09:51 / 20.12.2023
2540

O‘zbekistonda Xitoyning «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyasi joriy etilishi mumkin

Farg‘ona viloyat delegatsiyasi Xitoyning «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyasini joriy etish bo‘yicha tajribasini o‘rganmoqda.

Foto: Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati

Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alibek Tursunov boshchiligidagi soha mas’ullari hamda klasterlar rahbarlaridan iborat Farg‘ona viloyati delegatsiyasi amaliy safar bilan Xitoyga bordi.

Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, safardan maqsad qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan iborat.

6 kunlik tashrif davomida delegatsiyasi a’zolari Pekin va Chendu shaharlarida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi sohasida, shu jumladan, sohada suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritishda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yirik kompaniyalarning tajribalarni joyida o‘rganyapti hamda hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib boryapti.

Shuningdek, Xitoyning qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida eng yirik muassasalaridan biri – Pekin qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik akademiyasi qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib, Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ish olib boradi.

Tashrif davomida shuningdek, Xitoyning qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalarini borib ko‘rish hamda bunday texnikalarni Farg‘ona viloyatida yig‘ish va servis xizmatini joriy etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Top