Qodiriy bog‘i hanuz abgor ahvolda. Oxirgi va’dalar ham bajarilmagan
Toshkent shahri markazidagi Abdulla Qodiriy bog‘i mana bir necha yildirki, qarovsiz va abgor holatda. Mas’ullarning “attraksionsiz, ekobog‘ bo‘ladi” degan gaplari gapligicha qolmoqda. Bog‘ning bir qismi xususiy qo‘llarga berib yuborilgan, ular tomonidan bino qurish uchun noqonuniy ko‘chirib o‘tkazilgan bir qator daraxtlar qurib qolgan.

So‘nggi yillarda mamlakat ekologiyasini yaxshilash, shahar va tumanlarni yashillashtirish, mavjud yashil makonlarni saqlab qolish, daraxtlar ekish orqali yashillikni ko‘paytirish haqida ko‘p gapirilyapti. Bu gaplarga monand “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab ko‘chatlar o‘qazilyapti. Biroq bu boradagi ishlarda ulkan kamchiliklar va yolg‘onlar ham yo‘q emas, bu yuqori minbarlardan ham ochiq aytilib, tanqid qilinmoqda. O‘tqazilmagan yoki qurib qolgan ko‘chatlar, o‘zani quriyotgan va sayozlashayotgan daryolar, sanoat korxonalari tufayli zarar ko‘rayotgan yer-u suv, betiyiq va betartib qurilishlar sabab chang-u zaharga botayotgan shaharlar...
Daraxtlar ekish, yashil kamar yaratish, yangi xiyobonlar qurish rejalari yaxshi, biroq bungacha borini asrab qolish kerakmi? Kerak! Yo avval borining o‘rniga binolar qurib, keyin chekkaroq, uzoqroq joydan xiyobon qurishmi rejada? Aftidan shunga qarab ketyapti, axir mavjud xiyobon va parklar bir necha o‘nyillar avval shaharning eng markaz, so‘lim va gavjum joylarida barpo qilingan-da. Bunday joylarning har bir qarichi tilloga teng. Oxirgi yillarda ko‘plab yashil hududlar xususiy qo‘llarga o‘tib ketganiga guvoh bo‘ldik.
2 yil avval poytaxtning eski shahar qismidagi, markaziy hududlardan birida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ haqida lavha tayyorlagan edik. Bog‘ tashlandiq holga keltirilgani va bu yerda ekologik inqiroz yuzaga kelgani haqida ketma-ket ko‘rsatuvlar chiqdi. Bog‘ning investorlarga tortiq qilingan qismlarida baland binolar qad rostlagan. Yaqin atrofdagi aholi toza havodan nafas olib, madaniy hordiq chiqarishi uchun esa joy yo‘q.
Aynan shu bog‘ni rekonstruksiya qilib, xalq ixtiyoriga qaytarishni va’da berishganiga ham 1 yildan oshdi. Biz kuni kecha yana shu manzilga bordik. Lekin afsuski, bu safar avvalgidan ham yomonroq ahvolga duch keldik. Aftidan, mutasaddilar “bu jurnalistlar bir ayyuhannos solib, keyin jim bo‘lib ketishadi”, qabilida fikrlashgan, shekilli.
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Olmazor biznes siti” direksiyasi rahbari Umid Umarov 2022 yil 5 mart kuni bizga rekonsruksiya ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Oradan salkam 19 oy o‘tgach, bog‘ning rekonstruksiyasi amalga oshirilmayotgani, sabab sifatida esa xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori bilan ajratilishi belgilangan mablag‘ direksiya hisobiga kelib tushmayotganini ma’lum qilishdi.
Direksiyaning qurilish-muhandislik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi Karim Tojiboyev bog‘da 5 milliard so‘mdan oshiq qiymatdagi ishlar qilingani haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, bog‘ hududida kommunikatsiya ishlari bajarib bo‘lingan, ammo keyingi ishlar pul yo‘qligi sababli davom ettirilmagan. Pul qachon tushishi haqidagi savolga esa “biz ham kutyapmiz”, degan javob oldik.
Eng yomoni, mana shu kutish asnosida bog‘ yana bir qancha hududidan ayrilibdi. Avval suratga olish vaqtida biz ko‘rmagan yana yangi hududlar baland tunuka devor bilan o‘rab olingan va qurilish boshlangani haqida obekt pasporti ham osib qo‘yilgan...
O‘sha vaqtda bog‘ hududining bir qismini mehmonxona qurish uchun yopiq shartlar asosida qo‘lga kiritgan va o‘sha yerdagi daraxtlarni (64 tup) boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazib, 2 yil davomida shu daraxtlarni parvarishlashga va’da bergan “investor” bugun o‘z binosini deyarli bitirb bo‘lgan, ammo 64 tup daraxtning bir tupi ham qolmagan. Bu holatni nazorat qilishi lozim bo‘lgan Ekologoiya vazirligining esa voqeadan xabari borligiga ham ishongisi kelmaydi kishining.
Biz bog‘ga mas’ul bo‘lgan idoralarning hammasiga, albatta, eng birinchi navbatda Toshkent shahar hokimligiga savol bilan murojaat qilmoqchimiz: bog‘ni qachon xalqqa bus-butun holicha qaytarib berasizlar?
Umid qilamiz, bu bog‘ning qolgan qismlari ham boshqa yashil hududlar kabi, avval xarobaga aylantirilib, quritilib, keyin “qarovsiz qoldi” degan vaj bilan biror “investor”ga sotib yuborilmaydi. Hududga yaqin yerda yashovchi Olmazor va Shayhontoxur tumani aholisi shahar hokimligidan bog‘ning qaytarilishini kutyapti.
Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri
Tavsiya etamiz
Kredit olishga taqiq va Freeze xizmati: ularning farqi nima?
Jamiyat | 09:02 / 26.06.2025
Imtihon yaqin: bu yil abituriyentlarni nimalar kutyapti? – eng muhim savollarga rasmiylardan javoblar
O‘zbekiston | 12:11 / 25.06.2025
Eronning amaldagi siyosiy tizimi. U qanday paydo bo‘lgandi?
Jahon | 19:30 / 24.06.2025
Urushga qo‘shilgan AQSh, «butun Ukraina bizniki» degan Putin – hafta dayjesti
Jahon | 18:52 / 22.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Turkiya: ota-onalar dam oladigan, bolalar esa baxtiyor bo‘ladigan ta’til
Jamiyat | 19:00
-
Toshkentda Telegram orqali narkotik moddalar sotib kelgan 5 kishi qo‘lga olindi
Jamiyat | 20:26
-
Isroil qiruvchilari «Hizbulloh»ning Livan janubidagi obektiga zarbalar berdi
Jahon | 20:14
-
Britaniya ukrainalik qochoqlarga boshpana berishni rad etmoqda
Jahon | 20:10
Mavzuga oid

20:26
Toshkentda Telegram orqali narkotik moddalar sotib kelgan 5 kishi qo‘lga olindi

20:03
Toshkentda daraxtlarning raqamli reyestrini yaratish boshlandi

15:06
Toshkentda yana bir avtobusda yong‘in chiqdi

12:41