“Osmondagi musaffolik endi yo‘q” - faollar havoning ifloslanishi haqida
Toshkent ekologiyasi bugun har qachongidanda og‘ir ahvolda. Oxirgi vaqtlarda ko‘m-ko‘k moviy osmonni, oppoq bulutlarni ko‘rmay qo‘ydik. Ayniqsa qish oylarida osmonni doim tumanga o‘xshash rutubat qoplab turadi. Biz jamoatchilik faollarining bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.
Abror Zohidov, jurnalist (Toshkentda yashaydi):
— Havo ifloslanishidan juda qattiq ta’sirlanganim yo‘q, faqat bir narsada sezilyapti, ya’ni uyquga to‘ymay qolish bo‘lyapti, bunga sabab yetarli kislorod bo‘lmasligi hisoblanadi. Boshqa tomonlardan hali bilingani yo‘q o‘zimda. Ko‘proq jamoat transportidan foydalanaman, piyoda yurishga harakat qilaman.
Toshkent havosi ifloslanishiga ko‘p sabablar ilgari surilyapti, umuman, bir narsa aniqki, rostdan ham Toshkent havosi ifloslashgan. Qurilishlar sabab deyilgandi, ammo bu ilmiy tasdig‘ini topmadi, bu emas ekan, yomg‘irlardan so‘ng ham havo toza bo‘lib qolgani yo‘q. Ya’ni ifloslanishda chang asosiy muammo emas. Ishlab chiqarish, zavodlar omili ham keltiriladi, ammo Toshkent u qadar sanoatlashgan shahar emas, shuning uchun bu ham asosiy sabab bo‘lolmaydi. Menimcha, eng asosiy sabab avtomobillarning haddan ortiq ko‘payib ketayotgani va ulardagi sifatsiz yoqilg‘ilar. Chunki Toshkentning barcha nuqtasida avtomobillar bor.
Birinchi navbatda keskin choralarga tayyor bo‘lishimiz kerak endi. Toshkent havosi iflos bo‘lib ketdi deb dod-voy qilib, lekin o‘zimiz mashinamizda yana havoni ifloslantirib yuraversak, hech narsa o‘zgarmaydi.
Yashil texnologiyalarga o‘tish, elektromobillarga katta subsidiyalar ajratish kerak. Yoqilg‘i sifatini nazorat qilish va chetdan sifatli yoqilg‘i kirib kelishiga imkon yaratish lozim.
Elmurod Ermatov, jurnalist (Andijon):
— Toshkentda havo ifloslanishi bizni ham xavotirga solmoqda. Bizda havo yaxshi, ammo bilamizki, har qanday yangilik, innovatsiyalar markazdan boshqa joylarga ham tarqaladi. Qo‘shtirnoq ichidagi innovatsiya bo‘lmish havo ifloslanishi ham viloyatlarga yetib kelmaydi, degan umiddamiz.
O‘tgan yili Andijonning eng daraxtlari ko‘p bo‘lmish Xonobod shahrida tekshiruv o‘tkazilgan edi. Unga ko‘ra, ifloslanish darajasi nolga teng bo‘lgandi, ya’ni havo toza. Bu ham bo‘lsa, daraxtlarning ko‘pligidan. Shundan ko‘rinadiki, daraxt ko‘p bo‘lishi kerak. Toshkentda esa tabiat ayovsiz «zo‘rlandi». Odamlar o‘zlari «ona tabiat» deb ataydigan tabiatni o‘ldiryapti.
Oxirgi 10 yillikda Andijonda ham avvalgidek tiniq, bulutli osmonni ko‘rmaymiz, tumanga o‘xshash rutubatli havo osmonni qoplab turadi. Osmonda turnalar uchmay qo‘ydi, oqar suv va zovurlarda baqalar ham yo‘qoldi, chunki ular toza suvda bo‘ladi. Havodan tashqari suvlarimiz ham ifloslanib ketgan.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist (Samarqand):
— Toshkentdagidek surunkali bo‘lmasa ham, Samarqandda ham havo buzilishi bor. Changli bo‘ronlar paytida havoda chang paydo bo‘lib qoladi, ammo tezda tarqaydi bu. Shahar joylashuvi ham shamol yo‘lidan chetda qurilgan, chang bo‘ronlari to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Toshkentdagi ahvol achinarli albatta. So‘nggi vaqtlarda ko‘p chiqishlarni ko‘ryapmiz, takliflar berilyapti, endi mutasaddilar shu takliflarga quloq solib, amaliyotga tatbiq qilish kerak. Toshkent 1-2 yildan beri havosi eng iflos shaharlar reytingida yuqori 10 talikda tez-tez paydo bo‘lyapti, bu achinarli. Agar kerakli choralar ko‘rilmasa, Toshkent bu ro‘yxat yuqorisida doimiy bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, bu iflos havo inson omilidan tashqari cho‘l hududlardagi changlar yopirilishi hisobiga ham ortmoqda. Tog‘lar bilan o‘ralgan Toshkent changlar aylanib qoladigan qopqon hudud bo‘lib qolgan. Shuning uchun Navoiydagi, Qozog‘istondagi cho‘llarga xuddi Orol dengizi o‘rnida ekilgani kabi saksovul ekish kerak, degan taklif ham bo‘ldi Erkin Abdulahadov tomonidan. Juda yaxshi taklif deb o‘ylayman. Masalan, Termiz shahrida ham shunday changli havo ko‘p bo‘ladi, hatto samolyotlar qo‘nolmaydigan holatlar bo‘lyapti. Termizga yopiriladigan afg‘on shamoli changi ham Turkmaniston hududida shakllanar ekan. Termiz ham Toshkent kabi tog‘lar o‘rtasidagi qopqonda qolgan. Ya’ni bu chang masalasini ayni bir hududda hal qilib bo‘lmaydi, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston birgalikda yechim qilishi kerak. So‘l hududlarida tuproq ko‘chishining oldini olish kerak. Jamoatchilik chiqishi, mahalliy mutasaddilar emas, balki yuqori darajada, davlatlararo chora ko‘rilishi kerak.
Rasul Kusherbayev, ekologiya vazirining maslahatchisi:
— Shu holatga yetib kelishga asosiy omillardan biri mavjud qonunchilikka amal qilinmagani deb o‘ylayman. Amaldagi qonunchilikda ham ekologiya borasida juda ko‘p me’yorlar belgilangan, nazorat funksiyalari ko‘rsatilgan. Biroq bu ishlarni amalga oshirish mas’ul amaldorlarning kayfiyati, individual yondashuviga bog‘liq bo‘lib qolgan. Ekologiya sohasidagi mas’ullar boshqa ishlar bilan shug‘ullanishi, boshqa vazifalarni bajarishga jalb qilinishi oqibatida shu muammolar kelib chiqdi.
Ekologiya borasida, atmosfera havosini himoya qilish borasida bir qator talablar bor. Lekin yirik-yirik korxonalar ham atmosferaga me’yoridan ortiq chiqindi chiqaryapti yoki yashirincha chiqarishadi. Bu esa, albatta, ekologik muammolarga sabab bo‘ladi.
Aholini qulay infratuzilma bilan ta’minlash, energetika sohalarida muammolar saqlanib qolayotgani ham atmosfera ifloslanishiga sabab bo‘lyapti. Chunki aholi turli qo‘lbola muqobil vositalardan foydalanishga majbur bo‘lyapti.
To‘g‘risini aytsam, Toshkent havosi endi toza bo‘lishiga ishonmayman. Lekin bundan ham battar bo‘lmasligi uchun harakat qilish mumkin. Yirik zavodlar, ishlab chiqarish korxonalaridan chiqayotgan chiqindilarni, avtomobillardan chiqayotgan gazlarni kamaytirish kerak. Mavjud yashil hududlarni saqlab qolgan holda, yanada yashillikni ko‘paytirish lozim. Ammo biz bor yashillikdan ham mahrum bo‘lib bormoqdamiz. Asosiy ustuvorlik biznesdan foyda olish bo‘lib qolmoqda, shuni o‘zgartirib, daraxtlarni saqlab qololsak, balki ijobiy o‘zgarishlar ham bo‘lar.
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024
Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi
15:44 / 21.11.2024