlarda Prezidentni qayta saylash qo‘mitasi (CRP) a’zolari va Nikson ma’muriyatidagi yuqori martabali amaldorlar tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli noqonuniy harakatlar to‘ri aniqlanadi. Shunday qilib kalavaning uchi Oq uy tomonga yetaklar edi.

Qayd etilishicha, 1972 yil 27 yanvarda Prezidentni qayta saylash qo‘mitasining (CRP) moliyaviy maslahatchisi Gordon Liddi, CRP raisi vazifasini bajaruvchi Jeb Styuart Magruder, bosh prokuror Jon Mitchel va prezident maslahatchisi Jon Din Demokratik partiyaga qarshi keng qamrovli noqonuniy faoliyatni amalga oshirish rejasini ishlab chiqadi. Dastlab, bu reja realikka to‘g‘ri kelmasligi va murakkab ish ekani ta’kidlanadi. Ikki oy o‘tgach, rejaning qisqartirilgan versiyasi tasdiqlanadi, jumladan, Vashingtondagi «Uotergeyt» majmuasidagi Demokratik milliy qo‘mitaning shtab-kvartirasidagi saylovoldi tashviqot hujjatlarini suratga olish va telefonlarga tinglash moslamalarini o‘rnatish.

Shu tariqa, prezident Richard Niksonning iste’fosiga sabab bo‘lgan mojaro boshlandi. Bu Amerika ichki siyosati tarixidagi eng shov-shuvli voqea edi.