Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
10 millionlik maosh, yiliga 100 tadan yangi maktab va Oqdaryo tajribasi: prezident selektorida ko‘tarilgan asosiy masalalar
Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda qator masalalar ko‘tarildi.
O‘qituvchilar oyligi haqida
Prezident o‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshgani, jumladan, chet tili, Ay-Ti, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etilganini qayd etdi.
Natijada, 6 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni – 23 mingga yetgan, 10 million so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshgan. Yana 2 mingga yaqin muallimlarga Vazir jamg‘armasidan qo‘shimcha ustamalar to‘lanmoqda.
Ta’lim sifati haqida
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko‘p.
So‘nggi yillarda oliy ta’limda qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Hozir boshlang‘ich sinflarda – 11 ta, yuqori sinflarda – 16 ta fan o‘tilgani bilan, o‘quvchilar aniq bir yo‘nalishda chuqur bilimga ega bo‘lmay, maktabni bitiryapti.
Masalan, 107 ta tumandan talaba bo‘lganlar oliygohga kirish imtihonlarida matematika bo‘yicha maksimal ballning yarmini ham yig‘a olmagan.
Eng past ko‘rsatkichlar – Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlari, Yangiyer, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod, Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlari, Andijon, Asaka Davlatobod, Konimex, Samarqand, Sirdaryo, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Toshkent, Shayxontohur, Olmazor va Mirobod tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Fizika (o‘rtacha 42 ball), kimyo (o‘rtacha 44 ball) va biologiya (58 ball) bo‘yicha ham birorta tuman va shaharda maqtagulik natija yo‘qligi qayd etildi.
2022 yilda 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va ko‘nikmasi «qoniqarsiz» baholangan.
Eng yomon ko‘rsatkich – Qo‘qon shahri, Arnasoy, Pop, Konimex, Chiroqchi, Dehqonobod, Yakkabog‘, Urgut, Sayxunobod, Sirdaryo, Qiziriq, Angor, Boysun, Sherobod, Olmazor, Bektemir, Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, Zangiota, Tuproqqal’a tumanlarida.
Talab yuqori bo‘lgan informatika (62 foiz), fizika (51 foiz), ingliz tili (49 foiz), matematika (45 foiz) va kimyo (44 foiz) fani o‘qituvchilarining bilimi «qoniqarsiz» ekani aniqlangan.
Toshkent viloyatida fizika, kimyo, ona tili va adabiyot, Sirdaryoda matematikadan o‘qituvchilarning – 60 foizi, Namanganda informatikadan – 68 foizi, Jizzaxda ingliz tilidan – 52 foizining bilimi qoniqarsiz.
51 ming nafar chet tili o‘qituvchilaridan 17 ming nafari (33 foizi) «S1» darajasiga ega.
Xorazmda 656 nafar (20 foiz), Jizzaxda – 466 nafar (23 foiz), Surxondaryoda – 848 nafar (25 foiz) Andijon, Samarqand va Qashqadaryoda – 1,2 ming nafardan (25 foiz), Farg‘onada – 1,4 ming nafar (26 foiz) va Sirdaryoda – 303 nafar (28 foiz) chet tili muallimlari «S1» darajasiga ega. Navoiyda esa bu ko‘rsatkich 1,6 ming nafar yoki 68 foizni tashkil qilib, respublika bo‘yicha 1-o‘rinda.
Maktablar tanqisligi haqida
O‘tgan olti yarim yilda 320 ming xonadonli yangi uy-joy barpo etilgani bilan, ularga mos quvvatdagi maktablar qurilmagani, yangi qurilgan massiv va mahallalarda hozirning o‘zida 350 ming yangi o‘quvchi o‘rinlariga maktabga talab mavjudligi ta’kidlandi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda 70 ming o‘rinli 350 ta xususiy maktab tashkil etilgani, Toshkent shahri (134 ta) va Farg‘ona (60 ta) xususiy maktablar salmog‘i qolgan hududlardan ancha yuqori. Navoiyda atigi 3 ta, Surxondaryoda 4 ta, Sirdaryoda esa 7 ta xususiy maktab borligi bildirildi.
Masalan, qo‘shimcha 150 ming o‘quv o‘rniga ehtiyoji bo‘lgan Samarqandda bor-yo‘g‘i 6 ming 300 o‘rinli 35 ta xususiy maktab ishlayotgani aytildi.
Hokimlar o‘zlari ham mablag‘ topib, maktab infratuzilmasini yaxshilash to‘g‘risida «bosh qotirishi» kerakligi qayd etildi.
Maktablarni ta’mirlashga bu yil mahalliy budjetdan 135 milliard so‘m ajratilgan, biroq 31 ta tuman va shaharda hokimlar ushbu maqsadlar uchun mablag‘ bermagani tanqid ostiga olindi.
Oqdaryo tajribasi
Prezident o‘tgan hafta Oqdaryodagi 32-maktabda tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarni kasbga o‘qitish tajribasi bilan tanishganini, bu maktabda o‘quvchilarni 7-sinfdan boshlab mahalla va tumanda talab yuqori bo‘lgan veterinar, agronom, meva-sabzavot quritish, ipakchi, mebelchi, avtomobil ustasi kabi 15 ta kasb-hunarga o‘rgatish va 2 ta chet tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilganini aytdi.
Davlat rahbari bu ishlar mahalliy budjet va tadbirkorlar hisobidan tashkil qilinganini, o‘quvchilar bu yerda ish haqi olayotganini ta’kidlab, barcha viloyatlar «OblONO» rahbarlariga Oqdaryoga borib, bir hafta davomida ushbu tajribani o‘rganishni topshirdi.
Mirziyoyev bundan tashqari, maktablarda yoshlarni bugungi kunda talab yuqori bo‘lgan, kam xarajat qilib, ko‘p daromad oladigan dizayner, Ay-Ti dasturchi, 3D animator, media-montajchi kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.
Ta’lim sifatini oshirish haqida
Shavkat Mirziyoyev respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi, baholash tizimi joriy etilishini e’lon qildi.
Bunda Prezident va ixtisoslashgan maktablar ularga «tayanch maktab» bo‘lishi aytildi.
Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama berilishi ta’kidlandi.
Kelgusi besh yilda ushbu tizim barcha maktablarda joriy qilinishi belgilangan.
2023 yil maktablarda dars berish uchun xorijdan 500 nafar «til egalari» olib kelingani, bu raqamlar kelgusi yilda yana 1,5 mingga ko‘payishi aytildi.
Ta’kidlanishicha, bu yil maktablarni kompyuter sinflari bilan jihozlashga respublika budjetidan 320 mlrd so‘m ajratilib, 40 mingga yaqin kompyuterlar olib berilgan.
Fanlar qisqarishi haqida
Yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqaradi.
Bunda oliygohga kirishga ishtiyoqi bor bo‘lgan 10-11-sinf o‘quvchilariga:
- «Kimyo – biologiya»;
- «Matematika – fizika»;
- «Matematika – chet tili»;
«Ona tili va adabiyot – chet tili» fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi o‘quvchilarga esa, maktabning o‘zida tayyor mutaxassis bo‘lib yetishib chiqish imkoniyati yaratilishi aytildi.
Sentyabrdan boshlab, ushbu tajriba salohiyati va tayyorgarligi bor 135 ta maktabda yo‘lga qo‘yilishi, kelgusi o‘quv yilidan kamida 1 mingta maktab ushbu tizimga o‘tkazilishi belgilandi.
O‘quv dasturlariga qo‘shimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlandi. Barcha yangi takliflar mavjud fanlarga integratsiya qilinib tayyorlanadi.
Bepul yod tarqatilishi haqida
Davlat rahbari uch yil oldin 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yod, vitaminlar va gijjaga qarshi dorilar tarqatish amaliyoti joriy qilingani haqida gapirib, bu amaliyot natijasida bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan qalqonsimon bezi kasalliklari kamayishni boshlaganini bildirdi.
Mirziyoyev joriy yilda ham maktab o‘quvchilariga yod preparatlarini bepul tarqatish davom ettirilishini, buning uchun yetarli zaxira borligini aytdi.
O‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha
Bildirilishicha, har yili maktablarda 8 ming o‘qituvchi ishga qabul qilinadi, yangi maktablar hisobiga yana shuncha o‘qituvchiga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Endi o‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida bo‘lishi, bunda ilk bor qabul qilingan nomzodlar 1 yil o‘qituvchi-stajyor bo‘lib ishlashi, yil yakuni bilan kasbiy sertifikat olishi lozimligi qayd etildi.
O‘qituvchilar malakasi tabaqalashgan holda oshirilishi, malaka oshirishdan oldin o‘qituvchini bilimi diagnostikadan o‘tkazilishi va natijasiga ko‘ra individual kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari belgilanishi bildirildi.
Bunda muallimning bilim ko‘rsatkichlari baholanadi va past natija olganlari bo‘yicha o‘zi o‘qigan oliygohga reklamatsiya yuboriladi, ya’ni bu natijalar pedagogik oliygohlar faoliyatiga uchun ham baho bo‘ladi. Past natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar an’anaviy usulda, yuqori natijaga erishganlari onlayn shaklda malaka oshiradi.
Direktorlar oyligi oshishi haqida
Prezident Mirziyoyev maktab ta’limida boshqaruv tizimi o‘zgarishini, joriy yilda direktorlikka nomzodlarni o‘qitish va bilimini baholashni amalga oshiruvchi «Direktorlar maktabi» tashkil qilinishini aytdi.
Direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanishi, ular muddatli kontrakt asosida ishga olinishi ta’kidlandi
Qayd etilishicha, direktorlar va o‘rinbosarlari har besh yilda bir marta sertifikatsiyadan o‘tadi. Sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinadi. Davlat rahbari mas’ullarga yil yakuniga qadar direktor lavozimi uchun 1 ming nafar zaxira kadrlarni shakllantirish topshirig‘ini qo‘ydi.
Sertifikatsiyadan o‘tgan direktorlar oyligini 50 foizga, o‘rinbosarlar ish haqini esa 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgani bildirildi.
O‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish haqida
2024 yilda investitsiya dasturi doirasida maktab qurilishiga 3 trln so‘m ajratilishi (joriy yilda 2,5 trillion so‘m berilgan, 120 ming o‘quvchi o‘rni) buning hisobiga 150 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratilishi ta’kidlandi.
Yangi maktab qurish uchun yer maydonlari faqat va faqat maktab qurish uchun maqsadli auksionga chiqarilishi ma’lum qilindi.
Prezident amaliy chora-tadbirlar orqali 2024 yilning o‘zida 250 ming yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 karra ko‘p o‘quvchi o‘rni yaratilishini bildirdi.
Mirziyoyev mas’ullarga 2030 yilgacha har yili 100 tadan maktab qurilishiga xususiy sheriklar jalb qilishni topshirdi.
Mavzuga oid
18:31 / 28.08.2025
Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi harbiy paradda ishtirok etadi
17:40 / 28.08.2025
«Mana shu 30 yillikda yopiq davlat sifatida turganmiz» – muftiy O‘zbekistonning xalqaro aloqalari kengayayotgani haqida
21:09 / 27.08.2025
Shavkat Mirziyoyev yangi barpo etilgan «Toshkent-Sharqiy» aeroportini borib ko‘rdi
20:34 / 27.08.2025