22:07 / 16.10.2023
16793

Blinkenning Yaqin Sharq bo‘ylab turnesi. U Isroilning qo‘shnilari bilan nimalarni muhokama qildi?

U Isroildan tashqari, Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, BAA va Misrda bo‘ldi.

Foto: Reuters

Avvaliga Entoni Blinkenning Yaqin Sharqqa safari atigi ikki kun bo‘lishi kutilgandi: 12 oktyabr kuni AQSh davlat kotibi Isroilga, keyingi kuni Iordaniyaga tashrif buyurishi rejalashtirgandi. Ammo Blinken hali Isroilda ekanida AQSh Davlat departamenti uning safari davom ettirilishi haqida anons berdi. U 16 oktyabrga qadar Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, BAA va Misrda ham bo‘ldi — ya’ni mintaqadagi deyarli barcha muhim mamlakatlarni aylanib chiqdi. «Meduza» amerikalik diplomatning katta turnesi Yaqin Sharqdagi urushning keyingi kechishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tahlil qildi.

Isroilga tashrif vaqtida Blinken mamlakat uchun harbiy yordam va’da qildi — va kongress buni qo‘llashiga ishontirdi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga HAMASning ushbu mamlakatga hujumini qoralash va terrorchilik hujumi qurbonlariga hamdardlik bildirish, AQShning Isroil xalqi va hukumati bilan «birdamligini tasdiqlash» hamda «Isroilning o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini qayd etish» uchun kelgandi. Bu haqda Davlat departamentining 10 oktyabr kuni e’lon qilingan press-relizida aytilgan. 

12 oktyabr kuni diplomat Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, prezident Itsxak Gersog, hukumat a’zolari hamda Amerika diplomatik missiyasi xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Netanyahu bilan birga Tel-Avivda matbuot uchun berilgan bayonotda davlat kotibi o‘zi ham asli yahudiy sifatida mamlakatda bo‘lgan voqealardan qattiq ta’sirlanganini ta’kidlagandi (rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS hujumi oqibatida Amerikaning 25 fuqarosi halok bo‘lgan, yana 17 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda). 

Isroil AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida gapirarkan, Blinken harbiy yordam yetkazib berish allaqachon boshlanganini xabar qilgan: xususan, mamlakatga «Temir qubba» havo hujumidan mudofaa tizimi ishlashi uchun zarur jihozlar, shuningdek harbiy kemalar flotiliyasi (Pentagon Isroil sohillari yaqiniga «Jyerald Ford» atom aviatashuvchisi yetakchiligidagi zarbdor guruhni olib keldi, «Duayt Eyzenhauer» aviatashuvchi kemasi ham yaqin vaqtlar ichida O‘rta Yer dengizining sharqiy qismiga yetib borishi kutilmoqda).

Agar Isroilga qo‘shimcha yordam talab etilsa, Jo Bayden ma’muriyati buni kongress bilan kelishishini va’da qilgan. U Netanyahuni ikki partiyaning ham kongressmenlari Isroilni qo‘llashiga ishontirgan. Mamlakat bungacha ham Amerika harbiy yordamini eng ko‘p miqdorda oladigan davlatlar qatorida edi: AQSh unga yiliga uch milliard dollardan ortiq miqdordagi qurol-yarog‘ yetkazib beradi. 

Keyingi kuni, 13 oktyabrda AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham Isroilning harbiy ehtiyojlarini baholash uchun Tel-Avivga keldi. Time jurnali manbasi xabar qilishicha, Bayden ma’muriyati va kongressning yetakchi a’zolari allaqachon ushbu mamlakatga ikki milliard dollarlik moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu pullar «Temir gumbaz»da ishlatish uchun tutib oluvchi raketalar, artilleriya snaryadlari va boshqa o‘q-dorilarga sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Ammo qo‘shimcha yordam ajratish uchun avval Vakillar palatasi tegishli qonun loyihasiga ovoz berishlari kerak. Lekin o‘tgan oktyabr oyi boshida kongressning quyi palatasi spikeri Kevin Makkarti AQSh tarixida iste’foga chiqarilgan ilk spikerga aylangandi. Uning vazifasini vaqtincha bajarib turgan Patrik Makgenrining vakolatlari esa aniq belgilanmagan, deb xabar beradi The New York Times vakillar palatasi apparati xodimiga tayanib. Shuning uchun Makgern budjetga aloqador masalalarni ovozga qo‘yish imkoniga egaligi yoki yo‘qligi borasida kongressmenlarning ishonchi komil emas.

Blinkenning Yaqin Sharq bo‘ylab turnesi maqsadlaridan biri — Misr hukumatini G‘azo aholisini evakuatsiya qilish uchun chegarasini ochishga ko‘ndirish

Netanyahu bilan birga chiqishi vaqtida Blinken Isroil hukumatini tinch aholiga zarar yetmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgandi — u bu bilan G‘azo sektorida yashovchi kishilarni nazarda tutgandi. «Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, hatto shunday majburiyatga ega. Isroil buni qanday qilishi muhim ahamiyatga ega. Biz, demokratik davlatlar, terrorchilardan inson hayotini qadrlashimiz bilan farq qilamiz <…>  Shuning uchun tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rish muhimdir. Biz har bir qurbon haqida qayg‘uramiz», — degandi davlat kotibi.

Netanyahu bunga javoban HAMASni IShIDga tenglashtirgan va «„Islom davlati“ qanday yakson etilgan bo‘lsa, HAMAS ham shunday yakson etilishi»ni aytgandi. Blinken uning bu tezisiga qo‘shilgandi.

13 oktyabr tongida Isroil mudofaa armiyasi G‘azo aholisiga murojaat qilib, sektor janubiga ko‘chib o‘tishga chaqirdi. «G‘azo shahri — harbiy harakatlar olib boriladigan hudud. Bu evakuatsiya sizning xavfsizligingiz uchun o‘tkaziladi», — deyilgan falastinliklarga qaratilgan xabarda. Shu bilan bir vaqtda, Isroil G‘azo sektori bilan chegara hududlariga  tank va og‘ir artilleriyalarini joylashtirdi, bu esa 2014 yildan buyon ilk bor quruqlikda harbiy amaliyot boshlash niyati jiddiy ekanini ko‘rsatadi, deya yozadi Reuters (G‘azoda quruqlik amaliyoti o‘tkazish zarurligi Isroilda o‘tgan hafta davomida muhokama qilindi; ammo uning konturlari - harbiy harakatlar olib boriladigan hududlar hamon aniq emas).

G‘azo sektorida 2,3 million atrofida odam yashaydi, Isroil hukumatining evakuatsiya bo‘yicha chaqirig‘i 1,1 milliondan ortiq odamga taalluqli. Bunday miqdordagi odamni evakuatsiya qilish amalda imkonsiz, deya ogohlantirgan BMT bosh kotibining mintaqa bo‘yicha vakili Stefan Dyujarrik. Evakuatsiya G‘azodagi shifoxonalarda bo‘lganlarning ko‘pchiligi uchun «o‘lim hukmi» bo‘ladi, degan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Tarik Yazarevich. BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) ma’lumotiga ko‘ra, sektor aholisining yarim milliondan ortiq qismi allaqachon o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan; 270 mingdan ortiq kishi UNRWA tomonidan barpo etilgan boshpanalarga joylashgan — ammo tashkilot imkoniyatlari cheklangan. 

G‘azoning Misr bilan chegarasi Misr tomondan yopiq qolayotgani tufayli (Isroil bilan ham), tinch aholi qopqonda qolgan, deya qayd etadi Reuters. Shuning uchun so‘nggi kunlarda Amerika diplomatiyasidagi yo‘nalishlardan biri Misr hukumatini chegarani qochqinlar uchun ochishga ko‘ndirishga urinish bo‘lmoqda. Shu maqsadda muzokaralar o‘tkazilishi haqida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan 10 oktyabr kuniyoq gapirgandi, 11 oktyabr kuni esa — Entoni Blinkenning o‘zi ham. Reuters agentligining Misrdagi manbalariga ko‘ra, Qohira hamon falastinlik qochqinlarni o‘z hududiga o‘tkazishga rozi bo‘lmayapti: mamlakat hukumati mojaro urush tomonlari chegaralaridan tashqariga chiqib ketishini istamayapti.

Mojaroga boshqa ishtirokchilar qo‘shilishining oldini olish uchun Blinken Falastin prezidenti (u HAMASni nazorat qilmaydi) bilan ham muzokara olib bordi

HAMASning Isroilga hujumidan keyin Entoni Blinken bir necha bor o‘zining birinchi galdagi vazifasi — mojaroga yangi ishtirokchilar qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanishini aytgandi. Bu Iordan daryosi g‘arbiy sohilidagi ma’muriyatga ham taalluqli edi, bu Falastinning uch million atrofida odam yashovchi ikkinchi hududidir. Bungacha OAVda bu hudud ikkinchi frontga aylanishi mumkinligi borasida xavotirlar yangragandi. 

Blinken va Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ilk bor 7 oktyabr kungi hujumdan keyinoq HAMAS harakatini telefon orqali muhokama qilishgandi. Abbosning ma’muriyati 2007 yildan buyon HAMAS vakillari bilan mojaro holatida. O‘sha suhbat chog‘ida davlat kotibi suhbatdoshini terrorchilarni qoralash va G‘arbiy sohil hududida barqarorlikni ta’minlashga chaqirgan. Ammo Abbos o‘shanda hamaschilar manziliga yomon so‘z aytmadi. Hujum kuni u yuqori martabali falastinlik mulozimlarni Ramallohda to‘pladi va «Falastin xalqi o‘zini okkupatsiya kuchlar va [isroillik] ko‘chib keluvchilar terrorizmidan himoya qilishga haqli ekani»ni bildirdi. 

O‘tgan vaqt ichida G‘arbiy sohilda isroillik harbiylar va falastinliklar o‘rtasida bir necha kichik to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘nlab kishilar halok bo‘lgan.

Keyin, 12 oktyabr kuni Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin Abbos «tinch aholini o‘ldirish yoki ularga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish amaliyoti»ni qoralashini aytdi, shu bilan birga «G‘azo sektoriga qarshi tajovuzni zudlik bilan to‘xtatish»ga chaqirdi.

13 oktyabr kuni Blinken Iordaniya poytaxti Oman shahrida Abbos bilan uchrashdi. Bu muzokaralar mazmuni haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Al Jazeera xabariga ko‘ra, falastinliklar prezidenti Isroilning G‘azo aholisini evakuatsiya qilish bo‘yicha talabini qoralagan.

16 oktyabr kuni esa Falastinning WAFA axborot agentligida Abbos Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida «G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMAS guruhining harakatlari va siyosati Falastin xalqi manfaatlarini aks ettirmasligi» haqida aytgani xabar qilindi.

Abbos ham falastinliklar, ham isroilliklar o‘rtasida tinch aholining o‘ldirilishiga qarshi ekanini bildirdi, shuningdek, «har ikki tomondan tinch aholi, asirlar va qo‘lga olinganlarni ozod qilish»ga chaqirdi, deb yozadi WAFA. Ikki davlat rahbarlari Falastin—Isroil mojarosi siyosiy yechim bilan yakunlanishi kerakligi, bunga esa zo‘ravonliklarsiz erishilishini ta’kidlashgan. 

AQShning mintaqadagi ittifoqchilari murakkab qarorlar qabul qilishga majbur. Isroilning raqiblari bir-biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda

HAMASning hujumidan keyin amerikalik diplomatlar turli kanallar orqali arab hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazishni boshladi. Ular HAMAS bilan aloqalarga ega bo‘lgan hamkorlarni harakatga ta’sir ko‘rsatishga chaqirgan: hujum qilishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etishga undashga. Livandagi shialarning «Hizbulloh» guruhi yoki Eron bilan aloqa qiluvchilardan esa ularning mojaroga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslikka erishish so‘ralgan, deya amerikalik yuqori martabali mulozim so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

Blinken Iordaniyadan keyin borgan arab mamlakatlari rasmiylari o‘z aholisi manfaatlari (ular Falastin bilan hamdard), Isroil bilan munosabatlarni rivojlantirish rejalari hamda AQSh pozitsiyasi o‘rtasida balansni saqlashi talab etilardi. Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari  (bu ikki mamlakat Qo‘shma Shtatlar vositachiligida 2020 yili Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish haqidagi kelishuvni imzolagandi) HAMASning harakatlarini qoralab bayonot berdi. Iordaniya, Misr va Saudiya Arabistoni mojaroni keskinlashtirmaslikka chaqirgandi. Saudiya Arabistoni taxti valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon 11 oktyabr kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan telefon orqali  gaplashgandi — bu ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar tiklanganidan buyon ilk muloqot bo‘ldi. Ibn Salmon podshohlik harbiy harakatlar avj olishini to‘xtatish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini ta’kidladi. 

Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab turnesi doirasida tashrif buyurgan davlatlar orasida 7 oktyabr kungi voqealarda rasman Isroilni aybdor deb topgan davlat Qatar ham bor edi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi «Falastin xalqi huquqlari doimiy ravishda buzilishi, jumladan, yaqinda Isroil politsiyasi himoyasi ostida Al-Aqsoga bostirib kirish kabi takroriy harakatlar bilan eskalatsiyani kuchaytirishga faqat Isroil javobgarligi»ni ta’kidladi.

Isroilning dushmanlari lagerida ham faol muzokaralar ketmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohiyon payshanba kuni Iroq bosh vaziri Muhammad Shia al-Sudaniy bilan, juma kuni esa — Livan yetakchilari hamda «Hizbulloh» vakillari bilan uchrashgan. Abdullohiyon Suriyaga ham tashrif buyurgan. «Ular (Isroil harbiylari) G‘azoni to‘liq qamal qilib, tinch aholini bombardimon qilib, bu harbiy jinoyatlari uchun javobsiz qolmaydi», — degan vazir 12 oktyabr kuni Iroqdaligida. 

Livandagi uchrashuvdan keyin jurnalistlar qarshisida chiqish qilgan Abdullohiyon o‘z tahdidini davom ettirgan: «Agar sionistik rejimning harbiy jinoyatlari hozir to‘xtatilmasa, biz [harakat uchun] har qanday imkoniyatni nazarda tutishimiz mumkin».

* * *

Juma kuni Blinken Qatarga uchib keldi. Mamlakat bosh vaziri Muhammad ibn Abdul Rahmon Al Toni bilan matbuot anjumanida davlat kotibi AQSh BMT vakillari, Isroil hukumati va mintaqadagi hamkorlar bilan G‘azo sektorida «xavfsizlik zonasi» tashkil etish masalasini muhokama qilayotganini aytgan. Bu hududda tinch aholi xavfsizlikda bo‘lishi va zarur yordamlarni olishi mumkinligi aytilgan. «Biz G‘azo sektoridagi ko‘plab falastinlik oilalar o‘z aybi bo‘lmagan holatda jabrlanayotgani va falastinlik tinch aholi halok bo‘layotganini tan olamiz», — degan Blinken.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, yakunlangan hafta davomida u hamkorlarni HAMAS bilan avvalgidek muomala qilish endi ish bermasligiga ishontirishga harakat qilgan. 10 yildan ortiq vaqtdan buyon HAMAS siyosiy qanoti vakolatxonasi joylashgan Qatar bosh vaziri jurnalistning ushbu vakolatxona taqdiri bo‘yicha bergan savoliga javoban u qolishini aytdi. Bu organdan «mintaqada aloqa va tinchlik vositasi sifatida foydalaniladi», degan qatarliklar rahbari.

Qatardan keyin Blinken Bahrayn, Saudiya Arabistoni va Misrda ham bo‘ldi va so‘nggi yillarda Isroil bilan yaqinlashuv tomon yo‘l tanlagan Yaqin Sharq mamlakatlari bo‘ylab turnesini yakunlab, 16 oktyabr kuni yana Tel-Avivga qaytib keldi.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top