“Uyatsiz harakat qilgan odam o‘n yillab qamalsa-yu, voyaga yetmagan qizlar bilan 10 oylab aysh-ishrat qilgan amaldorlar yengil jazo olsa, jamoatchilik noroziligiga to‘la asos bor”, – deydi huquq faollari. 

Huquq faollari Abdurahmon Tashanov va va Kamola Aliyeva Kun.uz’ga bergan intervyusida Xorazmda mahalliy amaldorlarning oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan sodir etgan jinoyatlari va bu borada davom etayotgan tergov harakatlari haqida fikr bildirdi.  

— Pedofiliya mavzusida gaplasharkanmiz, Xorazmdagi mahalliy amaldorlarning bolalar uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgani va uning hozirda davom etayotgan qayta tergovi masalasi ham chetda qolmasligi kerak. Xo‘sh, bugun ish doirasida vaziyat, tergov qaysi bosqichda?

Abdurahmon Tashanov:

— Bu ish, agar boshrog‘iga qaytadigan bo‘lsak, 2021-2022 yillarda 10 oy davomida sodir qilingan. Unda Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i va Favqulodda vaziyatlar vazirligining tuman bo‘limi rahbari ayblangan. Ammo sudda ularga nihoyatda yengil jazo berilgan. Bu haqida jamoatchilik ko‘p gapirdi. Bizning idoralar javobgarlikka tortilayotgan shaxslarning huquqiga yopishib olgan, tashqaridagilarning huquqi esa yo‘q.

Mart oyida bu voqealardan jamoatchilik junbishga keltirganini yaxshi eslaymiz. Bunga asos ham bor edi, chunki aybdorlarga juda yengil jazo tayinlangan. O‘zingiz o‘ylang, yosh bolaga qarata bitta uyatsiz harakat qilgan odam 19 yilga ketib tursa-yu, 10 oy davomida shunday buzuq ishlar qilib yurgan odamlarga bunday yengilgina jazo berilsa. Bu – jamiyatda ijtimoiy tenglik buzilganini va nohaqlikni ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda qarovchisi bo‘lmagan bolalarning vasiylari prokuratura va Adliya organlari hisoblanadi. Jinoyat esa o‘sha bolalarning vasiysi — ma’naviy otasi tomonidan sodir etilyapti. Adliya vazirligi xodimi jinoyatni sodir qilgan bo‘lsa, prokuratura yolg‘on ma’lumot berib, ularni protsessual tartibda qamoqqa olindi, deyapti. Ammo qamoqqa olinmaganini yaxshi bilamiz. Oliy sudga ish bo‘yicha protsess berilgan, dedi prokuratura, Oliy sud esa bizga berilmagan, deyapti. Bir ota aldasa, biri zo‘rlasa, jamoatchilik yana qanday qilishi kerak?