Sochida Putin va Erdo‘g‘an uchrashuvi yakunlandi. Asosiy gaplar
«G‘alla bitimi» tiklanmadi, matbuot anjumani vaqtida Putin Ukrainaning qarshi hujumi haqidagi savolga ham javob berdi.
Sochi shahrida Rossiya va Turkiya prezidentlari muzokaralari yakunlandi. Yakuniy matbuot anjumanida e’lon qilingan bayonotlarga ko‘ra, «g‘alla bitimi»ni qayta tiklash bo‘yicha biror kelishuvga erishilmagan.
Rossiya prezidenti «g‘alla bitimi» bo‘yicha avvaldan Rossiya tomoni manfaatlarini hisobga olib majburiyatlar kelishilgani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim muddati tugayotganida ham hech qanday majburiyat ijro etilmagan, biroq tezda hammasini bajarishini va’da qilib RFdan yana uni uzaytirishni so‘rashgan. Rossiya yana ko‘ngan, biroq evaziga hech narsa olmagan. U bitim uchinchi marta uzaytirilganda Rossiyani «adlab ketishgani»ni ta’kidlagan. «Biz barcha berilgan va’dalar bajarilsagina, bitimga zudlik bilan qaytishga tayyormiz», dedi Sochida Putin.
Rossiya prezidentining qayd etishicha, Rossiya bitim doirasida xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bilan band bo‘lib turgan bir chog‘da, ikkinchi tomon humanitar yo‘laklardan «terrorchilik hujumlari» uchun foydalangan. Boz ustiga, Ukranadan chiqqan ozi-ovqat yuklarining 70 foizidan ortig‘i Afrika davlatlariga emas, Yevropaning o‘ziga to‘q davlatlariga yo‘l olgan. Natijada Rossiyani bitimdan chiqishga «majbur qilishgan», chunki G‘arb davlatlari Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazishni ta’minlashda taqiq o‘rnatgan, «g‘alla bitimi»ning humanitar xarakterga ega ekani borasida esa aldamoqda.
Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, bitim yakunlanishi global oziq-ovqat narxlariga ta’sir o‘tkazmagan. «Jahon bozorlarida g‘alla mahsulotlari narxi pasayishda davom etmoqda, chunki Ukrainaning jahon g‘alla bozoridagi ulushi bor-yo‘g‘i 5 foiz atrofida va bu yanada kamayishda davom etadi», degan Putin.
Hozircha Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlar eksportini o‘zi yo‘lga qo‘yish niyatida, Afrikaning oltita davlati bilan g‘alla yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzolashga yaqin.
Erdo‘g‘an esa «g‘alla bitimi» qashshoq davlatlar uchun muhim ahamiyat kasb etganini qayd etdi. Turkiya BMT bilan birga bitim bo‘yicha yangi maslahatlashuvlar paketini tayyorlagan.
Putin matbuot anjumani davomida Ukrainadagi vaziyat haqida ham o‘z fikrlarini bildirgan.
Jurnalistning Ukraina qarshi hujumi depsinib qoldi, deb hisoblash mumkin, deya bergan savolgiga javoban RF prezidenti shunday degan:
«Bu — depsinish emas, bu — barbod bo‘lish. Nima bo‘lganda ham, bugungi kunga kelib hammasi aynan shunday ko‘rinmoqda. Kelgusida nima bo‘lishini ko‘raveramiz. Umid qilamizki, keyinchalik ham aynan shunday bo‘lib qoladi».
Putin Rossiya ilgari ham, hozir ham Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha tinch muzokaralarni rad etmaganiga urg‘u bergan.
So‘nggi marta Putin va Erdo‘g‘an qariyb bir yil muqaddam — 2022 yilning 13 oktyabrida Qozog‘iston poytaxti Astana shahrida uchrashgan edi. Undan avvalgi uchrashuvi 2022 yil avgustida Sochida bo‘lib o‘tgandi.
Rossiya bir yil ichida Ukrainaning 30 mln tonna g‘allasini eksport qilish imkonini yaratgan «g‘alla bitimi»ni 17 iyul kuni tark etgan edi.
Moskvaga bunga sabab qilib kelishuvlarning bir qismi, xususan Rossiyadan o‘g‘it mahsulotlarining yengillashtirilgan tartibda eksport qilish masalasi yechilmasdan qolib ketganini ta’kidlagan. Zelenskiy o‘sha kuniyoq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Erdo‘g‘anga bitimni uch tomonlama formatda Rossiya ishtirokisiz davom ettirish taklifi bilan chiqqan. Kreml bunga javoban g‘alla bitimi davom ettiriladigan bo‘lsa «ma’lum bir risklar» bilan tahdid qilgan.
Bitimni tark etgach, Rossiya qo‘shinlari butun «g‘alla yo‘lagi» o‘tgan Qora dengiz hududini kemachilik uchun xavfli hudud deb e’lon qildi va deyarli har kuni Ukraina janubi va Odessa oblasti va undagi «g‘alla bitimi»ga safarbar qilingan port infratuzilmalarini o‘qqa tuta boshladi.
Rossiya Ukraina portlariga yaqinlashayotgan kemalarni harbiy maqsaddagi yuk ortib olgan harbiy nishon sifatida ko‘rishini ta’kidladi. Rossiya mudofaa vazirligi bunday kemalarga bayrog‘i ilingan davlatlar «Kiyev rejimi tarafda harbiy mojaroga aralashgan» deb hisoblanishini e’lon qildi. RF TIV esa qandaydir chora ko‘rilishidan avval Rossiya Qora dengizdagi kemalarni ko‘zdan kechirishini qo‘shimcha qildi.
Shundan so‘ng ko‘p o‘tmasdan Rossiya harbiylari Odessa porti tomon yo‘l olgan Turkiyaning Sukru Okan yuk tashuvchi kemasiga tushishdi. Bunga javoban NATOning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq bosh qo‘mondoni Jyeyms Stavridis Moskva Qora dengizning xalqaro suvlarida kemalarni ushlashda davom etsa NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urush keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.
10 avgust kuni Ukraina Qora dengiz portlariga kirib chiqayotgan fuqarolik kemalari uchun vaqtinchalik «yo‘laklar» haqida e’lon qildi. Bunday yo‘laklardan allaqachon to‘rtta kema yuk olib o‘tdi.
Turkiya esa Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi rolini faollik bilan taklif qilmoqda va diplomatik ko‘mak bermoqda.
Mavzuga oid
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024