Jahon | 15:05 / 26.10.2023
5721
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Gurjiston ukrainalik sobiq mahbuslarning kirishiga ruxsat bermayapti

2022 yil kuzida Xersondan Rossiya koloniyalariga olib ketilgan yetti nafar ukrainalik «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktida yashashga majbur, deydi ko‘ngillilar.

Foto: Daro Sulakauri/Getty Images

Gurjiston rasmiylari 2022 yil kuzida Rossiyaga olib ketilgan sobiq ukrainalik mahbuslarni mamlakatga kiritmayapti. Bu haqda «Meduza» internet nashri 25 oktyabr, chorshanba kuni Gurjistondagi ukrainalik qochqinlarga yordam berayotgan Volunteers Tbilisi tashkiloti xodimlariga tayanib yozdi

Ko‘ngillilarga ko‘ra, yetti nafar ukrainalik sobiq mahbus 14 kundan beri «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punkti hududida yashashga majbur. Ular ilk bor 11 oktyabr kuni Gurjiston chegarasini kesib o‘tishga uringan, biroq avvalo Ukraina Tashqi ishlar vazirligidan javob olish zarurligini aytilib, mamlakatga kiritilmagan. 

RFdagi koloniyadan ozod qilinganidan keyin Rossiyaga kirish taqiqlandi

Jurnalistlarga ko‘ra, barcha erkaklar jazo muddatini Xerson koloniyalarida o‘tagan va 2022 yil kuzida Rossiya qurolli kuchlari shahardan chekinganida Rossiyaga olib ketilgan. Sobiq mahbuslarning aytishicha, ozodlikka chiqqandan keyin ularni Volgograddagi deportatsiya markaziga olib kelishgan va u yerda ularga Rossiyaga sakkiz yilga kirishni taqiqlash haqida buyruq berilgan. 

Qayd etilishicha, to‘rt nafar erkakning qo‘lida Ukraina pasporti bor. Qolganlari faqat Rossiyadagi koloniyadan ozod qilinganlik haqidagi guvohnomaga ega. 

«Meduza»ning eslatishicha, bu Gurjiston hukumati sobiq ukrainalik mahbuslarni mamlakatga kiritmasligi bilan bog‘liq birinchi holat emas. 2023 yil avgust oyi oxirida olti nafar ukrainalik xuddi shu sababga ko‘ra «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktida o‘n kun bo‘lgan, deya xabar beradi nashr. 

Mavzuga oid