Arab-musulmon dunyosi nega ojizlik holatida?
Isroilning Falastin hududlari va xalqiga qilayotgan tajovuzi ko‘p o‘n yilliklardan beri davom etmoqda. Lekin salkam 2 milliard aholiga ega musulmon dunyosi Isroil davlati va uning ittifoqchilarini xalqaro qonunchilik doirasida tiyib turishga erisha olmadi.
Isroil – shu paytga qadar BMTning rezolyutsiyalarida eng ko‘p qoralangan, tanqid qilingan davlatlardan biri. Lekin nega musulmon dunyosi Isroilni xalqaro huquq doirasida insoniyatga qarshi jinoyatlardan tiyib tura olmaydi?
Nega musulmon dunyosi, 50 dan ortiq davlatni qamrab oluvchi Islom hamkorlik tashkiloti doirasida, 18 ta arab davlatini qamrab oluvchi Arab davlatlari ligasi va boshqa ko‘plab xalqaro birlashmalar doirasida Isroilni tiyib turuvchi huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, diplomatik choralarga erisha olmaydi?
11 noyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda bir vaqtning o‘zida ikkita katta sammit bo‘lib o‘tdi. Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlar ligasi sammiti. Unda 50 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishdi. Sammitning asosiy maqsadi – Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan va ko‘plab begunoh insonlarning o‘limiga sabab bo‘layotgan urushini to‘xtatish edi.
Sammitda O‘zbekiston tarafidan bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi va G‘azo sektoridagi tinch aholiga nisbatan bo‘layotgan jinoyatlarni qattiq qoraladi. Shuningdek, sammitda Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an ham nutq qilib, “Sharli Ebdo voqeasida dunyo liderlari namoyish o‘tkazgan edi, lekin 11 ming falastinlik tinch aholi o‘ldirildi, hech kimning parvoyi yo‘q, musulmon bo‘lgani uchunmi?” dedi.
Musulmon dunyosi va arab hamjamiyatining talablari Isroil tomonidan inobatga olindimi? Yo‘q, Isroil G‘azo sektorida urushni davom ettirmoqda. Tinch aholi orasidagi qurbonlar soni keskin oshib bormoqda. Qolaversa, ko‘plab arab davlatlarida hattoki Falastinni qo‘llab namoyishlar o‘tkazish taqiqlandi. Bu haqda gapirish taqiqlangan arab monarxiyalari ham bor. Sabab nima?
Bu – aksariyat arab va musulmon davlatlaridagi hokimiyat tabiati, uning jamiyat bilan, xalq bilan munosabatlariga borib taqaladi. Musulmon dunyosida hokimiyatlar xalq bilan, jamiyat bilan uzviy va tizimli bog‘lanmagan. Hokimiyatlar – xalqdan avtonom, mustaqil korporatsiyalar sifatida faoliyat yuritadi. Hokimiyatlar – xalqning irodasi hosilasi emas, hukumatlar jamiyatga institutlashgan holda bog‘liq emas. Saylovlar soxta.
Avtoritar, nodemokratik davlatlarda, hokimiyatlar xalqning irodasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lmaydi. Aksincha, avtoritar hokimiyatlar, odatda xalqdan cho‘chib, u bilan kurashib yashashadi. Shuning uchun ham avtoritar davlatlarda hokimiyatlarning eng katta g‘am-qayg‘usi – xalqni tiyib turish, xalq bilan yashirincha yoki oshkora kurashish bo‘ladi.
O‘z xalqi bilan kurashayotgan hokimiyatlar, tabiiy ravishda, tashqi dunyodan o‘zlari uchun homiy, himoyachi izlashadi. Qolaversa, o‘z xalqi bilan munosabatlari nosog‘lom bo‘lgan hokimiyatlar, qudratli demokratik davlatlarning bosimiga uchramaslik uchun ham, geosiyosiy og‘ishuvga, yon berishlarga moyil bo‘ladi.
Misol uchun, Yaqin Sharqdagi ikki musulmon davlatiga e’tibor bersak: Turkiya va Saudiya Arabistoni. Saudiya Arabistoni aholisining Falastinga, Quddusga nisbatan munosabati to‘liq shakllangan. Lekin Saudiya tashqi siyosatda Isroil va uning asosiy ittifoqchisi bo‘lmish AQShga hech qanday e’tiroz bildirmaydi. Sababi Saudiya xalqining irodasi va hokimiyatning tashqi siyosati o‘rtasida ko‘plab uzilishlar bor, xalqning xohishi davlatning tashqi siyosatida aks etmaydi.
Turkiyada esa demokratik institutlar va jarayonlar hokimiyatni xalqqa juda kuchli bog‘lab qo‘ygan. Gap faqat Erdo‘g‘anda emas. Demokratik o‘yin qoidasi xalqning ovozini olishni, xalqning irodasini inobatga olishni talab qiladi. Xalq istagan narsani inkor etish, demokratik tizimda, siyosatchi va siyosiy kuch uchun siyosiy jihatdan ayanchli bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun demokratiyalarda, xalq va hokimiyat o‘rtasida institutlashgan, tizimlashgan bog‘liqlik bo‘ladi. Aynan shuning uchun ham Turkiya – bugungi kunda musulmon dunyosidagi eng yirik demokratiyalardan biri sifatida, Falastin masalasida baralla gapirmoqda, Isroilning jinoyatlarini fosh qilmoqda.
O‘tmishda eng katta tanqis qadriyat, defitsit – erkinlik bo‘lgan. Bugun esa, jabr-zulmlarni davlat siyosati darajasida ushlab turish – qiyin ish. Insoniyatda axborot erkinligi kuchayib bormoqda. Natijada butun bir insoniyatda vaziyat to‘g‘risida obektiv, xolis tasavvurlar shakllanib bo‘ldi. Axborot erkinligi sababli ham, insonlarda siyosiy qarash, madaniyat shakllanib boradi.
Musulmon dunyosidagi avtoritarizm, nazarimda, abadiy yashay olmaydi. Hali musulmon dunyosida katta-katta transformatsiyalar yuz beradi. Xalqning irodasi hokimiyatlarga keladi. Ana shunda salkam ikki milliardlik musulmon dunyosining ovozi dunyo hamjamiyatiga baralla eshitiladi. Hozircha esa, musulmon dunyosidagi strategik zaiflikning asosiy sababi – avtoritarizmlar, avtoritar boshqaruv modellari hisoblanadi. Bu esa, liberal g‘arb uchun ham qulay holat bo‘lib qolmoqda.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
Mavzuga oid
21:45 / 21.12.2024
Ar-Riyod Germaniya hukumatini terakt xavfidan bir necha bor ogohlantirgani ma’lum bo‘ldi
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
17:52 / 17.12.2024
WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda
22:17 / 16.12.2024