Jahon | 19:29 / 08.10.2023
61123
8 daqiqa o‘qiladi

Isroilga 50 yil ichidagi eng yirik hujum. So‘nggi ma’lumotlar

Yuzlab kishilar o‘ldirilgan, minglab kishilar yaralangan. Isroil armiyasi G‘azoni o‘z nazoratiga olishni maqsad qilgan. OAV Isroil nima uchun hujumga tayyor bo‘lmagani borasida savol bermoqda.

G‘azo sektorini nazorat qilib kelayotgan HAMAS harakati 7 oktyabr tongida Isroilga hujum uyushtirdi. Guruh vakillari Isroil shaharlari bo‘ylab besh mingdan ortiq raketa uchirilganini ma’lum qilgan (Isroil hukumati mamlakat hududiga ikki mingdan ortiq raketa kirib kelganini tasdiqlagan). Bundan tashqari, HAMASning qurollangan guruhlari Isroilning G‘azo bilan chegaradagi aholi yashash manzillariga kirib, tinch aholi vakillari va harbiy xizmatchilarni garovga olgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat urush holatida ekanini ma’lum qilgan. Isroil aviatsiyasi G‘azo sektori bo‘ylab hujum boshlab, HAMASning harbiy obektlari sifatida ko‘p qavatli binolarni nishonga oldi. 7 oktyabr kuni kechqurun Isroil armiyasining og‘ir texnikalari G‘azo sektori bilan chegara hududiga keltirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Netanyahu G‘azo bo‘lgasida yashovchi aholini «zudlik bilan» u yerdan ketishga chaqirgan. Isroil, shuningdek, G‘azo bilan chegaraga yaqin joylashgan aholi yashash manzillari aholisini evakuatsiya qilish rejasini e’lon qilgan.

8 oktyabrga o‘tar kechasi ikki tomon ham otishmalarni davom ettirdi. Xususan, HAMAS G‘azoga eng yaqin joylashgan yirik Ashkelon shahridagi shifoxonaga zarba bergan; olti kishi yaralangan. Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) HAMASning G‘azo sektoridagi 400 dan ortiq obektlariga hujum qilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Isroil armiyasi mamlakat janubida HAMAS a’zolari kirib kelgan hududlarning katta qismi ustidan nazorat qaytarilganini tasdiqlagan.

Livanning «Hizbulloh» guruhi 8 oktyabrga o‘tar kechasi HAMASning harakatlari bilan «birdamlik ramzi» sifatida Isroil hududini o‘qqa tutdi. Bunga javoban Isroil armiyasi Livan bo‘ylab artilleriya zarbalari yo‘lladi. Isroilning Haaretz gazetasi jurnalisti Gideon Levi Al-Jazeera telekanali efirida agar «Hizbulloh» mojaroga to‘laqonli ravishda qo‘shilsa, Isroil armiyasi ikki frontda jang qilishiga to‘g‘ri kelib, inqiroz holatiga tushib qolishi mumkinligini aytgan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, mamlakat armiyasi shimoliy chegaralar tomon og‘ir texnikalarini yubormoqda, bu hududga tashlangan texnikalar soni G‘azo bilan chegaraga tashlanganidan ko‘proq. Hudud aholisiga evakuatsiya bo‘lish tavsiya etilgan.

HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya G‘azodan boshlangan yurish Iordan daryosining g‘arbiy sohili va Quddusga qadar yoyilishini aytdi; u hujumni «dushmanimiz uchun mag‘lubiyat va tahqir tongi» deb atadi. O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 8 oktyabrga o‘tar kechasi «Isroil hududiga kirib kelgan jangarilarning katta qismi o‘ldirilgani», Isroil esa o‘z yurish amaliyotini «HAMASning imkoniyatlari to‘liq yo‘q qilinmaguniga qadar» davom ettirishini bildirgandi.

Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektorini to‘liq nazoratga olishni maqsad qilganini bildirgan. «Bizda yaqin 12 soat uchun maqsad bor: G‘azo anklavi mavjudligiga barham berish. Butun anklavni nazorat ostiga olish va hududimizdagi barcha terrorchilarni yo‘q qilish», degan TsAHAL rasmiy vakili podpolkovnik Richard Xext. U G‘azoning ma’lum hududlaridagi aholi ko‘chirilishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligi va armiya boshqa frontlardan bo‘ladigan ehtimoliy hujumlarga tayyorligini ma’lum qilgan.

Isroil rasman urush holatini e’lon qildi va 40-alif punktini harakatga keltirdi. Bu punkt so‘nggi marta 1973 yilda qo‘llangandi. Endi Isroil mudofaa armiyasi — TsAHALda o‘zidan kelib chiqib to‘liq harakat qilish erkinligi bor. Faqat, qilayotgan harakatlari to‘g‘risida siyosiy rahbariyatini xabardor qilib turishi kerak.

TsAHAL «tomni taqillatish» jarayonidan voz kechgan. Bungacha tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun ular yashayotgan uyga raketa zarbasi berilishi haqida telefon bildirishnomasi jo‘natilar, so‘ngra yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan uyga soxta raketa kelib urilib, portlamasdan niyat jiddiy ekanini bildirardi. Shundan so‘ng raketa zarbasi berilardi. Endi Isroil harbiy havo kuchlari binolarni ogohlantirmasdan yo‘q qilishmoqda.

Isroilda kamida 600 kishi halok bo‘lib, 2 mingdan ortiq kishi yaralangan. Bundan tashqari, The Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, 750 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, 100 dan ortiq kishi o‘g‘irlab ketilgan. HAMAS 7 oktyabr kuni Isroil hududida 35 dan ortiq kishi — tinch aholi vakillari va harbiylar garovga olinganini ma’lum qilgandi. Isroil armiyasi ham buni tasdiqlagan, ammo garovdagilar soniga aniqlik kiritilmagan. Keyin Isroil tomoni ularning bir qismi ozod etilgani haqida xabar berdi. Garovga olinganlar va halok bo‘lganlar orasida chegaradagi musiqa festivaliga kelgan xorijiy mamlakat fuqarolari ham bor. The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Isroil hukumati HAMAS qo‘lida garovda bo‘lib turganlarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarda vositachilik qilishi uchun Misrga murojaat qilgan, ammo Misrdan bo‘lgan muzokarachilar falastinliklarni bunga ko‘ndira olmagan.

O‘z navbatida, G‘azo sektorida Isroilning javob zarbalaridan keyin kamida 370 kishi halok bo‘lgan; ular orasida kamida 20 bola bor. 1990 ga yaqin kishi jarohatlangan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, G‘azodagi 20 ming atrofidagi kishi otishmalar tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Isroilga bu safargi hujum qurbonlar soni bo‘yicha 50 yil muqaddam, 1973 yil oktyabrida bo‘lib o‘tgan va Mahshar kuni deb nom olgan urushdan keyingi eng yirigi bo‘ldi. O‘z navbatida, CNN telekanalining qayd etishicha, hujum vaqtida isroillik askarlar asir tushishi holati 17 yildan buyon, Isroil harbiy bazalari, shahar va kommunalari egallab olinishi 1948 yilgi Isroil urushidan buyon kuzatilmagandi. Bu esa Isroil hukumatiga mamlakat nima uchun bunday hujumga tayyor bo‘lmagani borasida savollarni tug‘dirmoqda, deb yozadi CNN. Bunga jahon va Isroildagi boshqa nashrlar ham e’tibor qaratgan.

Isroilga hujum AQSh va Yevropaning ko‘plab davlatlari tomonidan qoralandi. RF TIV bo‘layotgan voqealarni «zo‘ravonlikning yopiq doirasi» deb atagan va «bundan tiyilish»ga chaqirgan. Rossiyalik propagandachilar Isroilga hujumni muhokama qilar ekan, («Agenstvo» xulosasiga ko‘ra) uchta asosiy tezisni ilgari surishmoqda: G‘arbning xatolari vaziyat keskinlashuviga olib keldi; urushlar normaga aylandi; Rossiyadan Isroilga ketganlar qaytadi. Yaqin Sharq mamlakatlari esa HAMASni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlamoqda yoki eskalatsiya uchun Isroilni ayblamoqda.

Yevropaning yirik aviakompaniyalari, jumladan, Lufthansa, Turkish Airlines, LOT, Wizz Air, EasyJet va airBaltic Isroilga parvozlarni to‘xtatgan.

Mavzuga oid