Zelenskiy qo‘mondonlar bilan Zalujniyni chetlab o‘tgan holda gaplashmoqda va yig‘ilishlarda unga piching qilmoqda
«Ukrainskaya pravda» prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida katta maqola tayyorladi.
Jahon nashrlari bir oydan buyon go‘yoki Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘rtasida frontdagi muvaffaqiyatsiz qarshi hujum fonida yuzaga kelgani aytilayotgan mojaroni muhokama qilmoqda. Barchasi Zalujniyning The Economist nashriga bergan intervyusidan boshlangandi, unda bosh qo‘mondon urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va yillarga cho‘zilishi mumkinligini aytgandi. Zelenskiy bunga javoban vaziyatni umidsiz deb hisoblamasligini bildirib, yana bir marta Ukraina Rossiya bilan sulh va mojaroni vaqtinchaga muzlatib qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormasligini ta’kidladi. Keyinroq prezident siyosat bilan shug‘ullana boshlagan harbiylar katta xatoga yo‘l qo‘yayotganini aytdi. Ko‘pchilik buni to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh qo‘mondonga murojaat sifatida baholadi. Xuddi shu The Economist nashri ko‘p o‘tmay Zelenskiy va Zalujniy munosabatlarini endi «dahshatli»dan boshqa so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasligi haqida yozdi. Prezident ofisidagilar mojaro haqidagi xabarlarni nonsens deb atagan. Bu vaqtda Zalujniyning frontdagi vaziyat bo‘yicha nuqtayi nazarini Kiyev meri Vitaliy Klichko ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab chiqdi. O‘z navbatida, prezidentning «Sluga naroda» partiyasining Oliy Radadagi fraksiyasi vakili bo‘lgan deputat Maryana Bezuglaya esa Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonida 2024 yil uchun reja yo‘qligini aytib, uni iste’foga chiqishga chaqirdi. Ukrainadagi asosiy nashrlardan biri, urush va harbiy senzura sharoitida ham muntazam ravishda Ukraina rahbariyati tanqid qilingan materiallarni chop etib kelayotgan «Ukrainskaya pravda» prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasida nimalar bo‘layotgani haqida yozdi.
«Odamlar Zalujniyni ilohiylashtirib yuborgan»
«Ukrainskaya pravda»ning UQK bosh shtabidagi suhbatdoshlariga ko‘ra, siyosatchilar hamda harbiylar o‘rtasidagi raqobat va mojaroning dastlabki belgilari 2022 yil bahoridayoq ko‘zga tashlangandi. Rossiya bosqini avj pallasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar ukrainlarning mutlaq ko‘pchiligi Zelenskiyga ishonch bildirishini ko‘rsatgandi — 93 foiz. Ammo yanada ko‘proq fuqarolar — so‘ralganlarning 98 foizi — jamoatchilikka ko‘rinish beravermaydigan Zalujniyni ifoda etadigan Ukraina qurolli kuchlarini ma’qullagan.
Prezident jamoasi vakili ma’lum qilishicha, Zelenskiyning ofisi rahbari Andrey Yermak o‘shandayoq Zalujniyda siyosiy ambitsiyalar bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qarata boshlagan. Masalan, bosh qo‘mondon o‘z nomidagi xayriya jamg‘armasi tashkil etishiga yo‘l qo‘yilmagan, Zelenskiyning ofisidagilar bu fond vaqti kelib siyosiy partiyaga aylanib ketishi mumkin deb hisoblashgan.
Bunday ixtilofdan keyin Zalujniy ongli ravishda mediadan yiroqlashgan va faqat xorijiy nashrlarda qisqa bayonotlar bilan ko‘rinish bergan. Ammo bu uning mashhurligi ortishiga sabab bo‘lib, «ukrain jamoatchiligining fenomenal reaksiyasi»ni yuzaga keltirgan, deya yozadi UP.
«Yaqinda ayrim xorijiy tashkilotlar bizda hozir qanday siyosiy bo‘shliqlar paydo bo‘lganini o‘zi uchun bilib olish maqsadida Ukrainada fokus-guruhlar o‘tkazishdi. Sodda qilib aytganda — odamlar Zalujniyga sig‘inadi: „u bizni himoya qiladi“, „u bolalarimizni asraydi“ qabilida. Shunday toza irratsional e’tiqod», — degan jurnalistlarga yuqori martabali mulozimlardan biri anonim tarzda.
«Reyting» guruhi dekabr oyi boshida o‘tkazgan so‘rovda ma’lum bo‘lishicha, Ukrainada prezidentlik saylovlari shu kunlarda o‘tkazilsa, Volodimir Zelenskiyga 47,4 foiz saylovchi, Zalujniyga — 30,7 foiz kishi ovoz bergan bo‘lardi.
UP nashri qayd etishicha, tadqiqotning to‘liq natijalari ommaga oshkor etilmagan. Faqat bitta slayd Zelenskiy ofisiga aloqador deb hisoblanuvchi «Vertikal» telegram-kanaliga joylashtirilgan.
Jurnalistlar tadqiqot ma’lumotlari bilan to‘liq tanishishgan. Unga ko‘ra, ikkinchi turda Zelenskiy 42 foiz, Zalujniy esa — 40 foiz olgan bo‘lardi. Shu bilan birga, Zalujniy bunday elektorat qo‘lloviga erishish uchun siyosiy maydonda mutlaqo hech narsa qilmagan. «U umuman mediyada siyosiy sub’yekt sifatida mavjud emas», — deya qayd etadi nashr.
«Ba’zida Zelenskiyda ikki xil armiya bordek tasavvur uyg‘onadi: Sirskiy qo‘mondonligidagi „yaxshilar“ va Zalujniyga bo‘ysunadigan „yomonlar“»
Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi keskinlik urush va siyosat aralashuvi oqibatida yuzaga keldi, deb hisoblaydi nashr. «Zelenskiy siyosat elementlarini armiya rahbariyatiga, ya’ni Zalujniy mas’ul sohaga olib kirdi. Shu bilan bir vaqtda, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni o‘zi istamagan holda siyosiy reallikda, ya’ni prezidentning hayotiy manfaatlari sohasida ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan hodisaga aylandi», — deya yozadi UP.
Vaziyat Zelenskiy oliy bosh qo‘mondon maqomiga ega bo‘lish uchun nafaqat rasmiy ravishda, balki amalda ham harbiy rejalashtirish va qo‘mondonlik bilan shug‘ullanishini talab etadi. Shunday qilib, Zelenskiy malda turli qo‘shinlar qo‘mondonlari bilan, masalan, Quruqlik kuchlari qo‘mondoni Oleksandr Syrskiy va Havo kuchlari rahbari Nikolay Oleshchuk bilan muloqot qilishning parallel mexanizmlarini yaratdi, degan jurnalistlarga prezidentga atrofidagi manbalardan biri.
Bir tomondan harbiylar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt prezidentning ishini tezlashtiradi, ammo boshqa tomondan bu Zalujniyni aylanib o‘tgan holda amalga oshiriladi va Ukraina QK bosh qo‘mondoni ishini izdan chiqaradi, u rasman o‘z qo‘l ostida bo‘lganlarning ma’lumotlarining bir qismini faqat shtab yig‘ilishlarida olishi mumkin, agar olsa, deya yozadi «Ukrainskaya pravda».
«Ko‘ryapsizmi, shunday tasavvur borki, Zelenskiyda ikki xil Ukraina qurolli kuchlari bor: Sirskiy va boshqa favoritlar qo‘mondonlik qiladigan „yaxshi“ va Zalujniyga bo‘ysunadigan „yomon“. Bu bosh qo‘mondonning ishtiyoqini so‘ndiradi va asosiysi — butun armiyani boshqarishga xalaqit qiladi», — deya jurnalistga vaziyatni tushuntirgan prezident jamoasidagi suhbatdosh.
Boshqa ixtilof oblastlar harbiy komissariatlari rahbarlari korrupsiyada gumonlanib, yoppasiga ishdan bo‘shatilishi tarixi bilan bog‘liq. «Davlat tergov byurosi rahbari [Aleksey] Suxachev yozda shtabga kelib, harbiy komissarlar qanday qilib ishdan bo‘shatilgani haqida hisobot bera boshladi. Va undan keyin so‘z Zalujniyga berildi, u esa bitta gap bilan nuqtasiga urdi: „Huquq-tartibot organlariga minnatdorchilik bildiraman, korrupsiya mavzusi muhim. Ammo men safarbarlik bo‘yicha ham so‘nggi ma’lumotlarni aytmoqchiman“. Bunda esa barcha oblastlarda keskin pasayish qayd etilgandi», — degan jurnalistlarga o‘sha yig‘ilish ishtirokchilaridan biri anonim tarzda.
«Ukrainskaya pravda» so‘nggi kadrlar o‘zgarishlariga e’tibor qaratgan: Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni Viktor Xorenko va Tibbiyot kuchlari qo‘mondoni Tatyana Ostashchenko iste’foga chiqarilgani, shuningdek, Ukraina QK birlashgan kuchlari qo‘mondoni, mamlakat janubini «taslim qilish»da (buni norasmiy ravishda «Zalujniy ishi» deb atashadi) gumonlanayotgan Sergey Nayev lavozimdan olinishi mumkinligiga e’tibor qaratgan. Bu harbiylarning barchasi bosh qo‘mondon orbitasidagilar bo‘lib, ularning ishdan bo‘shatilishi qo‘mondonlik vertikalida beqarorlik keltirib chiqaradi, deya qayd etgan UP.
Shtab yig‘ilishidagi achchiq hazillar
Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi kelishmovchilik Ukraina QK qarshi hujumidagi muvaffaqiyatsizliklar fonida sezilarli darajada kuchaydi. Hujum harakatlari rejasi bosh qo‘mondon boshchiligidagi harbiylar tomonidan tuzilgan, siyosiy rahbariyat esa ularning hisob-kitoblariga asoslangan holda g‘arblik hamkorlardan yordam so‘rab, yangi bo‘linmalarni qurollantirgan.
Haqiqiy jangovar harakatlar ancha qiyin bo‘lib chiqdi, buning uchun «yengib bo‘lmas harbiy shartlar» mavjud edi: Rossiya armiyasi operativ tanaffusdan keng ko‘lamli mudofaaga tayyorlanish uchun oqilona foydalandi, Ukraina qurolli kuchlarida esa bunday amaliyot uchun kuchlar ancha kam edi va g‘arb va’da qilgan qurollarning barchasini ololmadi.
Ukraina urushni davom ettirish uchun yangi yilgacha o‘q-dorilarning yangi partiyalari yetkazib berilishiga muhtoj. Buning uchun Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlari haqida oldindan bilish kerak, ammo Bosh shtab hozirga qadar siyosatchilarga 2024 yil uchun strategik rejani taqdim etmagan.
UP ma’lumotiga ko‘ra, Bosh shtab hisob-kitoblari shuni ko‘rsatadiki, prezidentning Ukrainaning butun hududini ozod etish bo‘yicha topshirig‘ini bajarish uchun 350-400 milliard dollarlik kuch va vositalar kerak bo‘ladi. 1991 yilgi chegaralarga chiqish uchun bunday reja siyosiy rahbariyatni ham, g‘arblik hamkorlarni ham qoniqtirmaydi, deya qayd etadi jurnalistlar.
Bu rejaning ayrim tafsilotlari 20 noyabr kuni Kiyevga kelgan Pentagon rahbari Lloyd Ostinga yetkazilgan. «Ostinga 17 million snaryadga talab borligi bildirilgan. U, yumshoq qilib aytganda, hayratga tushgan, chunki butun dunyo bo‘ylab ham shuncha snaryad yig‘ib bo‘lmaydi», — degan ukrainalik yuqori martabali amaldorlardan biri.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Zalujniy go‘yoki shaxsan AQSh mudofaa vaziriga Zelenskiy ofisi bilan muammolari to‘g‘risida shikoyat qilgan. «Keyinroq Ostin bizga Zalujniy unga qanday xalaqit berilayotganidan, Ofis unaqa emas, bu bunaqa emas, boshqasi boshqaligidan shikoyat qilganini aytdi. Prezident ham bu gaplardan xabar topgani tayin. Bu esa o‘rtadagi ishonchni oshirmaydi», — degan nashr suhbatdoshi.
«Ostin kelib ketganidan keyin Zelenskiy Zalujniyni almashtirish qaroriga yaqinlashgandek taassurot bor. Shtab yig‘ilishlarida esa, aksincha, bahslar yo‘qolgan va hazillar qilinishi boshlangan, ammo bu juda sovuq va o‘yib oladigan hazil. Prezident so‘raydi: „Nima, biz 200 metrga chekinib, qahramonlarcha yurish qilyapmizmi?“, Valera esa achchiqlanib sukut saqlaydi», — degan nashrga shtab a’zolaridan biri.
Shu bilan birga, Volodimir Zelenskiy jamoasi vakillarining katta qismi hozirgi bosh qo‘mondon almashtirilishiga qat’iyan qarshi.
Bir tomondan, Zalujniyning o‘rnini kimdir bosa olishi qiyin. UQK quruqlik kuchlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy yagona yaqqol nomzod bo‘lib ko‘rinadi. Ammo u Ukraina fuqarolarida mashhurlikka erishmagan, qolaversa, yo‘qotishlar bilan hisoblashmaydigan general tamg‘asidan qutula olmaydi.
Ammo Zelenskiy ofisi uchun asosiy muammo ukrain siyosatida yangi «superyulduz» paydo bo‘lishidir, Zalujniy iste’foga chiqqan zahoti aynan shunday odamga aylanishi muqarrar, deya xulosa qilgan «Ukrainskaya pravda».
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024