21:39 / 10.10.2023
6925

O‘zbekistonda uzum eksporti ikki barobar kamaydi 

Bu ichki bozordagi narxlarning rekord darajada oshgani bilan izohlanmoqda. 

Foto: East-fruit

2023 yil sentabr oyida O‘zbekistondan yangi pishgan uzum eksporti hajmi o‘tgan oyga nisbatan 30 foizga qisqardi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 baravar kam bo‘ldi. Bu esa ushbu mahsulot narxining rekord darajada oshgani bilan izohlanadi, deyiladi EastFruit xabarida. 

Dastlabki savdo statistikasiga ko‘ra, 2023 yil sentabr oyida O‘zbekiston 27,3 ming tonna yangi uzum eksport qildi, bu joriy yilning avgustidagi 38,9 ming tonnaga va o‘tgan yilning sentabridagi 59,0 ming tonnaga nisbatan kam. 

2023 yil iyul oyida o‘zbek uzumini eksport qilish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yuqori bo‘lganiga qaramay, eksport mavsumi faol bosqichga kirgan 2023 yil avgust oyida ushbu mahsulotlarni tashqi bozorlarga jo‘natish hajmi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 10 foizga kam bo‘lgan. Bu avgust oyining uchinchi o‘n kunligidan boshlab, joriy va o‘tgan yilgi ulgurji narxlar darajalari o‘rtasidagi tafovut keskin oshib borayotgani bilan izohlanadi. 

Agar avgust oyida uzumning joriy ulgurji narxlari o‘tgan yilgi darajadan o‘rtacha 1,5 baravar yuqori bo‘lsa, sentabr oyida bu bo‘shliq allaqachon 2,5-3 baravarga yetdi. Oqibatda sentabr oyida o‘zbek uzumining eksportida o‘tgan oyga nisbatan ham, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ham keskin pasayish kuzatildi. 

EastFruit tahlilchilari ta’kidlaganidek, joriy mavsumda O‘zbekistonda uzum narxining rekord darajada yuqori bo‘lishining asosiy sababi yanvar oyidagi sovuqlar tufayli hosilning pastligidir. 

Top