12:00 / 10.10.2023
14291

Uzum va xalqaro fondlar mamlakat iqtisodiyotiga 300 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda

Bu orqali Uzum ekotizimiga kiruvchi moliya va elektron tijorat sohasidagi milliy platformalar va servislar mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning lokomotivlariga aylanadi.

Uzum turli mamlakatlarning xalqaro investitsiya fondlari bilan birgalikda O‘zbekiston fuqarolari va tadbirkorlari uchun elektron savdo, o‘z logistika infratuzilmasi, raqamli bank va moliyaviy servislarni rivojlantirishga qariyb 300 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Uzum ekotizimiga kiruvchi moliya va elektron tijorat sohasidagi milliy platformalar va servislar mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning lokomotivlariga aylanadi.

Uzum guruhining xolding tuzilmasini shakllantirish bilan bog‘liq barcha rasmiy tartib-taomillarning yakunlanishi investitsiya raundini jalb etish va xalqaro investorlar bilan hamkorlik qilishning texnik jarayonini boshlaydi, bunda guruh tasdiqlangan rivojlanish strategiyasi doirasida jalb qilingan mablag‘larni unga kiritilgan barcha vertikallarni mustahkamlash va yangi biznes-yunitlarini yaratishga yo‘naltiradi.

Uzum mamlakatning millionlab aholisi uchun IT-mahsulotlarni birlashtirgan milliy raqamli platformani yaratmoqda. Mavjud yo‘nalishlardan tashqari, ekotizim klassifayd-servislarni, shuningdek, tadbirkorlar uchun yangi mahsulotlarni, shu jumladan ularni fintex va so‘nggi mil logistika yo‘nalishlarida ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Shunday qilib, milliy raqamli platforma iste’molchilar va biznes uchun muhim bo‘lgan barcha sohalarda servislarni birlashtiradi, mamlakatning barcha hududlari aholisiga, ularning kattaligi va poytaxtdan uzoqligidan qat’i nazar, eng zamonaviy IT-yechimlaridan teng foydalanish imkoniyatini beradi. Ekotizimning rivojlanishi mamlakatda kichik va o‘rta biznesning o‘sishiga yordam beradi, shuningdek raqamli bank servislarning kirib borishini oshiradi, bu esa o‘z navbatida iqtisodiyotdagi naqd hisob-kitoblar ulushining pasayishi va aholi moliyaviy savodxonligi darajasining oshishini anglatadi.

Djasur Djumayev, Uzum asoschisi va bosh direktori: 

Bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti, yosh aholining yuqori ulushi va Internet foydalanuvchilari sonining faol o‘sishi, shuningdek, onlayn savdo va fintexning ajoyib rivojlanish sur’atlari bilan jahon investorlari nuqtai nazaridan eng istiqbolli mamlakatlardan biri hisoblanadi. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish va me’yoriy-huquqiy bazaning rivojlanishi tufayli mamlakatda raqamli iqtisodiyot va xususan e-commerse o‘sishi uchun noyob muhit yaratildi. Uzum infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun investor sifatida ishtirok etishga tayyor bo‘lgan bir qancha investitsiya fondlari bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz.

Birinchi darajali xalqaro venchur investorlar va moliya institutlaridan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bizga o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va butun mamlakat bo‘ylab ham Uzum, ham kichik va o‘rta biznes doirasida minglab ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, aholi daromadlarining ko‘tarilishiga va barqaror iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shmoqda — shu tariqa biz Prezidentimiz tomonidan "O‘zbekiston 2030" strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda o‘z hissamizni qo‘shamiz. 

Uzum haqli ravishda O‘zbekistondagi birinchi texnologik yakkashox deb atalsa bo‘ladi va u tufayli mamlakatimiz dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalari xaritasida paydo bo‘ldi.

KPMG ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida e-commerse o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchi hisoblanadi — kelgusi 5 yil ichida sanoat 7 baravar o‘sadi, bozor hajmi esa 1,8 milliard dollarga yetishi mumkin. Shunday qilib, "Raqamli O‘zbekiston 2030" strategiyasiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotining faol transformatsiyasi kelgusi yillar davomida ro‘y beradi.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda Uzum kabi yirik o‘yinchilarning paydo bo‘lishi o‘sish omillaridan biri bo‘ldi. Bugungi kunda Uzum ekotizimi servislaridan mamlakatning 13 milliondan ortiq aholisi, shu jumladan butun mamlakat bo‘ylab 50 mingga yaqin tadbirkor va kompaniyalar foydalanmoqda. 2024 yilda Uzum Market milliy marketpleysi hozirda qurilayotgan O‘zbekistondagi eng yirik logistika markazini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, shu bilan birga ekotizim moliyaviy servislar, raqamli banking va platformaning boshqa mahsulotlarini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan IT-infratuzilmani kuchaytiradi.

Top