Tadbirkorlarning tashqi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, soliq tekshiruvlarini kamaytirish va ularning shaffofligini oshirish, biznes vakillarini qiynayotgan muammolarga amaliy yordam ko‘rsatish va boshqalar – Savdo-sanoat palatasining raisi Davron Vahobov qilingan va rejalashtirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Savdo-sanoat palatasi – tadbirkorlarni birlashtiruvchi va ularga ko‘plab sohalarda ko‘maklashuvchi, ko‘ngillilik asosida tuziladigan nodavlat-notijorat tashkilot. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda savdo-sanoat palatalari mavjud bo‘lib, a’zolariga huquqiy, tashkiliy va boshqa yordamlarni ko‘rsatishadi. Bu tashkilotlar sog‘lom iqtisodiy jarayonlarning ajralmas qismiga aylangan. O‘zbekistonda ham savdo-sanoat palatasi bor va mamlakatdagi tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilishda biznes vakillari bilan birga ishlaydi. Kun.uz mazkur tashkilot rahbari Davron Vahobov bilan intervyu tashkil qildi.

 Eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar qanday qo‘llab-quvvatlanmoqda?

—  Pandemiya davrida logistikada narxlar ko‘tarilgani uchun bu bo‘yicha alohida subsidiyalar berila boshlandi. O‘rtacha 6 mingta eksportchi korxona bo‘lsa, ushbu korxonalar logistika xarajatlarining 50 foizdan 70 foizgacha qismi qoplab berildi. Bundan tashqari, talab qilinadigan sertifikat-hujjatlarning ma’lum bir qismi bekor qilindi. Xalqaro standart sertifikatlarining xarajatlarini ham Eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi to‘lab beryapti. Yarmarka va ko‘rgazmalarda qatnashish mexanizmi kuchaytirilib, buning ham xarajatlari agentlik tomonidan qoplanadi. Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan so‘ng logistika xarajatlarini qoplab berish uchun 100 mln dollar ajratildi. Bugungi kunda sanksiyalar sabab ba’zi koridorlardan foydalanib bo‘lmaydi, yangi koridorlar esa qimmat. Shuning uchun pul ajratildi.

 SSP soliq tekshiruvlarining shaffofligini oshirish borasida qanday choralar ishlab chiqadi?

— Ochiq reyting yuritilib, ma’lum kritiriyalar bo‘yicha tadbirkorlarga QQSning qaytarib berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, ortiqcha tekshiruvlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilyapti. Tadbirkorlarga yordam berish, o‘sish mexanizmlarini o‘ylashimiz kerak bo‘ladi. Reyting masalasi hozircha faqat soliqqa tegishli bo‘lsa, hali yana boshqa faktorlar ham qo‘shiladi bu reytingga. Har xil tekshiruvlar kamaygach, tadbirkorlar bemalol o‘z ishi bilan shug‘ullanadi. Reytingdagi korxonalarning ma’lumoti elektron shakllantirilib borilaveradi, ortiqcha tekshiruvlarga hojat bo‘lmaydi.