O‘zbekiston | 19:38 / 13.10.2023
15154
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston MDH erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH Davlat rahbarlari kengashining Bishkekdagi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari o‘z nutqida Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston prezidenti mavjud imkoniyatlarni birgalikda baholash va o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish uchun MDHdek noyob platformani ishga solish muhimligini alohida qayd etdi. Shu ma’noda, ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish taklif qilindi.

«Bizning uchrashuvimiz global geosiyosiy keskinlik kuchayayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Barcha hamkasblarim o‘z chiqishlarida oldimizda turgan umumiy tahdid va xavf-xatarlarni qayd qilib o‘tdilar.

Ming afsuski, dunyoning turli mintaqalaridagi keskinlashib borayotgan ziddiyatlarning oqibatlari barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bunday vaziyatda biz MDH bo‘yicha sheriklarimiz bilan hamkorlikning yangi yo‘llari va mexanizmlarini izlashda davom etamiz.

Gap, avvalo, muqobil savdo-logistika yo‘nalishlarini shakllantirish, qo‘shilgan qiymatning qisqa va yanada samarali zanjirlarini yaratish, mamlakatlarimiz iqtisodiyotidagi bir-birini to‘ldiradigan zaxiralardan imkon qadar yuqori darajada foydalanish, biznes aloqalarini rag‘batlantirish haqida bormoqda.

Biz paydo bo‘ladigan xavf-xatarlarni birgalikda baholash, muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va nostandart qarorlarni qabul qilish uchun MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning noyob platformasi to‘liq ishga solinishidan manfaatdormiz.

Shu munosabat bilan Hamdo‘stlikning uzoq muddatli yangi kun tartibini ishlab chiqish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil markazlari va ekspertlari ishtirokida konferensiya tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilaman», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimiz yetakchisi Hamdo‘stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan tegishli shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

«Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi atigi 5 foizga oshdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’atlarining sekinlashish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Yuqori darajadagi ekspertlarimiz uchrashuvlari natijalari to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish yo‘lida hali ham ko‘plab to‘siqlar mavjudligidan dalolat beradi.

Biz quyidagilarni taklif etamiz:

birinchidan, Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnomaning tovarlarni olib qo‘yishga doir qoidalarini qayta ko‘rib chiqish.

Shartnoma imzolanganidan buyon yetarlicha vaqt o‘tdi hamda ushbu hujjatni bizning asosiy maqsad va vazifalarimiz bilan to‘liq muvofiqlashtirish vaqti keldi;

ikkinchidan, import o‘rnini bosishga qaratilgan milliy dasturlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish;

uchinchidan, davlat xaridlari bozoriga imtiyozli kirish huquqini o‘zaro kelishuv asosida taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;

to‘rtinchidan, qo‘shma ulgurji taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash dasturini qabul qilish;

beshinchidan, elektron savdoni rivojlantirishni, jumladan, mavjud platformalarni kengaytirish yo‘li bilan rag‘batlantirish», dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashda mavjud mexanizmlarni samarali ishga solishga chaqirdi va uni rag‘batlantirishning yangi vositalarini taklif qildi.

Davlatimiz rahbari o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish hamda MDH mamlakatlarining Sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Energetika va oziq-ovqat sohalarida hamkorlik qilish, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha yangilangan dasturni hamda Agrosanoat majmuidagi kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash taklif qilindi. 

O‘zbekiston yetakchisi hududlararo hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, yo‘lovchi va yuk tashishni ko‘paytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ko‘rsatib o‘tdi.

«Yana bir ustuvor vazifa – Hamdo‘stlik davlatlarida iste’molchilarni yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat.

Shu munosabat bilan agrosanoat komplekslari, logistika va “ekspress” koridorlarning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish va  tizimli ilm-fan almashinuvi masalalarini hal etish talab etiladi.

Amaldagi tarmoq kengashi doirasida Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangilangan hamkorlik dasturini va Agrosanoat sektorida kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashni taklif qilamiz.

Hududlararo hamkorlik juda katta imkoniyatga ega ekani ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bunday sheriklikni qo‘llab-quvvatlash choralarini o‘z ichiga olgan alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, jumladan, hududlarning birinchi Forumini, ko‘rgazma va yarmarkalarni hamda ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro tashriflarini o‘tkazish zarur, deb hisoblaymiz.

Transport sohasida quyidagi imkoniyatlarni yaratish tarafdorimiz:

- transportning barcha turlarida multimodal tashuvlarni tashkil etish orqali transport koridorlarini rivojlantirish;

- asosiy mintaqaviy koridorlar orqali yuklarni tashishda biznes uchun jozibador shartlarni shakllantirish;

- yo‘lovchi va yuk tashishda boshqarish jarayonlarini va ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish;

- transport infratuzilmasi va harakat tarkibini modernizatsiya qilish dasturlari va loyihalarini amalga oshirish», dedi prezident.

Global iqlim isishi oqibatlariga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi. Kelgusi yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT shafeligidagi Xalqaro iqlim forumi doirasida MDH makonidagi ekologik xavf-xatarlarga bag‘ishlangan maxsus yalpi sessiyani tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

Gumanitar soha haqida so‘z yuritilar ekan, 2024 yilda Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan Samarqand shahrida MDH madaniyat, san’at va kino haftaligini o‘tkazish taklif qilindi.

Shuningdek, kelgusi yilda MDHning yoshlar poytaxti maqomini olgan Toshkent shahrida bir qator yoshlarga oid tadbirlar, shu jumladan futbol musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Mamlakatimiz yetakchisi o‘z so‘zida ta’lim sohasida va sayyohlik almashinuvini rivojlantirish borasida ham muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Nutqining so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidentini 2024 yilda Tashkilotga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi.

Mavzuga oid