YouTube’da «kommentlar»ni pauzaga qo‘yish

YouTube foydalanuvchilarga o‘z videolariga izoh qoldirishni vaqtincha to‘xtatib turish imkonini beruvchi yangilanishni chiqardi. Kompaniyaning fikricha, bu blogerlarga kontent ustidan ko‘proq nazorat o‘rnatish va sharhlarni moderatsiya qilishga kamroq chalg‘ish imkonini beradi.

O‘zgarishdan oldin YouTube foydalanuvchilari sharhlarni saqlab qo‘yishi va e’lon qilishdan oldin tekshirishi yoki sharhlar bo‘limini butunlay yopib qo‘yishi, shuningdek, izohlarni avtomatik ravishda e’lon qilish ham mumkin edi.

Yangilanishda ba’zi funksiyalar nomi o‘zgartirildi: «Nazoratni kuchaytirish» va «Ehtimoliy nomaqbul izohlarni ko‘rib chiqish uchun qoldirish» kabi variantlar endi yo‘q. Hozir quyidagi variantlar mavjud: «Yoqish», «O‘chirish» va «To‘xtatib turish».

iPhone’da yangi xavfsizlik funksiyasi

Apple kompaniyasi iPhone uchun yangi xavfsizlik sozlamalarini ishga tushiradi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

IOS 17.3'ning beta versiyasida “o‘g‘irlangan qurilma himoyasi”(Stolen Device Protection) funksiyasi sinov tariqasida ishlatib ko‘rilgan. Bunda qurilma o‘g‘irlansa, o‘g‘rilar telefon egasining shaxsiy ma’lumotlariga, jumladan, uning to‘lov ma’lumotlariga hamda iCloud’da saqlangan surat va videolarga kira olmaydi.

«Quyosh» minora

Iordaniya va Qatar universitetlari olimlar guruhi balandligi taxminan 200 metr bo‘lgan «quyosh» minorasini modellashtirishdi. Minoradagi vertikal yo‘naltirilgan turbinalar havo oqimlarini yuqoriga va pastga harakatlantiradi, bu esa qurilmaning 24/7 rejimida ishlashiga imkoniyat beradi.