Jahon | 09:13 / 23.12.2023
6839
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya AQShga Patriot uchun o‘q-dorilar yetkazib berish niyatida

Yaponiya tomonidan yetkazib berish evaziga Amerikaning zenit o‘q-dorilari zaxiralari to‘ldiriladi, deb xabar berdi Oq uy. Bu Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berishni davom ettirish imkonini beradi.

Foto: Kyodo/IMAGO

Yaponiya Qo‘shma Shtatlarga Patriot havo mudofaa tizimi uchun zenit o‘q-dorilarini yetkazib berishni boshlashga tayyor, deb xabar berdi Oq uy 22 dekabr, juma kuni. Amerika ma’muriyati ta’kidlaganidek, rejalashtirilgan yetkazib berish tufayli Amerikada bunday o‘q-dorilarning zaxiralari yana to‘liq to‘ldiriladi.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, Patriot o‘q-dorilarini Yaponiyadan yetkazib berish to‘g‘risidagi qaror butun Hind-Tinch okeani mintaqasi xavfsizligini mustahkamlaydi va AQSh harbiylariga Yaponiya tomoni bilan yaqin hamkorlikda «tiyib turish kuchlarini yanada kuchaytirish va javob berish qobiliyatini saqlab qolishga» yordam beradi. 

Shu bilan birga, Amerikaning The New York Times nashri yozganidek, yapon tomoni Yaponiyada ishlab chiqarilgan va Hind-Tinch okeani mintaqasida foydalanish uchun mo‘ljallangan zenit o‘q-dorilarini Ukrainaga yoki boshqa mojaro hududlariga bevosita yetkazib berilmasligi shartini qo‘ydi. Biroq, ular Ukrainaga harbiy yordam sifatida Patriot havo mudofaa tizimlari va tegishli o‘q-dorilarni yetkazib berish natijasida yaratilgan AQSh zaxiralaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun ishlatilishi mumkin. Yaponiya ta’minoti Qo‘shma Shtatlarga Ukrainaga zenit raketalarini yuborishni davom ettirish imkonini berishi mumkin, deya ta’kidlaydi NYT. 

Amerikaning Ukrainaga harbiy yordami 

18 dekabr kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Qo‘shma Shtatlar yil oxirigacha Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketini jo‘natmoqchi ekanini, biroq keyingi ta’minot so‘roq ostida qolayotganini aytdi. U hozirda Vashingtonning Kiyevga harbiy yordami uchun aniq qancha mablag‘ borligiga aniqlik kiritmadi. Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) hisob-kitobiga ko‘ra, 2022 yil fevralida Ukraina urushi boshlanganidan beri Vashington Kiyevga 43,8 milliard dollar harbiy yordam ko‘rsatgan. 

AQSh Kongressi Kiyevga yordam uchun keyingi moliyalashtirishni ma’qullamadi 

Oktyabr oyida AQSh prezidenti Jozef Bayden Kongressga Ukraina, Isroil va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi operatsiyalarni favqulodda moliyalashtirish uchun 106 milliard dollarlik so‘rov yuborgan. Qonun chiqaruvchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisha olmadi. Dekabr oyi o‘rtalarida Oq uy rahbari Kiyevga 200 million dollar miqdorida harbiy yordamning yangi paketini ajratishni ma’qullagan edi. Shu bilan birga, AQSh Kongressi yanvargacha Ukrainaga yordam berish masalasiga qaytmaydi. 

Mavzuga oid