Kun.uz O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh sobiq raisi, Koreya Respublikasining Jyeneva shahridagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi sobiq elchisi Li Tayeho bilan intervyu tashkil etdi. 

Suhbat davomida janob Li Tayeho JSTga a’zo bo‘lish talablari, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarning bugungi holati, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar va boshqa ko‘plab masalalar haqida to‘xtalib o‘tdi. 

— Janob elchi, avvalambor suhbatga rozilik berganingiz uchun katta rahmat. Bilamizki, siz Jahon savdo tashkiloti, uning ishlash mexanizmlari borasida katta bilim va tajribaga egasiz. Siz mamlakatingizning tashkilotdagi diplomatik missiyasini ikki yil davomida boshqargansiz va tashqi ishlar vazirligi tizimida yuqori lavozimlarda ishlagansiz. 

Bundan tashqari, bir muddat oldin O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhga rahbarlik qilgansiz va bu boradagi jarayondan to‘la xabardorsiz. 

Shundan kelib chiqib so‘ramoqchi bo‘lgan birinchi savolim JSTga a’zolikning ahamiyati haqida. O‘zbekiston ayni damda olib borayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar sharoitida tashkilotga a’zo bo‘lishi uni JST qolipiga solib qo‘ymaydimi? 

— Savol uchun rahmat. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza topshirgan, ya’ni tashkilot rasman ish boshlashidan bir yil oldin. Biroq keyin bu boradagi harakatlar sustlashib ketdi va yaqin-yaqingacha hech qanday faollik kuzatilmadi. So‘nggi yillarda esa hukumatingiz bu ishga yana qizg‘in kirishdi va biz buni, albatta, qo‘llab-quvvatlaymiz. 

Ma’lumki, bugungi global dunyoda barcha davlatlar bir-biri bilan savdo-sotiq aloqalari sabab uzviy bog‘liq. O‘zbekiston ham ushbu zanjirning bir qismi, garchi u JSTga a’zo bo‘lmasa ham. 

Li Tayeho 

JST tashkil etilganda unga 76 davlat a’zo edi, hozirda ularning soni 164 taga yetgan. A’zo davlatlar soni bunday tez sur’atlarda o‘sishi, tashkilot ahamiyati qay darajada yuqori ekanini ko‘rsatadi. O‘zbekiston hozircha tashkilot tarkibida emas, lekin unga qo‘shilish uchun faol harakat qilmoqda.