Zelenskiy: urush vaqtida saylovlar faqat g‘arbning puliga o‘tkazilishi mumkin
Ukraina prezidenti urush davom etayotgan bir paytda saylov o‘tkazish uchun davlat budjetidan pul ololmasligini aytdi. Bundan tashqari, u harbiy xizmatchilar va qochqinlar tomonidan ovoz berish, shuningdek, kuzatuvchilarni yuborish muammolariga ishora qildi.
Agar AQSh va Yevropa Ittifoqi Kiyevga saylov kampaniyasi va ovoz berishni moliyalashtirishda yordam bersa, Ukrainada urush paytida saylovlar o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy jurnalist Natalya Moseychukka bergan intervyusida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovlarni tinchlik davrida o‘tkazish uchun taxminan 5 milliard grivna kerak. «Urush vaqtida qanchaga tushishini bilmayman. Men saylovlarni kreditga o‘tkazmayman, quroldan ham pul olib, saylovga bermayman», - deya ogohlantirdi Zelenskiy 28 avgust, dushanbaga o‘tar kechasi g‘arbning Ukrainada saylov o‘tkazish haqidagi chaqiriqlariga izoh berar ekan.
Kuzatuvchilarni yuborish va harbiylarning ishtiroki
Shu bilan birga, u saylovlar bo‘lib o‘tsa, AQSh va Yevropa o‘z kuzatuvchilarini Ukrainaga, jumladan, front chizig‘iga yuborishi kerakligini ta’kidladi. «Ammo eng muhimi - birga tavakkal qilaylik. Kuzatuvchilar xandaqda bo‘lishi kerak. Men aytdim: saylovlarimiz butun dunyo uchun qonuniy bo‘lishi uchun biz kuzatuvchilarni frontga jo‘natishimiz kerak. Bu - mutlaqo adolatli», - dedi Ukraina prezidenti.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar, shuningdek, Yevropa mamlakatlari bo‘ylab tarqalib ketgan millionlab ukrainalik qochqinlar uchun ovoz berish imkoniyatini ta’minlash kerak. Zelenskiy Ukraina qonunchiligi saylovlarni harbiy holat sharoitida o‘tkazishni taqiqlashini eslatdi.
Oktyabr oyidagi parlament saylovlari bekor qilindi
Avvalroq amerikalik respublikachi senatori Lindsi Grem Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina hukumatini saylovlarni 2024 yildan kechiktirmay o‘tkazishga chaqirgan edi. Ayni paytda Ukraina Oliy radasi harbiy holatni noyabr oyi o‘rtalarigacha uzaytirdi, bu esa Konstitutsiyaga ko‘ra, 29 oktyabrga belgilangan navbatdagi parlament saylovlarini o‘tkazishni imkonsiz qildi. 2024 yil 31 martga belgilangan prezidentlik saylovlarini o‘tkazish ham savol ostida qolmoqda.
Mavzuga oid
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
21:49 / 08.11.2024