Jahon | 11:48 / 29.11.2023
7123
4 daqiqa o‘qiladi

Qatar: HAMAS ikki kunlik sulhda yana 20 nafar garovga olinganni ozod qiladi

Qatar TIV ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olingan yana 20 nafar isroillik qo‘shimcha ikki kunlik sulh davomida ozod etilishi mumkinligi haqida «tasdiq bor». 

Foto: Reuters

HAMAS jangchilari 28 va 29 noyabr, seshanba va chorshanba kunlari G‘azo sektoridagi gumanitar sulhni uzaytirish bo‘yicha kelishuv doirasida yana 20 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qiladi, dedi Qatar TIV matbuot kotibi Majid bin Muhammad al-Ansoriy. «Biz G‘azo sektorida garovga olingan 20 nafar shaxs ikki kun ichida ozod etilishi mumkinligi haqida tasdiqlangan ma’lumotga egamiz», dedi u Dohadagi matbuot anjumanida va Qatar hozirda HAMAS tomonidan qolayotgan garovga olinganlarning umumiy sonini tasdiqlay olmasligini ta’kidladi. 

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilayotgan Qatar «barqaror sulh»ga erishish uchun G‘azo sektoridagi gumanitar pauzaning ikki kunlik uzaytirilishidan foydalanish niyatida», deya qo‘shimcha qildi al-Ansoriy. «Hozirgi paytdagi asosiy maqsadimiz va umidimiz keyingi muzokaralarga olib keladigan barqaror sulhga erishish va oxir-oqibatda bu urushni tugatishdir», dedi u. 

Qatar TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, HAMAS tomonidan garovga olingan isroillik askarlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar tinch aholi ozod etilganidan keyin boshlanishi mumkin. «Hozirgi paytda garovga olingan fuqarolar, ayollar va bolalarni ozod qilish ustuvor vazifa, keyin navbat harbiylarga keladi», - dedi al-Ansoriy. 

G‘azodagi sulh ikki kunga uzaytirildi 

24 noyabrdan beri G‘azo sektorida Qatar vositachiligida Isroil va HAMAS tomonidan to‘rt kunlik muddatga kelishilgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi amal qilmoqda. Kelishuv shartlariga ko‘ra, bu vaqt ichida HAMAS jangchilari 7 oktyabr kuni garovga olinganlar orasidan 50 nafar ayol va bolani Isroilga topshirishi kerak. Isroil 150 nafar falastinlik mahbuslarni – ayollar va o‘smirlarni qamoqxonalardan ozod qilishi lozim. 

Avvalgi kelishuv muddati tugashiga bir necha soat qolganda, 27 noyabr kuni kechqurun Qatar TIV Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana ikki kunga uzaytirishga kelishib olganini ma’lum qildi. Sulhning «oldingi shartlarda» uzaytirilishi haqidagi ma’lumotni HAMAS vakillari tasdiqladi. O‘sha kuni mojaro tomonlari garovga olinganlar va asirlarni to‘rtinchi almashishni amalga oshirdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 15 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid