Sport | 20:49 / 12.12.2023
31955
2 daqiqa o‘qiladi

PFL Superliga ishtirokchilari soni 2025 yildan 16taga oshirilishini e’lon qildi

O‘zbekiston professional futbol ligasi Superliga ishtirokchilari soni avvalgidek 16taga oshirilishini e’lon qildi.

«2025 yilgi mavsumdan boshlab Superligada 16ta jamoa ishtirok etadi. Bu orqali mavsum davomidagi tur o‘yinlari soni 30taga yetadi. 

Liga so‘nggi to‘rt mavsum davomida Superliga ishtirokchilari soni sport prinsiplariga zid ravishda o‘zgarmasligi uchun kurashib keldi. OFK litsenziyasini qo‘lga kiritayotgan klublar sonining ortib borayotgani, rasmiy uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatini beruvchi maydonlar va ulardagi projyektorlar minimal talablarga moslanganidan kelib chiqib, 2025 yildan boshlab jamoalar sonini oshirish rejalashtirildi. 

Superliganing 2024 yilgi mavsumida 14ta jamoa g‘oliblik uchun raqobatlashadi. Yakunda so‘nggi o‘rinni egallagan 1ta jamoa musobaqa bilan xayrlashadi. Uning o‘rniga Proliganing dastlabki ikki jamoasi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Yana 1 ta yo‘llanma esa Superliganing 12-13 hamda Proliganing 3-4 jamoalari o‘rtasida o‘ynaladi. Bunda Pro liganing 4-jamoasi uy o‘tish o‘yinida Superliganing 12-jamoasini, Proliganing 3-jamoasi esa uy o‘tish o‘yinida Superliganing 13-jamoasini qabul qiladi. Har ikki bellashuv g‘oliblari neytral maydonda Superliganing 16-ishtirokchisi nomiga oydinlik kiritadi. 

Bundan ko‘rish mumkinki, Superligada 12-o‘rin bilan kifoyalangan jamoa ham 2025 yilgi mavsumni Pro ligada o‘tkazishi, Pro liganing to‘rtinchi jamoasi esa aksincha, Superliga yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin. Muhimi, barchasi sport prinsiplaridan kelib chiqib, amalga oshiriladi», - deyiladi PFL xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Superliga ishtirokchilari 2017 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, O‘FA sobiq prezidenti Umid Ahmadjonov tashabbusi bilan 16tadan 14taga qisqartirilgan edi.

Mavzuga oid