20:57 / 29.09.2023
7109

O‘zbekiston prezidenti birinchi «Markaziy Osiyo – Germaniya» sammitida ishtirok etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 sentabr kuni Berlin shahrida Germaniya federativ respublikasi federal kansleri Olaf Shols raisligida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.

Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy va madaniy-humanitar hamkorlikni kengaytirish, «yashil» energetikani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish istiqbollari, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda barqaror va izchil mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari «Markaziy Osiyo - Germaniya» formati ochiq muloqot hamda mintaqa mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun samarali maydonga aylanganini ta’kidladi.

Mirziyoyev Markaziy Osiyoda bugungi mintaqaviy hamkorlik darajasiga yuksak baho berib, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash siyosatini og‘ishmay amalga oshirayotganini qayd etdi.

Mintaqa mamlakatlariga mustaqillikning ilk kunlaridanoq amaliy ko‘mak ko‘rsatishda Germaniya muhim o‘rin tutib kelayotgan yuqori baholandi.

Bugun mamlakat muhim transformatsiya bosqichida turgani, Yangi O‘zbekiston – inson manfaatlari oliy qadriyat bo‘lgan demokratik davlatni barpo etish yo‘lidan borayotgani ta’kidlandi. Mamlakatni 2030 yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya qabul qilingani va undagi yuksak maqsadlar xalqaro hamkorlarning salohiyatini jalb qilish orqali amalga oshirilishi qayd etildi.

Uzoq muddatli hamkorlikning umummintaqaviy ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

Bular – investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, «yashil» kun tartibini ilgari surish, Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni tayyorlash, Afg‘oniston aholisiga humanitar yordam ko‘rsatish.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari Germaniya tomonining Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazib borish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Top