Jamiyat | 10:56 / 05.01.2024
28701
3 daqiqa o‘qiladi

Tish plombalari sifatini aniqlashning oddiy usullari

Yuqori sifatli tish qoplamasi o‘rnatilgan yoki yo‘qligini qator belgilar bilan aniqlash mumkin. Qoplamalar sifatini bir necha parametrlar bo‘yicha baholash imkoni mavjud.

Birinchi belgi teginib ko‘rish orqali baholanadi. Agar plomba o‘rnatilgandan bir necha hafta o‘tgach, inson tili bilan plomba va tish o‘rtasidagi “chegara”ni his qilsa, bu plomba tayyorlangan material yomon yopishqoq xususiyatlarga ega ekanligini anglatadi. Ya’ni u tish to‘qimalariga yaxshi yopishmaydi. Buning oqibatida bakteriyalar tish to‘qimalari orasiga kirib boradi, so‘ngra plomba ostida kariyes shakllanadi.

Buning xavfli tomoni shundaki, bunday plomba ostida tishlarning parchalanishi e’tiborga olinmaydi. Plomba tish vayron bo‘lgunga qadar yoki uning atrofidagi to‘qimalarning shishishi paydo bo‘lguncha ostidagi bakteriyalarning zararli faoliyatini berkitib turadi va ular ko‘zga tashlanmaydi. Bu esa kasallikning erta oldini olish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.

Ikkinchidan, plomba moddasi bilan qoplangan old tishlarga e’tibor qilish kerak. Bu yerda plomba rangining juda tez o‘zgarishiga e’tibor berish mumkin – bir qarashdayoq tish va qoplama ranggi ikki xilligi sezilib qoladi. Plomba darhol tish to‘qimalarining fonida qorong‘i nuqta sifatida ajralib chiqa boshlaydi. Bu sifat buzilishining ikkita sababi bor: plomba moddasining rangini tanlashda shifokorning xatosi va sifatsiz material.

Past sifatli plombaning yana bir belgisi - juda tez eskirishidir. Bunday holda, qoplangan tish to‘qimalari ochiladi va plomba o‘zining asosiy funksiyasini bajarishni to‘xtatadi, shikastlangan tish to‘qimalarini qoplamaydi, bakteriyalar darhol ularga kirib, kariyes hosil qiladi.

Agar plomba o‘rnatilgandan keyin ko‘p o‘tmay tushib ketsa, demak u qoplama qo‘yishdan oldin ishlov berilgan quritilgan yuzaga emas, balki nam sirtga qo‘llanilgan. Agar siz darhol shifokorga murojaat qilsangiz, hech qanday ziyonsiz tishni qayta plombalash mumkin bo‘ladi. Aks holda, tish tezda zararlanadi. Chunki tish to‘qimalari qancha vaqt ochiq qolsa, shuncha ko‘p yemirilib ketadi.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.

Mavzuga oid