Internet rivojlangan bugungi dunyoda istalgan ma’lumotlarni qidirib topish mumkin bo‘lib qoldi. Jumladan, ish takliflarini ham. Telegram yoki Google, Yandex kabi qidiruv platformalari orqali “ish kerak”, “ish bor” yoki “vakansiya” deb qidirsangiz, bog‘bonlikdan tortib yirik kompaniyalar menejyerligigacha takliflarni topasiz. Oyliklar ham shunga yarasha: 500 ming so‘mligi ham bor, 20 mln so‘mligi ham topiladi.

Talablar ham maoshlarning katta-kichikligiga qarab qo‘yilaveradi – ish tajribasi talab etiladi yoki etilmaydi, dam olish kuni bor yoki yo‘q, to‘liq yoki qisman ish kuni, “onlayn” yoki “oflayn”, talabalarga yoxud ishsizlarga va hokazo... Bulardan tashqari davlat tomonidan turli idoralardagi mas’ul lavozimlar hamda bo‘sh ish o‘rinlariga tanlovlar e’lon qilib boruvchi maxsus saytlar ham faoliyat yuritadi.

“The global economy” tahliliy portalining Jahon banki ma’lumotlariga tayanib ma’lumot berishicha, 1991 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davr ichida O‘zbekistondagi ishsizlik darajasining o‘rtacha ko‘rsatkichi 6,94 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, shundan 1991 yilda minimal 1,9 foiz, 1998 yilda esa maksimal 13,3 foiz qayd etilgan. 2022 yildagi ishsizlik darajasi esa 6,01 foiz (O‘zbekistondagi rasmiy manbalarga ko‘ra 9,6 foiz) bilan 176 ta davlat ro‘yxatida O‘zbekiston 81-o‘rinni band etgan.

O‘tgan yili ishga muhtoj bo‘lganlarning soni esa 1,4 mln kishi bo‘lgan. Ishsizlar soni ma’lum. Endi ish takliflariga yuzlansak. O‘zbekistonda qanday mutaxassisliklarga ehtiyoj bor? Bo‘sh ish o‘rinlari ham ko‘p, ishga muhtojlar ham. Nega bu sektorda talab va taklif qonuni ishlamayapti? Shu savollarga javob topishga urinamiz.

Milliy vakansiyalar bazasida respublika bo‘ylab 100 mingdan ortiq korxonalar (shundan 85 mingga yaqini davlat tashkilotlari) tomonidan qariyb 284 ming bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha taklif berilgan