O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh Erondagi yadroviy obektlarga zarba berdi

AQSh aviatsiyasi Erondagi uchta yadroviy obekt — Fordo, Natanz va Isfahonga hujum uyushtirdi. Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Fordodagi asosiy obektga «yuklangan barcha bombalar tashlangan».

«Biz Erondagi uchta yadroviy obektga juda muvaffaqiyatli hujumimizni yakunladik», – deyiladi Amerika prezidenti postida. Keyingi postida Tramp bu AQSh, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy palla ekanini bildirgan. «Endi Eron urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi lozim», – degan u.

AQSh harbiylari Fordodagi yadroviy obektga bunkerga qarshi 6 ta bomba tashlagan, shuningdek, Isfahon va Natanzdagi obektlar bo‘ylab Tomahawk rusumli 30 raketa uchirgan. Ko‘p o‘tmay Eron tomoni Fordo, Natanz va Isfahondagi obektlarga hujum qilinganini tasdiqladi. Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abediniy Eron «jiddiy zarar ko‘rmagani, chunki materiallar allaqachon olib chiqib ketilgani»ni ta’kidlagan.

Eronga berilgan zarba atrofidagi voqealar

AQSh 22 iyun kuni Eronning yadroviy obektlariga B-2 bombardimonchilari bilan qilingan hujum operatsiyasi «Midnight Hammer» - "Tungi bolg‘a" deb nomlanib, 75 ta yuqori aniqlikdagi bomba, jumladan, 14 ta GBU-57 ishlatilgan. Harbiylarga ko‘ra, samolyotlar AQShdan ko‘tarilib, 18 soat deganda Eronga yetib kelgan.

Tramp xalq oldida chiqish qilib, bu hujumni «hayratomuz harbiy muvaffaqiyat» deb atadi. U Eronni yadro tahdididan qaytarish maqsadini bildirdi. Biroq Pentagon rahbari bu zarbalar rejim almashtirishga qaratilmaganini, obektlar yakson qilinmaganini, ammo jiddiy zarar yetganini ma’lum qildi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bu hujumni xalqaro huquq buzilishi deb baholadi va Isroilga 40 dan ortiq raketa bilan javob berdi. Kamida 11 kishi jarohat oldi. AQSh yaqin 48 soat ichida Erondan qasos zarbasi berilishini kutmoqda.

Shuningdek, Eron yadro dasturini davom ettirishini bildirgan. Xususan, Eron tomoni va sun’iy yo‘ldosh rasmlariga tayanilsa, Fordodagi yadro materiallari hujumdan oldin ko‘chirilgan.

AQSh Kongressida esa Trampning ruxsatsiz urush harakati keskin bahsga sabab bo‘ldi. Demokratlar bu Konstitutsiyaga zid ekanini aytmoqda, ba’zi respublikachilar esa Tramp qarorini qo‘llab-quvvatladi.