O‘zbekiston | 11:03 / 21.12.2023
21972
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim iste’molchilar uchun elektr va tabiiy gazga 100 foiz oldindan to‘lov tizimi joriy etilishi mumkin 

Tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov qilmagan yuridik iste’molchilarga hisob-kitob yetkazib berilgan gaz qiymatiga nisbatan 1,4 koeffitsiyentda hamda ta’minot korxonasiga oldindan to‘lovsiz yetkazib berilgan tabiiy gaz qiymatiga nisbatan 10 foiz miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash tizimi joriy etiladi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish ta’minlash hamda to‘lov intizomini mustahkamlashni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Belgilanishicha:

a) quyidagi obektlarga ham tashqi reklama obektlari uchun belgilangan oshirilgan koeffitsiyent qo‘llanadi:

ochiq maydonlarda joylashtirilgan maxsus, vaqtinchalik yoki statsionar inshootlarga, shuningdek, binolar, inshootlarning tashqi yuzalariga, devorlarga, tomlarga, panjaralarga, ko‘cha jihozlari elementlariga, ko‘chalar va yo‘llarning qatnov qismida, avtomobil yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) joylashtirilgan video-ekranlar, elektron displeylar, media fasad, grafik, matnli yoki boshqa reklama ko‘rinishidagi ma’lumotlarni (bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida) aks ettiruvchi, shuningdek, restoran, kafe, bar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan yon-atrofidagi daraxtlarga, konstruksiyalarga osilgan illyuminatsion va svetodiodli lampalar shodasi.

Bunda reklama obektiga sarflanadigan elektr energiyasining hisobini alohida o‘rnatilgan elektr hisoblagich orqali amalga oshiriladi;

b) elektr tarmoqlariga ulanish uchun elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) mos keladigan hisobga olish asboblari o‘rnatish ishlari 2024 yil 1 yanvardan boshlab yuridik iste’molchilarning va 2024 yil 1 apreldan boshlab maishiy iste’molchilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

v) 2024 yil 1 yanvardan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov tizimi joriy etiladi;

g) yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarasiz va behuda foydalanganlik uchun qo‘llanadigan iqtisodiy jarimalar qo‘llash tizimini takomillashtiriladi;

d) 2024 yil 1 yanvardan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov qilmagan yuridik iste’molchilarga hisob-kitob yetkazib berilgan gaz qiymatiga nisbatan 1,4 koyeffisentda hamda ta’minot korxonasiga oldindan to‘lovsiz yetkazib berilgan tabiiy gaz qiymatiga nisbatan 10 foiz miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid