Jahon | 12:54 / 25.11.2023
6319
4 daqiqa o‘qiladi

JSST Ash-Shifo shifoxonasi direktorining taqdiridan xavotirda

JSST TsAHAL tomonidan hibsga olingan Ash-Shifo kasalxonasi direktori Muhammad Abu Salmiy va yana uch tibbiyot xodimi taqdiridan xavotirda. Isroil Abu Salmiyni HAMAS jangchilari bilan hamkorlikda gumon qilmoqda.

Foto: Picture Alliance

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 24 noyabr, juma kuni Ash-Shifo shifoxonasi direktori Muhammad Abu Salmiy taqdiridan xavotirda ekanligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda AFP. Chorshanba kuni Abu Salmiy va yana besh nafar tibbiyot xodimi Isroil Mudofaa kuchlari (TsAHAL) tomonidan HAMAS jangchilari bilan hamkorlikda gumonlanib hibsga olindi va Isroil Bosh xavfsizlik xizmati («Shin-Bet») tomonidan so‘roqqa olib ketildi

«Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatining uch nafar tibbiyot xodimi va Sog‘liqni saqlash vazirligining uch nafar tibbiyot xodimi qo‘lga olindi», — deyiladi JSST xabarida. Unga ko‘ra, shundan so‘ng ikki kishi qo‘yib yuborilgan, biroq yana to‘rt kishining, jumladan Abu Salmiyning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Tashkilot Isroil tomonini «qo‘lga olish vaqtida ularning qonuniy huquqlari va inson huquqlariga to‘liq rioya etilishini ta’minlashga» chaqirdi. 

Avvalroq TsAHAL va «Shin-Bet» Abu Salmiyni hibsda saqlash to‘g‘risidagi qaror «direktorning terrorchilik faoliyatiga aloqadorligi yuzasidan olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra» qabul qilinishini bildirgan edi. 

HAMASning Ash-Shifo kasalxonasidan foydalanishi

TsAHAL bir necha bor G‘azo mojarosi chog‘ida HAMASning yuqori martabali amaldorlari Ash-Shifo kasalxonasi ostidagi tunnellarga yashiringanini, shundan so‘ng majmuaning o‘zi yerosti harbiy bazasiga aylantirilganini bir necha bor ta’kidladi.

HAMAS hujumiga javoban G‘azoda quruqlikdagi operatsiyani boshlagandan so‘ng, Isroil harbiylari kasalxonaga hujum qilib, uni nazoratga oldi, shifoxona ostidagi tunnellar va go‘yoki shifoxonadan harbiy maqsadlarda foydalanilganiga oid videolarni e’lon qildi.

TsAHAL vakili Daniel Xagarining so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi Ar-Rantisi va Al-Quds kabi boshqa kasalxonalarda ham hamaschilar harakati izlari topilgan. «Bu tasodif emas, bu - HAMAS operatsion tizimi», dedi Xagari.

24 noyabr kuni TsAHAL Ash-Shifo ostidagi tunnellar tizimini yo‘q qilganini bildirdi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 14 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

24 noyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida to‘rt kunlik otashkesim kuchga kirdi, birinchi kunda 13 nafar isroillik va 11 nafar xorijlik ozod etildi. Bunga javoban Isroil 39 nafar falastinlikni qamoqxonalardan qo‘yib yubordi. G‘azo sektoriga gumanitar yordam yuklangan 200 ta yuk mashinasi yetib keldi. 

Mavzuga oid