17:16 / 21.11.2023
25115

Yangiyo‘ldagi “Biokimyo” zavodi xususiylashtirildi

Spirt ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Biokimyo” AJdagi 51 foiz davlat ulushi 118 mlrd so‘mga sotildi. Xaridor – “Mega comfort business” MChJ.

Foto: biokimyo.uz

“Biokimyo” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz davlat aksiyalar paketini 118 mlrd so‘mga “Mega comfort business” MChJga sotish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tenderda investorlardan “Biokimyo” AJni sotib olish bo‘yicha 3 ta ariza kelib tushgan. Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida Abrau Capital kompaniyasi jalb qilingan.

Davaktiv xabarida keltirilishicha, “Mega comfort business” mavjud takliflar orasida eng yuqori narx taklifini bildirgan. Shu bilan birga, xaridorning narx taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning sotilishi mumkin bo‘lgan indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan hamda mustaqil baholovchi tomonidan baholangan qiymatdan yuqori bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 21 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishib, kimyo zavodlaridagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Shundan so‘ng, joriy yilning iyul oyida Davaktiv “Biokimyo” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va “Andijon biokimyo zavodi” AJdagi 76 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini e’lon qilgandi.

“Biokimyo” AJ va uning xaridori haqida

“Biokimyo” AJ o‘zining ko‘p yillik tarixi davomida Markaziy Osiyoda etil va oziq-ovqat spirtining asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lib kelgan. Jamiyat 2007 yilda Yangiyo‘l gidroliz zavodi negizida tashkil etilgan bo‘lib, sanoat va nosanoat obektlariga ega korxonaning umumiy maydoni 18,92 gektarni tashkil etadi. Uning ustav fondi 9,6 mlrd so‘m, ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 1,83 mln dekalitrni tashkil etadi. Zavod joriy yilning 9 oyida 33 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor “Mega comfort business” MChJ 2012 yil 4 sentabrda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 50,1 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – restoranlar va oziq-ovqat mahsulotlari ttkazish bo‘yicha xizmatlar. Kompaniya ta’sischilari – Mirkomil Yusupov, Yulduzxon Isxonbekova, Ulug‘bek Rajabov va Ravshan Alimov. Ularning har biri 25 foizlik ulushga ega. Rahbari sifatida Abduqodirova Kamola G‘ofirjanovna ko‘rsatilgan.

Avvalroq, “Qo‘qon biokimyo” aksiyadorlik jamiyati 277 mlrd so‘mga xususiylashtirilgandi. Xaridor – “First Premium Alliance” MChJ. Kompaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli.

Mavzuga oid
Top