12:31 / 16.09.2023
20034

Markaziy bank valuta operatsiyalariga kiritilgan yangi cheklovlarni bekor qildi

O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari va tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘yilgan valuta operatsiyalari bo‘yicha yangi cheklovlarni bekor qildi. Bu haqda regulyator rahbari Mamarizo Nurmurodov matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Avvalroq Markaziy bank 18 sentabrdan boshlab tijorat banklari uchun valuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirayotgani ma’lum qilingandi. Bu haqdagi qaror Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 15 sentabr kungi yig‘ilishida, so‘ngra regulyator rahbariyati tomonidan qabul qilingan. 

Markaziy bankning talabi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar valuta operatsiyalarini faqat asosiy hisobvarag‘i ochilgan bankda amalga oshira olishi belgilangandi. Tadbirkorlar xorijiy valuta sotib olish uchun bankning tegishli tuzilmasidan ijobiy xulosa olishi kerak edi. Banklar yangi talablarni bajarmagan taqdirda valuta birjasidagi ishtiroki cheklab qo‘yilishi haqida ogohlantirilgan.

Endi esa banklarga 15 sentabrda qabul qilingan qarorni ijrosiz qoldirish lozimligi bildirildi.

Top