Jahon | 08:58 / 31.08.2023
5042
5 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya Rossiya va Belarusga qarshi sanksiyalarni kuchaytirmoqchi

Shveytsariya hukumati pul yuvish va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha yangi choralarni ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Getty Images

Shveytsariya Federal kengashi (hukumat) 30 avgust, chorshanba kungi yig‘ilishida respublikada pul yuvishga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etdi. Ba’zilari Federal kengash rasmiy veb-saytidagi xabarda keltirilgan yangi chora-tadbirlar, xususan, Yevropa Ittifoqining Rossiya hamda Belarusga nisbatan sanksiyalari va eksport cheklovlarini amalga oshirish ustidan nazoratni kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.

Shu tariqa, Konfederatsiya hokimiyati federal reyestrni joriy etish niyatida, unga mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar o‘z benefitsiarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritishi shart. Reyestr ochiq bo‘lmaydi, undan «oshkoralikni oshirish» va huquqni muhofaza qilish organlariga ma’lum bir kompaniyaning haqiqiy egasini «tezlik va ishonchlilik bilan» aniqlash imkonini berish uchun faqat hokimiyat organlari foydalanishi mumkin. Shu bilan birga, kompaniya faoliyati tugatilgandan keyin ham reyestrda bu haqdagi ma’lumotlar yana o‘n yil davomida saqlanadi. 

Bundan tashqari, Shveytsariyaning nazorat qiluvchi organlari mintaqaviy hokimiyat organlaridan mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar va jamg‘armalarning faoliyati hamda egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishda ko‘proq vakolatlarga ega bo‘ladi, shuningdek, ushbu ma’lumotlarni sud va boshqa davlat organlariga soddalashtirilgan tartibda o‘tkazishi mumkin. 

Konsalting kompaniyalariga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi choralar 

Bundan tashqari, qonun loyihasi mualliflari jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi mavjud choralarni Shveytsariyada faoliyat yurituvchi konsalting kompaniyalariga nisbatan kengaytirishni taklif qilmoqda. Shuningdek, qimmatbaho metallarni naqd pulga sotib olishning yuqori chegarasini kamaytirish taklif etilmoqda. Agar hozir Shveytsariyada 100 000 frankka (taxminan 104 000 yevro) metall sotib olish mumkin bo‘lsa, kelajakda chegara 15 000 frank darajasida belgilanmoqchi. 

Qonun loyihasi mualliflarining ta’kidlashicha, bu choralar boshqa narsalar qatori Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar va «embargo qonuni» ustidan nazoratni kuchaytirishga yordam beradi. Qonun loyihasi muhokamasi 29 noyabrgacha davom etadi va 2024 yilda u yakuniy shaklda taqdim etiladi. 

Shveytsariya har doim ham Rossiyaga qarshi cheklovlarni qo‘llab-quvvatlamaydi 

Rossiyaning Ukrainada keng miqyosli harbiy harakatlari boshlanganidan beri Shveytsariya hukumati urush paytida betaraflik tamoyillaridan chetga chiqishni istamagani uchun bir necha bor tanqid qilingan. Bu Kiyevga ma’lum turdagi qurol yoki o‘q-dorilarni berishdan bosh tortishda ham, masalan, Bernning Shveytsariyada Rossiyadan bo‘lgan jismoniy shaxslarning aktivlarini musodara qilishdan bosh tortganida ham ifodalangan. 

2023 yil aprel oyi o‘rtalarida G7 Shveytsariyaga Rossiyaning sanksiyalarga uchragan aktivlarini bloklash bo‘yicha faoliyatini tanqid qilib, maktub yo‘lladi. G7 maktubida Shveytsariyaning sanksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qayd etdi, ammo aylanib o‘tishga qarshi kurashda qat’iyroq siyosat zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Shveytsariya Rossiyadan bo‘lgan shaxslarning ba’zi hisobraqamlarini blokladi hamda ular ustidan nazoratni kuchaytirdi. Avgust oyi o‘rtalarida esa Shveytsariya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketiga qo‘shildi. 

Mamlakat o‘zining betarafligi formatini o‘zgartirishi mumkin 

Shunga qaramay, Shveytsariya hukumati Kiyevni harbiy qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shuvchi qadamlar qo‘ydi. Shu tariqa, may oyida Shveytsariya hukumati Germaniyaga 25 ta Leopard 2 tankini qayta sotishga rozi bo‘ldi, u Ukrainaga tanklarni topshirgandan so‘ng o‘z zaxiralarini to‘ldirmoqchi edi. Ammo bundan ko‘p o‘tmay, mamlakat parlamenti uchinchi davlatlarga Shveytsariyada ishlab chiqarilgan qurollarni Kiyevga topshirishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini rad etdi. 

Bundan tashqari, Shveytsariyadagi omborlarda saqlanayotgan yana 96 ta Leopard tanki haqida bir necha oydan beri bahslar davom etmoqda. Germaniyaning Rheinmetall qurol konserni ularni mamlakatdan sotib olishni taklif qildi, bu Shveytsariyaning Ruag konserni tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid