Matnga qarab rostakam video yasab beradigan Sora

ChatGPT va Dall-e kabi neyrotarmoqlarni yaratgan OpenAIʼning yangi sun’iy intellekti bilan endi bemalol kino ham ishlasa bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, Sora deb nomlangan neyrotarmoq modeli oddiy matnni yuqori sifatli roliklarga aylantirib bera oladi. Hozircha u bilan bir daqiqagacha bo‘lgan video generatsiya qilish mumkin.

Sora obektlarning fizik xossalari va bir-biriga o‘zaro bog‘liqligini hisobga oladi, shu sababli tabiiy animatsiyali rostakam videolar yarata oladi. Bundan tashqari, mavjud videodagi bo‘sh kadrlarni to‘ldirib, uning davomiyligini ham uzaytirib beradi.

Ayni paytda neyrotarmoq sinov bosqichida va hozircha omma e’tiboriga havola etilmagan. Biroq uni allaqachon rassomlar, dizaynerlar va rejissyorlar sinovdan o‘tkazmoqda. 

Dubayda uchar taksi xizmati

Amerikaning ixcham samolyotlar ishlab chiqaruvchi Joby Aviation kompaniyasi Dubayda havo taksisini ishga tushirish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Ushbu xizmat 2026 yilgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Joby Aviation

Qayd etilishicha, birinchi bosqichda 4 ta vertiport ochiladi: shahar aeroporti, Palm-Jumeyra, Dubay Marina va shahar markazida. Uchar taksi xizmati ishga tushirilgach, Palm-Jumeyradan aeroportgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 45 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqarishi mumkin.

iPhone 16 beshta versiyada chiqishi mumkin

Majin Bu taxallusi ostida yashiringan taniqli Apple insayderi yangi avlod iPhone smartfonlari haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bir vaqtning o‘zida iPhone 16 liniyasining beshta modelini tayyorlamoqda.