O‘zbekistonda pedofiliya bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Garchi barcha holatlarni aks ettirmasa-da, rasmiy raqamlar ham mamlakatda bu turdagi jinoyatlar statistikasi yildan yilga o‘sayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, birgina 2022 yilning o‘zida 16 yoshga to‘lmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybli deb topilganlar soni 238 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023 yilning dastlabki olti oyida shunday ishlar uchun 257 kishiga sud hukmi o‘qilgan.
Kun.uz muxbiri ayni turdagi jinoyatlar, uning qanday jamiyatlarda ortib borishi va bu illatga qarshi kurashdagi qaysi usul samarali bo‘lishi borasida tahliliy suhbat tashkil qildi.
Suhbat mehmonlari Inson huquqlari ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, huquqshunos Kamola Aliyeva va psixolog Boboyor To‘rayev bo‘ldi.
— Pedofiliya nima o‘zi, u davosi bo‘lsin, bo‘lmasin, kasallikmi yo ongli tarzda qo‘l uriladigan jinoyatmi?
Boboyor To‘rayev:

— Pedofiliya — voyaga yetmagan bolalarga katta yoshlilarning jinsiy qiziqishi. Pedofiliya deganda ko‘proq insondagi ruhiy buzilishlarni ko‘z oldimizga keltirishimiz kerak. Pedofil harakatlarini ongli ravishda ham, ongsiz ravishda ham qilishi mumkin. Har qanday holatda ham pedofiliya jinoyatdir. Pedofil o‘z jinoyatini ongli ravishda, yillar davomida rejalashtirib qilishi ham mumkin.
— Bu illat qanday jamiyatlarda ko‘p uchraydi? Va nega bizda ham raqamlar tinimsiz o‘sib bormoqda?
Abdurahmon Tashanov:

— Nega aynan bu o‘lkalarda pedofiliya ko‘payganini bilish uchun adabiyotlarga murojaat qilish kerak. Bu bo‘yicha bir qancha ilmiy-ommabop filmlarni ham ko‘rganman. Ularga ko‘ra, bu illat bizda qadimdan an’ana shaklida bo‘lgan, xalq orasida, podsholar saroyida bunday holatlar bo‘lgani haqida qator manbalar bor. Yaqin o‘tmishda, ya’ni 19 asr oxirlari va 20 asr boshlarida xonliklarda pedofillar ro‘yxatini yuritadigan lavozim ham bo‘lgan ekan. Abdulla Avloniyning «Esdaliklar»ida Buxoro amirligida bunday holatlar kuchaygani haqida ma’lumotlar bor. «Boburnoma»da ham bu illat tilga olingan, «Mehrobdan chayon», «O‘tkan kunlar» asarlarida ham shunday holatlar bor.















