Urush qachon tugashi, tuxum uchun uzr va jurnalist bilan so‘z o‘yini. Putinning jonli muloqotidan asosiy gaplar
Putinning urush boshlanganidan buyon o‘tkazilgan ilk jonli muloqoti to‘rt soat davom etdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada urush boshlanganidan beri ilk marta o‘zi rossiyaliklarning savollariga javob beradigan an’anaviy onlayn muloqot – «Pryamaya liniya»da qatnashdi. Putinning bu galgi muloqoti birato‘la matbuot anjumani ko‘rinishida ham o‘tkazildi.
Urush qachon tugaydi?
Rossiya prezidentiga Ukrainadagi urush haqida eng ko‘p savol berishdi. Xususan, tinchlik qachon bo‘lishi haqida so‘rashdi. Putin tinchlik Rossiya barcha qo‘yilgan vazifalarni bajarib bo‘lganida o‘rnatilishini aytdi. Uning fikricha, urush boshlanishiga sabab bo‘lgan «denatsifikatsiya», «demilitarizatsiya» va Ukrainaning betaraflik maqomi hamon dolzarb hisoblanadi.
«Ukrainani denatsifikatsiya qilish masalasi hamon aktual bo‘lib turibdi. Demilitarizatsiya masalasi biz istagandek ketmoqda deyish mumkin. Ukraina G‘arbdagi ittifoqchilar va’da qilgan hamma qurollarni ortig‘i bilan olib bo‘ldi. Biz ittifoqchilari berganidan ko‘proq qurollarni yo‘q qildik. Ukraina hozir aytarli hech narsa ishlab chiqara olmayapti. To‘g‘ri, ularga hali ko‘p qurol berishadi, lekin biz yo‘q qilishda davom etamiz. Mana bu – demilitarizatsiya.
Ikkinchi safarbarlik to‘lqini bo‘ladimi? Bu borada ko‘p gaplar bo‘lmoqda. O‘tgan gal safarbar qilinganlar haqida istehzo bilan gapirishdi, lekin ular juda zo‘r jang qilyapti. Safarbar qilinganlar orasidan 14 nafar Rossiya Qahramoni chiqdi. Bu ko‘p narsadan dalolat. Juda ko‘p rossiyalik erkaklar qo‘liga qurol olib vatanni himoya qilmoqchi. Nega yana safarbarlik kerak?» – dedi Putin.
Rossiya yetakchisi mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni uzmagani, munosabatlar tiklanishiga esa doim tayyorligini ta’kidlagan.
«Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni biz uzganimiz yo‘q. Ularning o‘zi bizni ikkinchi, uchinchi planga tushirib qo‘yishdi. Ukrainadagi mojaro nimadan boshlangandi? Keling, 3-4 daqiqa vaqtimizni ayamay boshidan eslaylik. Ukrainadagi davlat to‘ntarishidan. Birinchidan, Yanukovich saylovda yutgach unga hukumatni topshirmay saylovda uchinchi tur e’lon qilindi. Keyin u baribir saylovni yutdi. Keyin nima qilishdi? Davlat to‘ntarishi.
Qora dengiz bo‘yidagi Yevropa davlatlari doim Rossiyaga moyil bo‘lgan, chunki ularning aksari eski Rossiya yerlari. Ukrainaning nima aloqasi bor? Qrim, Odessa rus shaharlari. Vladimir Lenin bu yerlarni Ukrainaga berib yuborganiga, SSSR tarqalgach ham bu yerlar Ukraina tarkibida qolishiga ko‘ndik. Lekin keyin ularning munosabati o‘zgarib ketdi. Donbassda 8 yil davom etgan voqealar bizni hozir bo‘layotgan ishlarga undadi. Yevropa Ittifoqida esa bularni ko‘rmaganga olishdi. Minsk kelishuvini imzoladik, ukrainlar bunga tupurib qo‘yishdi.
Yevropada «katta og‘alari» AQSh ta’sirida bo‘lmagan kam sonli siyosatchilar qolgan. Fitso (Slovakiyaning yangi bosh vaziri Robert Fitso) paydo bo‘ldi, Viktor Orban (Vengriya bosh vaziri) bor. Ular rossiyaparast siyosatchilar emas, o‘z millati manfaatlarini himoya qiladigan odamlar. Shunday ekan, biz Yevropa Ittifoqi bilan ham, AQSh bilan ham munosabatlarni tiklashga tayyormiz», dedi Putin.
Ukrainaning qarshi hujumi
Harbiy muxbirlardan biri Putindan Dnipro daryosi bo‘yidagi Rossiya ko‘p yo‘qotishlarga uchragan platsdarm haqida ham so‘rashdi. Putinga ko‘ra, ruslar bu yerda sanoqli askar yo‘qotmoqda, Ukraina esa kuniga o‘nlab askaridan ayrilmoqda.
«Krinkidagi platsdarm haqida gapiradigan bo‘lsam, dushman juda katta qarshi hujum bo‘lishini anons qildi, lekin hech qayerda maqsadiga erisha olmadi. Keyin ular Dnipro orqali hujum qilishga intilishdi. Ukraina armiyasi juda tor yo‘lakda otishma boshladi. Biz askarlarni asrash uchun qo‘shinlarni bir necha metr nariga ko‘chirdik.
Ular nega bunday qilyapti, tushunmayman. Ular shunchaki o‘z odamlarini o‘limga yuborishmoqda. Ukraina rahbariyati chet elda yalinib yurishibdi, balki ular qandaydir umid borligini ko‘rsatib yana pul so‘rashmoqchidir. Bu Ukraina siyosiy rahbariyatining ahmoqligi deb o‘ylayman. Men yaqinda ukrainlarni u yerdan chiqarib yubormanglar, o‘zlari xohlashayotgan ekan [o‘laverishsin] dedim, afsuski shunday.
Frontda bizning qurolli kuchlarimiz o‘z vaziyatlarini yaxshilamoqda. Ularning deyarli hammasi faol harakat qilmoqda», dedi Putin.
Ukraina va G‘azoni taqqoslash
Turkiyaning Anadolu agentligi muxbiri Ali Jo‘ra Putindan Isroilning G‘azoga hujumi haqida, shuningdek, Turkiyaga borish rejalari haqida so‘radi.
«G‘azodagi vaziyatni tiklash bo‘yicha Turkiya prezidentining xizmatlari katta. U dunyo jamoatchiligining yetakchilaridan biri hisoblanadi. Unga salomatlik tilayman.
Endi bizning «maxsus harbiy amaliyot»ni qarang va G‘azoda bo‘layotgan voqealarni ko‘ring. Ukrainada bunday ishlarni ko‘rmaysiz. BMT bosh kotibi G‘azoni dunyodagi eng katta bolalar qabristoni deb atadi. Bu ko‘p narsani anglatadi.
Men yaqinda Erdo‘g‘an bilan uchrashmoqchi edim. Afsuski, uning grafigiga to‘g‘ri kelmadi. Mening emas, uning grafigiga. Balki kelasi yil boshida uchrashishga harakat qilarmiz. U bilan doimiy aloqadaman.
Darvoqe, biz G‘azodagi Rafahga yaqin joyda dala hospitali qurmoqchimiz. Ya’ni o‘sha yerdagi stadionda. Bu borada Misr prezidenti bilan gaplashdim, u qarshi emas. Isroil bosh vaziri bilan ham gaplashdim. Ular G‘azoda hozir hospital qurishimiz xavfli ekanini aytishdi. Lekin bu bilan hospital ochish fikridan qaytganimiz yo‘q, bu borada ishlashda davom etamiz», dedi Rossiya prezidenti.
Rossiyalik sportchilarning taqdiri
Match TV jurnalisti Putinga sport haqida savol berdi: «MOQ 2024 yildagi olimpiada o‘yinlari bo‘yicha rossiyalik sportchilarga cheklov e’lon qildi (Rossiya bayrog‘i bilan qatnashishni taqiqladi). Ammo isroillik sportchilarga hech qanday cheklov bo‘lgani yo‘q. Bunga nima deysiz?» Bu savolga qo‘shib qrimlik bolalarning sport zal qurib berishni iltimos qilgan videosi qo‘yib berildi.
«Xalqaro sport mulozimlari qilayotgan ishlar Piyer de Kubertenning g‘oyalariga mutlaqo zid. U sport – bu tinchlik degan. Hozirgi mulozimlar esa homiylariga juda bog‘lanib qolishdi. Bo‘layotgan ishlarga sportchilarning nima aloqasi bor? Qo‘ying, borib qatnashishsin. Ammo ular G‘arbdagi siyosatchilar ta’siriga tushib qolishgan. Sportchilarimiz qatnashishi haqida sport vazirligi qaror qabul qiladi», dedi u.
Putin qrimlik bolalarga ham murojaat qilib ularga davlat budjetidan yangi zal qurib berilishini aytdi.
Yollanma jangchilar, tuxum va pensiya
Putinga frontda dronlar, ayniqsa razvedka dronlari yetishmayotgani haqida savol berishdi. U savol bergan «voyenkor»ga ahvol yaxshilanayotganini aytib, bu fikrini takrorlashini so‘rab ham oldi. Rossiya prezidenti front chizig‘i 2 ming kilometrdan uzunligi, shu bois ba’zi juz’iy kamchiliklar bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Savollardan birida harbiy xizmatchi xususiy harbiy kompaniya safida (katta ehtimol «Vagner») urushda qatnashgani, lekin harbiy harakat faxriysi ekani, lekin hech qanday imtiyozlar ololmaganini aytdi.
Putin bu savolga javob berar ekan, Rossiyada huquqiy jihatdan xususiy harbiy kompaniya yo‘qligini ta’kidlab, muammo ular davlat bilan shartnoma imzolamaganida ekanini aytdi. Shuningdek, bu xususiy kompaniyalarda o‘z yaqinlari ham jang qilib halok bo‘lganini ta’kidladi.
Putin Argentinaning yangi prezidenti Xaviyer Miley mamlakatda AQSh dollarini milliy valuta sifatida qabul qilish taklifi haqidagi savolga ham javob berdi.
«Ha, Argentinada dollarga o‘tish taklif qilindi. Bu hamma davlatning o‘z ishi. Argentinada inflatsiya 145 foiz ekanini ham unutmaslik kerak. Ha, bunday taklifning mantig‘ini tushunish mumkin. Ammo bu mamlakat suverenitetini xavf ostida qoldiradi. Dollarga bog‘lanib qolish ko‘plab ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi.
Pul seniki bo‘lmagach, sen uni chop eta olmaysan. Oqibatda ijtimoiy himoyaga, tibbiyotga, maoshlarga ajratiladigan pul keskin kamaytirilishi kerak bo‘lib qolishi mumkin. Boshqacha yo‘l yo‘q. Xo‘p, ular shunday qaror qilgan ekan, marhamat, o‘z xohishlari. Biz 2021 yil eksport savdolarida 87 foiz xorijiy valuta – dollar va yevrodan foydalanardik. Rubl hajmi 11-13 foiz, yuan esa 0,4 foiz atrofida edi. Bu yil sentabrdagi savdolarda rubl 40 foiz, yuan 33 foiz, yevro va dollar 24 foizga teng bo‘ldi. Bu yaxshi, milliy valutadan foydalanish orqali o‘z suverenitetimizni mustahkamlayapmiz», dedi Putin.
Rossiya prezidentidan oxirgi vaqtlarda mamlakatda aktual mavzuga aylangan tuxum narxi haqida ham so‘rashdi. Krasnodarlik pensioner ular million rubl topmasligi, yegulikka ko‘p xarajat qilishayotganini aytdi.
«Yaqinda qishloq xo‘jaligi vaziri bilan gaplashib tuxuming qanday, deb so‘radim. Yaxshi dedi. Lekin odamlarda tuxum bilan bog‘liq vaziyat yaxshi emas dedim. Muammolardan biri importni o‘z vaqtida ochishmagani. Turkiya va Belarusdan qo‘shimcha tuxum yuborishni taklif qilishmoqda. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida ham bu borada kelishuv bo‘ladi. Dekabr oyida bu masala hal qilinishi kutilmoqda. Yana takrorlayman, importni vaqtida ochishmagan, bu muammo uchun uzr so‘rayman», degan Putin.
Nafaqaxo‘rlar esa Putindan kommunal to‘lovlar narxi oshgani bo‘yicha so‘rashdi: «Pensiyamiz 7,5 foizga oshdi, Novosibirskda JKX narxi esa 9-14 foizga oshishi kutilmoqda. Bu to‘g‘rimi?»
«Albatta, bu narxlarni tahlil qilamiz. Pensiya inflatsiya ko‘rsatkichidan kam oshmasligi kerak. Gap shundaki, tariflar 1,5 yilda bir marta oshyapti, bu vaqtda pensiya uch marta oshirilib, umumiy 23 foizga oshmoqda. Albatta, fuqarolar daromadlari oshib borishi kerak, lekin tariflar ham inflatsiyaga bog‘liq. Shuningdek, oila daromadining 22 foizini kommunal to‘lovlarga to‘layotgan bo‘lsa, imtiyoz olishi mumkin».
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Putin raqamlarda adashib ketgan va o‘tgan yil davomida kommunal to‘lovlar narxi ikki marta umumiy 13 foizga oshgan.
RF prezidenti Rossiya aviatsiyasi haqidagi savolga ham javob qaytardi.
«Juda ko‘p xorijiy samolyot sotib olgan kompaniyalarimiz bilan ko‘p muhokamalar o‘tkazganmiz. Kompaniyalarimiz lizing korxonalari tomonidan qo‘yilgan shartlarga ko‘nmay to‘g‘ri qilishdi. Biz bu samolyotlarning aksarini sotib olamiz va ular o‘z mulkimizga aylanadi. Mahalliy samolyotlar ishlab chiqarish ham rivojlanadi», dedi u.
Jurnalist bilan so‘z o‘yini
Peskov Putinga AQShning New York Times nashri jurnalisti savoliga javob berishni taklif qildi. Putin esa zalda Xitoyning bosh axborot agentligi «Sinhua» muxbiri qo‘l ko‘tarib turganiga e’tibor qaratdi: «Avval Sinhua, keyin New York Times», dedi u.
Amerikalik jurnalist esa Putindan WSJ jurnalisti Evan Gershkovich 37 haftadan buyon Rossiyada sudsiz qamoqda ushlab turilgani, bugun muddat yana uzaytirilgani haqida so‘radi. «Uni uyiga qo‘yib yuborish uchun AQSh bilan kelishish to‘g‘ri bo‘lmaydimi? Balki bu ikki davlat o‘rtasidagi juda yomon munosabatlar iliqlashishiga olib kelar?» dedi jurnalist.
«Uni sudsiz ushlab turishibdi deyish to‘g‘ri emas. Agar uni ushlab turish muddati uzaytirilgan bo‘lsa, bu sud qarori bilan amlaga oshirilgan. Almashish haqida gapiradigan bo‘lsam. Avvalo, Rossiya hududida qonunni buzmaslik kerak. Biz uni topshirishni rad etganimiz yo‘q. Bu jarayon amalga oshishi uchun ikki tomon harakat qilishi kerak. Bu borada amerikalik hamkorlar bilan muloqot ketmoqda.
Umid qilamanki, biz bu borada yechim topa olamiz. Buning uchun avvalo amerikaliklar ham bizni qoniqtiradigan yechimga kelishi shart. Ha, sizning fikringizga qo‘llayman, bu jarayon asosida insonparvarlik yotishi kerak», deya javob qaytardi Putin.
Fransiyalik jurnalist esa Putindan nega Makron bilan gaplashmay qo‘ygani haqida so‘radi.
«Ha, Makron bilan yaxshi munosabatda edik, u bilan yaxshi ishchi munosabatda bo‘lganmiz. Agar muloqotni davom ettirish xohishi bo‘lsa, men tayyorman. Janob Makron biz bilan muloqot qilishni istamayapti, bu bilan «o‘lib qolganimiz yo‘q», qiladigan ishlarimiz ko‘p. O‘sha gap, agar muloqotga istak bo‘lsa, men tayyorman. Aloqalarni men emas, ular uzishdi. Men Fransiyaga borganman, Makron Rossiyaga kelgan, oramizda hech qanday muammo yo‘q», dedi bunga javoban RF prezidenti.
Magadanlik 22 yoshli yigit Putinga savol berar ekan, unga saylovda g‘olib bo‘lishini tiladi. «Esimni taniganimdan beri siz hukumat tepasidasiz», dedi yigit. U sayohat uchun qo‘shimcha imtiyozlar so‘radi. Putin esa unga uylanib farzandli bo‘lishni, yosh bolalilar uchun juda ko‘p imtiyozlar borligini ta’kidladi.
Rossiya prezidentidan mamlakat avtomobil bozori 60 foizga Xitoy mashinalari tomonidan egallangani, «AvtoVAZ» nega narxlarni oshirib yuborgani haqida so‘rashdi. Putin mahalliy mashinalar narxi oshganini Yevropa, Yaponiya va Janubiy Koreya mashinalari chiqib ketgani bilan bog‘ladi. Uning fikricha, mahalliy mashina ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish kerak.
Putindan Moldova MDHdan chiqmoqchiligi, Armaniston bosh vaziri Pashinyan bu tashkilotning barcha yig‘ilishlarini rad etayotgani tashkilot obro‘siga qanday ta’sir qilishini so‘rashdi.
«Moldova yaqin-yaqingacha Yevropaning eng qashshoq davlati edi. Hozir Ukraina bu faxrli nomni o‘ziniki qilib oldi. Moldova energiya mahsulotlarni bizdan past narxda olib kelayotgandi. Ammo ular MDHdan chiqishni xohlashsa, marhamat, bu davlat rahbariyatining xohishi. Ular o‘zi ishlab chiqarayotgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan qayergacha borishadi? Mana, Ukrainani ko‘ring, ittifoqchimiz deyotganlar ukrain qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mamlakatlariga kiritishmayapti.
Armanistonga keladigan bo‘lsa, Pashinyanning MDH yig‘ilishlarida ishtirok etmagani mamlakatdagi voqealar bilan bog‘liq, har holda bizga ma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra shunday. Ya’ni, bu bosh vazirning xohishi bilan bog‘liq emas. Ko‘ramiz vaziyat qanday bo‘larkan», dedi u.
Putinga kichik bir qizaloq sun’iy intellekt haqida savol berdi, shuningdek, uning qiyofadoshi haqida so‘rab, ovozi bilan gapirgan sun’iy intellekt yasagan qiyofadoshining videosini qo‘yib berishdi.
«Alina, anig‘i shuki, buvilarni almashtirib bo‘lmaydi, ularning o‘rnini hech kim egallay olmaydi. Bir tanishim aytganidek, menga o‘xshab, mening ovozimda gapirishga faqat mening haqqim bor. Bu mening birinchi qiyofadoshim», dedi Putin hazil bilan.
Rossiya prezidenti bilan muloqot 4 soatdan ortiq davom etdi.
Mavzuga oid
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
07:50
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
14:14 / 23.12.2024