Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun davlat subsidiya beradi.
Foto: agroinspeksiya.uz

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib suv resurslari O‘zbekistonning asosiy daryolari — Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

Boshqa tomondan, aholining o‘sishi hisobiga O‘zbekistonda 2030 yilga borib suvga bo‘lgan talab 7 mlrd metr kubni tashkil etishi, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi — 14 mlrd metr kubga yetishi mumkin.

Shularni inobatga olib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish tubdan isloh qilinmoqda. Asosiy masala — suvdan oqilona va samarali foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash.

Jumladan:

·       2017–2023 yillarda jami 1,2 mln ha yer maydonlarida (yoki qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining qariyb 31 foizida) suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Bu tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret sug‘orish, egiluvchan quvur, plyonka to‘shab sug‘orish kabi texnologiyalarni o‘z ichiga oladi, ushbu yillarda 630 ming ha yer lazer yordamida tekislandi;

·       2019 yildan suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha subsidiya ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, 2022 yildan boshlab ushbu tizim raqamlashtirildi;

·       Suv xo‘jaligi sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy qilish maqsadida 5479 ta «Aqlli suv» qurilmasi, nasos stansiyalariga 1446 ta onlayn nazorat qurilmasi hamda meliorativ kuzatuv quduqlariga minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qiluvchi 5055 ta «Diwer» qurilmalari o‘rnatildi, 45 ta yirik suv xo‘jaligi obektlarining boshqaruv jarayoni avtomatlashtirildi;

Suv tejovchi texnologiya vositalarini ishlab chiqarish allaqachon 80 foizga mahalliylashtirilgan. Foto: water.gov.uz

Amalga oshirilgan bu chora-tadbirlar natijasida, 3 mlrd metr kub suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 400 ming ha maydonda suv ta’minoti yaxshilandi. Suvni boshqarish jarayonini avtomatlashtirish orqali yo‘qotishlar 10 foizgacha kamaytirildi.

Suv tejovchi texnologiyalarni mahalliylashtirish darajasi 80 foiz bo‘lib, mamlakatda bu bilan shug‘ullanadigan korxonalar soni 50 tadan oshgan. O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinni egallaydi.