Jahon | 23:31 / 10.01.2024
13972
4 daqiqa o‘qiladi

Husiylar Qizil dengizda eng katta hujumni amalga oshirishga urindi 

Britaniya va AQSh harbiy-dengiz kuchlari Qizil dengizda husiylarning shu kungacha bo‘lgan eng yirik hujumini qaytardi. Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shapps ma’lum qildi. Ikki davlat kuchlari dengiz savdo yo‘llari bo‘ylab Yamandan otilgan 20 dan ortiq dron va raketalarni urib tushirgan. 

Foto: AFP

AQSh va Britaniya qo‘mondonlarining qo‘shma bayonotida aytilishicha, hujum o‘nlab xalqaro savdo kemalari suzib yuradigan Qizil dengiz janubiga qaratilgan. Kemalardan hech biriga zarar yetmagan

AQSh harbiy-dengiz kuchlari hujum qanotli va ballistik raketalardan foydalangan holda uyushtirilganini ta’kidladi, bu husiylarning turli xil qurollarga ega ekanini ko‘rsatadi. 

Zarbani qaytarishda uchta esminets ishtirok etdi, shuningdek, Amerikaning F-18 qiruvchi samolyotlari ham havoga ko‘tarildi. 

Qo‘shma Shtatlar va boshqa mamlakatlar Qizil dengizda ko‘pmillatli dastur bo‘lgan «Farovonlik qo‘riqchisi» operatsiyasi doirasida bir nechta kemalarga ega. Koalitsiya tarkibiga 20 dan ortiq davlat kiradi. Ular dunyoning eng muhim suv yo‘llaridan birida yuk tashish jarayonini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. 

Isyonchi husiylar Yamanning katta qismini nazorat qiladi, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va Isroil, AQSh va Saudiya Arabistonini o‘ziga dushman deb biladi. 

Ular hujumlarni HAMAS bilan birdamlikda amalga oshirayotgani va Isroil G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini tugatmaguncha davom etishlarini aytmoqda. 

2023 yil noyabr oyidan buyon ular Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi asosiy savdo yo‘li bo‘lmish Bob al-Mandib bo‘g‘ozida savdo kemalariga hujum qilmoqda. Bu xalqaro yuk tashish va global savdo izdan chiqishiga olib keldi. 

Ular Isroil savdo flotini nishonga olganini da’vo qilsa-da, Isroilga aloqasi bo‘lmagan kemalar ham o‘qqa tutilmoqda.

Mintaqadagi yangi urushmi?

Hujumni qaytarishda Britaniyaning Diamond esminetsi ham qatnashgan
Foto: UK MINISTRY OF DEFENCE

Husiylar tomonidan Qizil dengizning blokadasi Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushning mintaqadagi eng og‘ir oqibatidir. Vashington boshqa Yaqin Sharq davlatlari ham mojaroga tortilishi mumkinligidan xavotirda. 

Buning oldini olish uchun AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o‘tgan hafta oxirida Saudiya Arabistoni, BAA, Iordaniya, Qatar va Isroilda bo‘ldi. Arab davlatlari Qo‘shma Shtatlardan Isroilni jilovlash uchun qat’iy choralarni kutmoqda, aks holda ular mojaroga aralashmasligini kafolatlamaydi. 

Ayni paytda Vashington Isroilning terrorizmdan o‘zini himoya qilishga to‘liq huquqi borligini bir necha bor ta’kidlagan va, aftidan, harbiy amaliyotlarni to‘xtatishni talab qilmoqchi emas. 

Tel-Avivga tashrifi chog‘ida Entoni Blinken Isroilni G‘azo sektorida tinch aholi qurbonlari sonini kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi va asosiy e’tiborni urushdan keyingi sektor kelajagi va Falastin davlatini yaratish yo‘lidagi mumkin bo‘lgan qadamlarni muhokama qilishga qaratdi. U aynan shu masalalarni Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan ham muhokama qilgan. 

Abbosning G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishi kutilgandi, biroq hozircha muzokaralar doirasida bunday bayonot e’lon qilinmadi. 

Blinken Isroilning arab qo‘shnilari va Falastinni urushdan keyingi G‘azo sektoridagi hayotning bir qismi bo‘lishni istasa, konstruktiv muloqotga chaqirdi.

Ko‘pgina tahlilchilarga ko‘ra, bu Yaqin Sharq rahbarlarining AQSh Davlat kotibidan kutgan bayonotlar emas. Ammo uning mintaqa bo‘ylab safari hali tugamagan, Blinken Ramallohga tashrifidan so‘ng Bahraynga, keyin esa Misrga boradi. 

Mavzuga oid