Rossiya propagandasi Moskvadan yuz o‘girgan Armanistonga qarshi “yangi front” ochdi. Yerevan NATOga yaqinlashish asnosida, AQShdan Qorabog‘ bo‘yicha iliq munosabat umid qilayotgandek ko‘rinmoqda. Ayni paytda, Ozarboyjonning butun turkiy dunyo, Yevropa va Xitoy manfaatiga ishlaydigan Zangezur koridorini kuch bilan bo‘lsa-da ochish da’vosiga javoban, Eron bunga rozi bo‘lmasligini bildirdi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi Janubiy Kavkazda ro‘y berayotgan transformatsiya jarayonlarini siyosatshunoslar Suhrob Bo‘ronov va Kamoliddin Rabbimov ishtirokida tahlil qildi.

— Qorabog‘ mojarolari 2020 yildagi urushdan keyin yakun topgandek edi. Lekin bugun yana jonlandi, nafaqat harbiy, balki diplomatik chiqishlar ham bo‘lib turibdi. Bu masalaning kun tartibiga chiqishiga nimalar sabab bo‘ldi?

Suxrob Bo‘ronov: Janubiy Kavkaz geostrategik jihatdan jahon siyosatida muhim rol o‘ynaydi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi va Rossiya-Ukraina urushidan so‘ng o‘ziga xos transformatsiya jarayoni boshlandi bu hududda. Bu transformatsiya Rossiyaning mintaqadagi zaiflashuvi bilan belgilanadi. Armaniston o‘z tashqi siyosat vektorida Rossiyadan uzoqlashish yo‘lidan boryapti. Armaniston bosh vaziri ham yaqinda bergan intervyusida mamlakatning tashqi siyosat asosiy vektori Rossiya bo‘lganini xato bo‘lgan, dedi.

Buning ustiga Armaniston KXShTdan vakilini chaqirib oldi. AQSh bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni kelishib ham oldi. Bundan tashqari, Xalqaro jinoiy sudning hujjatlarini ratifikatsiya qilish uchun parlamentga yubordi. Umuman, Armaniston tashqi siyosatda vektorlarini keskin o‘zgartiryapti. Shu omillar ham konfliktlarga qaysidir ma’noda sabab bo‘lyapti deyish mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Qorabog‘dagi prezidentlik saylovini dunyo davlatlari, shuningdek, Rossiya ham tan olmadi. Lekin saylovning o‘tishi yangi geosiyosiy o‘yin boshlanganini bildiradi. 40 kunlik urushda Armanistonning yutqazishi Yerevandagi elita tomonidan juda og‘riqli qabul qilingan edi. Bundan keyin mintaqaviy qudratli kuchlar bo‘lmish Turkiya, Xitoy va Rossiya ishtirokida Qorabog‘ni beramiz, degan tafakkur uyg‘ongandi. Ammo bugun ularda yangi bir umid paydo bo‘lyapti. Suxrob aytganidek, Rossiyadan uzoqlashyapti, chunki kuchli arazlagan. O‘sha vaqtda Rossiya hukumati ham aralashmadi va Qorabog‘ Ozarboyjonga tegishli deb tan oldi. Balki Armaniston Qorabog‘ masalasida kollektiv G‘arbdan qandaydir umid qilayotgandir. Lekin menimcha, buning iloji yo‘q. Chunki asosiy o‘yinchi bo‘lmish AQSh saylovni mutlaq tan olmadi va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Agar tan olsa, AQSh va kollektiv G‘arb uchun ziddiyatli vaziyatlar ko‘payib ketadi.